MILITSIYA AKADEMIYASI (7/2011)

Akademiya

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Militsiya akademiyasining asosiy vazifasi ichki ishlar organlariga yuqori malakali mutaxassis ofitserlarni tayyorlash hisoblanadi. Yurtimizda Ichki ishlar vazirligi tizimiga ofitserlar tayyorlab beradigan yagona o‘quv maskani- Militsiya akademiyasidir

Ushbu o‘quv dargohi Vatanimiz xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgani sababli bu yerga kirayotgan yigit-qizlar ko‘plab bosqichlardan o‘tishadi. 

Akademiyaga hujjat tayyorlash yanvar,fevral oylarida boshlanadi. Buning uchun, avvalo, abituriyent o‘z hududidagi Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalaridan sog‘lig‘i va ijtimoiy ahvoli haqidagi ma’lumotlarni oladi. O‘z viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalaridan muvaffaqiyatli o‘tgandan keyin abituriyentlarni akademiyada salomatliklarini tekshirishadi. 

Bunday tekshiruvlardan o‘tgan abituriyentlar Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinoviga kirishadi. Test sinovi 10-iyulda bo‘lib, abituriyentlar tarix, ona tili va adabiyot hamda ingliz tili fanlaridan imtihon topshirishadi. 

O‘qishga kiradiganlar soni Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanib, u har bir viloyat uchun alohida bo‘ladi, shuning dek, har bir viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun o‘tish ballari turlicha hosil bo‘ladi. 

O‘qishga qabul qilingan abituriyentlar akademiya yotoqxonalarida istiqomat qilishadi. Kursant qizlar kam bo‘lganligi uchun ularga akademiya yotoqxonasida yoki Toshkent shahridagi istiqomat joylarida yashash imkoniyati yaratiladi. 

Akademiya kursantlari harbiy xizmatchilarga berilgan barcha imtiyozlardan foydalanishlari mumkin. 

O‘qishga qabul qilingan abituriyentlar dastlabki ikki yilda umumiy fundamental fanlar bo‘yicha ta’lim olishadi. Ikkinchi kursni tamomlash arafasida esa kursantlarga quyidagi yo‘nalishlardan birini tanlash imkoniyati beriladi:

- tergov faoliyati;

- tezkor-qidiruv faoliyati;

- profilaktika nazorati;

- ekspert-kriminalist faoliyati.

Tergov faoliyati yo‘nalishini tamomlagan kursantlar jinoyatchilarni tergov qilish ishlari bilan shug‘ullanishadi. Odatda, jinoyatchilar ayyorlik qilishga harakat qilishgani bois, bu yo‘nalish mutaxassislari psixologiyadan xabardor bo‘lishlari va mantiqiy fikrlashlari juda kuchli bo‘lishi zarur. 

Tezkor-qidiruv faoliyati yo‘nalishini bitirgan mutaxassislarning asosiy vazifalari jinoyatchining izlari orqali ularni qidirish va topish hisoblanadi. 

Profilaktika nazorati yo‘nalishini tamomlagan kadrlar hududiy militsiya bo‘linmalarida ishlashadi. Ularning asosiy vazifalari esa aholi tinchligini ta’minlashdir.

Ekspert-kriminalist faoliyati yo‘nalishini bitirganlar esa jinoyatga oid izlarni topish, ularni tahlil qilish va gumondorlarning jinoyatchi yoki jinoyatga aloqador emasligini aniqlashdir. 

Uchinchi va to‘rtinchi bosqich kursantlariga o‘zlari tanlagan yo‘nalishning ichki sir-asrorlari o‘rgatiladi. Akademiyadagi ichki ishlar tizimi xodimlariga unvon beruvchi bo‘lim tomonidan bitiruvchilarga “leytenant” unvoni beriladi va belgilangan yerga ishlash uchun yuboriladi.

 Abror OBIDOV
 

0 ta izoh

There are no comments