JAMSHIDNING ORZUSI (7/2011)

To‘g‘risi, Jamshid talaba bo‘lishga harakatni tengdoshlaridan biroz ertaroq boshladi. Sababi, uning yo‘nalishi boshqalarnikidan farq qilardi. Masalan, boshqa yo‘nalishlarga uchta fandan imtihon topshiriladi. Havodagi harakatni boshqarish fakultetiga ham uchta fandan imtihon topshirilsa-da, lekin fizika fanini matematikani bilmasdan o‘zlashtirib bo‘lmasligi hammaga ravshan. Shu sababli ham Jamshid birinchi navbatda matematika fanini o‘rganishga ahd qildi.

Birinchi yili matematika fanini o‘rganish bilan bir qatorda ingliz tilini o‘rgatuvchi markazga borishni ham kanda qilmadi. Albatta, har qanday mehnat besamar ketmaydi. Ertami-kechmi o‘z natijasini beradi. Qisqa muddat mobaynida matematikadan o‘rtacha qiyinlikdagi misollarni yecha olish bilan birga ingliz tilida so‘zlashishga ham anchagina tili kelib qoldi. 

U bilan birga matematika fanidan tayyorlanganlar test sinoviga kirganida u dam oldi. Sababi u ko‘pchilikdan farqli ravishda bir yil avval bu fanni deyarli o‘zlashtirib bo‘lgan edi. Hali uning sinoviga esa naq bir yil bor. Lekin uning guruhdoshlari test sinoviga kirgani bois u imtihon jarayoni qanday ekanligidan xabardor edi.

Vaqtni o‘tkazmay, sentabr oyidan boshlab oliy o‘quv yurti sinovlariga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Bu safar u “Navoiy” abituriyentlarni tayyorlash markazida ingliz tili, fizika, ona tili va adabiyot fanlaridan saboq ola boshladi.

Ingliz tilidan ilgari olgan bilimlari qo‘l keldi. Fizika fani biroz murakkabroq bo‘lsa-da, matematik mantiq yordamida hamma narsani o‘zlashtirsa bo‘ladi. Maqsadi talabalikka erishish bo‘lganligi sababli yo‘lidagi qiyinchiliklar unga hech qanday tashvish tug‘dirmadi.

Jamshid

“Bizning yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lganlar uchun ish topish muammo bo‘lmaydi. Ish joyimiz aniq, ya’ni aeroportlar. Bunday joylarda bilimli kadrlarga doimo ish topiladi. Faqat bizdan kasbning sir-asrorlarini puxta egallash talab qilinadi. Sababi kichik bir xato o‘nlab yo‘lovchilarning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Shu bois xatoga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ishimiz nihoyatda mas’uliyatli”, – deydi Jamshid. 

To‘g‘ri, bu kasb oson emas. Uning egasidan chuqur fikrlay olish qobiliyati taqozo qilinadi. Inson o‘tirgan joyidan osmonga ko‘tarilayotgan havo kemalarining turgan joyi, atrofidagi boshqa samolyotlarning joylashishi, bir-biriga qanchalik ta’sir ko‘rsata olishini baholay olishi lozim. 

Albatta, havoda uchayotgan yo‘lovchilar bu mutaxassislarning ishlarini bilmasligi mumkin. Ular, tabiiyki, hayotimiz uchuvchilarning qo‘lida deb o‘ylashadi. Aslida, yo‘lovchilarning hayoti ko‘proq uchuvchilarning ishini boshqarayotgan dispetcherning qo‘lida bo‘ladi.

Toshkent davlat texnika universiteti juda yirik o‘quv yurti hisoblanadi. Bu yerda mamlakatimiz avia sohasiga juda katta hissa qo‘shayotgan muhandislar tayyorlanadi. Jamshid Tohirov ana shunday kasb egalaridan biri, xolos. Lekin u jamiyatimizda mazkur mutaxas-sislikning alohida o‘rni borligini yaxshi biladi. Bunday mas’uliyatni his qilib, “a’lo” baholarga o‘qishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Biz ham uning orzusi amalga oshishiga tilakdoshmiz.

Oydin ZOKIROVA

 

0 ta izoh

There are no comments