TO‘SIQ (8/2011)

Muvaffaqiyat

Insonning muvaffaqiyatga erishishdagi eng katta to‘sig‘i - uning o‘zi . Bu to‘siq tushkun kayfiyatda bo‘lish yoki bajarilishi kerak bo‘lgan ishni kechiktirish orqali yujudga keladi. Aytaylik, siz daryodan kechib o‘tishingiz kerak. “Daryo meni oqizib ketmasmikan?”, “Suvi sovuq bo‘lsa kerak”, “Narigi tomonga o‘tishim shartmi?” degan fikrlar sizga to‘siq bo‘ladi.Bilingki, bu to‘siqni siz o‘zingiz yaratyapsiz. 

Uning o‘rniga kechib o‘tish yo‘llarini qidirishingiz, o‘tayotgan vaqtda esa o‘zingizni o‘ta olishingizga ishontirishingiz lozim. Shu yerda hammamizga mashhur bo‘lgan “Shrek” multfilmidan parchani eslaylik! Eshak ko‘prikdan o‘tayotganida juda qo‘rqadi. Shrek unga o‘tishi shartligini, pastga qaramasdan o‘tishi lozimligini uqtiradi. O‘ziga o‘zi “Pastga qarama”,–deb ketayotgan eshak yarim yo‘lda pastga qarab yuboradi-da, “Men pastga qaradim, endi o‘laman”,–deb umidsizlikka tushib baqira boshlaydi. 

Ko‘ryapsizmi, bu yerda eshak ko‘prikka chiqishdan oldin, tushkun kayfiyatda bo‘lib, o‘ziga o‘zi to‘siq bo‘ldi. Shrek majburlagandan keyin ham to‘siq unga baribir pand berdi. Menimcha, ushbu multfilmning davomini o‘zingiz eslasangiz kerak.

To‘siqlarni o‘zimiz yaratayotgan bo‘lsak, ulardan qanday xalos bo‘lish yoki ularga qanday yo‘liqmaslik yo‘llarini o‘ylab ko‘raylik (Albatta, optimistik tarzda fikrlab). O‘sha to‘siqdan o‘tishdan oldin eshak: “Bu yerdan mendan oldin ham yuzlab odamlar o‘tishgan, mendan keyin ham o‘tishadi”, – deb o‘ylaganida, balki o‘sha ko‘prik unga oddiy yo‘l bo‘lib ko‘rinarmidi?

Hayotda hammamizning orzularimiz ko‘rkiga aylangan va eng ko‘p xohlagan narsamiz muvaffaqiyatga erishish hisoblanadi. Dunyoda katta yutuqqa ega bo‘lganlar optimistik fikrlaydigan, yaxshilikni sevuvchi va buyuk narsalarni o‘ylaydigan odamlar orasidan chiqqan. Optimistik fikrlay boshlasangiz, fikrlashingiz vaqt o‘tishi bilan avtomatlashadi va butun xatti-harakatlaringizga ta’sirini o‘tkaza boshlaydi. Optimistik fikrlaydiganlar inson boshiga kelishi mumkin bo‘lgan har xil balo-qazo va ofatlar oldida ojiz qolishmaydi. 

Dunyoda juda mashhur mulohaza mavjud: stakanning yarmi bo‘shmi yoki yarmi to‘lami? Bu fikrlayotgan odamning dunyoqarashiga bog‘liq. Optimistik fikrlaydigan odamlar yarmi to‘la ekan deb xursand bo‘lishsa, har narsadan kamchilik topadigan, dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘ringan odamlar esa yarmi bo‘sh ekan deb g‘alayon ko‘tarishadi. Dunyoqarash va fikrlash inson xulq-atvoridan farqli ravishda o‘zgartirilishi mumkin va bu juda oddiy. Atrofda bo‘layotgan har qanday voqeadan ijobiy xulosa chiqaring, uning yaxshi jihatlarini ko‘ring, shunda hamma ishingiz yaxshi bo‘ladi. 

Masalan, juda ko‘p ishlatiladigan “gulning tikani bor” jumlasini “tikanlar ichida shunday chiroyli gullar ham bor ekan” jumlasiga almashtiring. Shubhasiz, bu sizning ishingizda o‘zining ta’sirini ko‘rsatadi va hayotdan zavq olib yashaysiz.

Mahmudjon YUSUFJANOV

0 ta izoh

There are no comments