MEHNAT VA ISHONCH (10/2011)

Daryoda bir qayiqchi bor ekan. Uning ishi daryodan o‘ta olmagan yo‘lovchilarni u sohildan bu sohilga o‘tkazib qo‘yish ekan. Bu qayiqchining eshkaklaridan biriga “Ishonch”, ikkinchisiga esa “Mehnat” deb yozilgan edi. Albatta, qayiqqa chiqqan yo‘lovchilar bu yozuvga qiziqishardi. Qayiqchi ularga shunday javob berardi: “Daryodan 

Qayiq

o‘tish uchun ikki eshkakka ham zarurat bor. Mehnat qilmasdan nimagadir erishishiga ishonish yoki qattiq ishonib mehnat qilmaslik hech qanday samara bermaydi. Ikkisidan birining yo‘qligi birgina eshkak bilan qayiqni yurg‘izishga o‘xshaydi. Bu holda qayiq faqat bir joyda aylanaveradi, manzilga aslo yeta olmaydi. Muvaffaqiyatga erishishda, albatta, ishonchga ham, mehnatga ham  ehtiyoj bor. Bo‘lmasa, bir joydan hech qayerga qimirlay olmaymiz.”

Yuqoridagi hikoyatda garchi gap to‘liq aytib bo‘lingan bo‘lsa-da, fikrimizni batafsilroq bayon qilish maqsadida buni abituriyentlar  hayotida qanday aks etishini bir tahlil qilib ko‘raylik. 

Masalan, kirish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlar orasida faqat ishonch bilan harakat qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Lekin garchi imtihoniga juda oz vaqt qolgan bo‘lsa-da, 36 ta savoldan 8-10 tasini zo‘rg‘a yecha olishadi-da, keyingi yilgi tayyorgarlik haqida gapirsangiz, qabul qilisha olmaydi. Ammo 9 oy davomida biror marta ishonchlarini yo‘qotishmaydi. Afsuski, faqat ishonchning o‘zi  hech narsa qilib bera olmaydi. Bundaylar orasidan qandaydir tasodif sababli mingtadan bittasining omadi chopib qolishi mumkin. Lekin hamma ham ming kishidan biri   bo‘la olmaydi. 

Boshqa toifadagi abituriyentlar ham borki, ularning bilimi ancha yuqori bo‘lishiga qaramay, o‘z kuchlariga ishona olishmaydi. Nazorat sinovlarida 30 tadan ko‘p test yechishadi. Orada hali imtihonlargacha  2 oy vaqt bor,  bu ko‘rsatkichni bemalol 35 yoki 36 ga chiqarish mumkin, ammo  ko‘ngillarida g‘ashlik bor. “Kira olmasamchi?” degan shubha ich-etini yeydi, juda qattiq siqilishadi. Oqibatda, o‘zlarini psixologik ravishda kira olmaslikka tayyorlashadi. Ularga atrofidagilar havas bilan qarashadi. Ular bilan bitta yo‘nalishga topshirmaslikka harakat qilishadi. Lekin faqat ishonch yoki mehnat asosida tayyorgarlik ko‘rayotganlar nimadandir doimo hayiqishadi. Albatta, bu kirish imtihonlari paytida ularga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Natija esa kutilganidek bo‘lmaydi. 

Endi boshqa yana bir toifadagi abituriyentlar ham bor. Ular mehnat ham qilishadi, natijaga erishishlariga ham ishonishadi. Albatta, bunday ishonch va mehnat ularni eng cho‘qqiga olib chiqadi. Ular imtihonga kirayotganda qanday bo‘lmasin oliy o‘quv yurtiga kirishni emas, balki  birinchi yoki yuqori o‘rinda kirishni rejalashtirishadi.

Ba’zi adabiyotlarda gohida o‘zaro tortishuvlarga duch kelib qolamiz.  Masalan, bir taraf “muvaffaqiyat ko‘proq mehnatga bog‘liq, qobiliyatga esa kam  bog‘liq”,- desa, ikkinchi taraf  “nega unda shuncha mehnat qilgan bilan chumoli natijaga erishmayapti”,- deb javob berishadi.

Nazarimizda ikkinchi fikrni ilgari surayotganlarning gapida ozgina mantiqsizlik borday. Sababi chumoli ko‘pchilik  uchun mehnat qilmaydi, aksincha, u oziq-ovqat to‘plash, ya’ni yashash  uchun harakat qiladi.  

Demoqchimizki, qaysidir sohada astoydil mehnat qilgan odam garchi tug‘ma qobiliyati bo‘lmasa-da, albatta, natijaga erishadi. Buning uchun esa ishonishi va o‘shanga mos mehnat qilishi  talab qilinadi, xolos.

Mehnat yoki ishonchdan bittasining kam bo‘lishi esa muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Natijada odam “Alloh menga qobiliyat bermagan ekan”,-  deb tushkun kayfiyatdan chiqa olmasligi mumkin. 

Aslida hamma ham qobiliyatli, ularda faqat mehnat yoki ishonch kamlik qilishi mumkin. Shuning uchun ulardan ikkalasi  ham qamrab olinsa, ayni muddao bo‘ladi.   

0 ta izoh

There are no comments