MURABBIY(7/2011)

Insonlarning muallim bo‘lgani juda ko‘p, lekin murabbiy bo‘lganlar juda kam.

Inson doimo o‘zining dardiga sherik bo‘ladigan, og‘ir kunlarida tirgak bo‘ladigan do‘stga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, hayot yo‘lining boshida turgan abituriyentlar uchun bunday inson juda zarur.

Hammamizga ma’lumki, futbol jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Jamoaviy o‘yin deganda, siz, 11 kishini tushunmang: unda jamoa murabbiyi, texnik direktor, jamoa psixologi va boshqa mutaxassislarning xizmati juda muhimdir.

Murabbiy

Jamoani o‘yinga ruhiy tayyorlash, taktika tanlaydigan va kerakli topshiriq va ko‘rsatmalarni beradigan odam bosh murabbiy hisobalanadi. U har bir o‘yinchining qobiliyatini, maydonning qaysi chizig‘ida yaxshiroq o‘ynay olishini, qanday kamchiligi borligini va uni qanday tuzatish mumkinligini ham biladi. Qaysi futbolchi bilan qanday tarzda mashg‘ulot o‘tkazish kerakligini tushunadi. O‘yinchilarning konsentratsiyani faqatgina futbolga qaratilishini ta’minlaydi. O‘zingiz ham sezib turibsizki, bu juda qiyin ish. Agar futbolga qiziqishingiz bo‘lsa, har bir futbol yulduzining orqasida unga mehnati singan murabbiyi borligini bilasiz. Bu murabbiylar futbolchiga mos maqsadlarni yuklashgan, uning o‘yinga bo‘lgan motivatsiyasini eng yuqori darajaga chiqara olishgan. 

Agar o‘quvchi xamir bo‘lsa, unga eng yaxshi shakl bera oladigan, uning qobiliyatlarini yaxshi baholay oladigan odam uning o‘qituvchisi bo‘ladi. Shu sababli ham uni yaxshi taniydigan, unga murabbiylik qiladigan ustozi bilan yaqin bo‘lishi juda foydali. Sizga maqsad sari intilishda, qobiliyat va imkoniyatlaringizni hisobga olib tayyorlanish rejasini tuzishda, tayyorlanish jarayoningizni nazorat qilishda ularning yordami juda katta bo‘ladi.

Imkon qadar o‘qituvchingiz bilan yaqinroq munosabatda bo‘lishga harakat qiling. Agar siz bilan alohida shug‘ullanadigan ustozingiz bo‘lmasa, kollej yoki litseydagi o‘qituvchilaringizdan biri bilan yaqin aloqani yo‘lga qo‘ying. Agar bunday imkoniyatga ham ega bo‘lmasangiz, universitetni bitirgan yoki o‘qiydigan aka - opalaringizdan yordam olishga harakat qiling.

So‘zlari, harakatlari va hatto kinoyalari bilan bo‘lsada sizga ta’sir o‘tkaza oladigan odam sizga doimo kerak.

Tajribalarga ko‘ra, ranglardan tortib musiqagacha inson ruhiyatiga va fiziologiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazar ekan. Masalan, qaysidir vaqtdagi kichik bir suhbat katta qoyalarni joyidan qo‘zg‘alishiga ham sabab bo‘lgan. Urush haqidagi filmlarda komandirning ta’sirli so‘z aytishini, undan so‘ng butun qo‘shin hamjihatlikda jangga kirganini ko‘p bor guvohi bo‘lgansiz.

Yuqoridagi misollar ba’zi insonlarning ta’siri natijasida insonning jismoniy va zehniy qobiliyatini eng yuqori darajaga olib chiqishini ko‘rsatadi.

Vaqti-vaqti bilan odam umidsizlikka tushishi, “eplay olmayman, shekilli” deydigan paytlari ham bo‘ladi. Chunki obrazli qilib aytganda, bu uzun yo‘lakli marafonda, ya’ni imtihonga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida dars tayyorlash istagi va irodamizni doimiy ravishda bir xil ushlab turish mushkul ish. To‘g‘risi, ba’zan dars tayyorlashga o‘zimizda kuch topa olmaymiz. Bu paytda bizni sergak qilib turadigan, kuchimizga kuch qo‘shadigan bir inson bo‘lishi, u muntazam ravishda tayyorgarlik jarayonini nazorat qilib turishi zarur. 

Mahmudjon YUSUFJANOV
 

0 ta izoh

There are no comments