JAHON IQTISODIYOTI VA DIPLOMATIYA UNIVERSITETI (8/2011)

JIDU

Mamlakatimiz mustaqilligidan so‘ng davlatning iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini dunyo miqyosida himoya qiladigan  mutaxassislar tayyorlashga ehtiyoj sezildi. Shu sababli istiqlolning ilk yillaridayoq, ya’ni 1992-yilda respublikamiz Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Farmoniga binoan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashkil etildi. 

Ushbu oliy o‘quv yurti  talabalarining kelajakdagi mas’uliyatlari boshqalarnikiga nisbatan birmuncha ko‘proq ekanligi ma’lum.  Shu sababli mazkur dorilfununda  qat’iy intizom o‘rnatilgan  bo‘lib, bu yoshlarning bilim olishiga juda ijobiy ta’sir qilmoqda.  O‘quv yurtiga hujjat topshiradigan abituriyentlar uchun talab va shartlar katta  ekanligi va kirish ballarining doimo yuqoriligi  ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. 

Ushbu oliy o‘quv yurti uchta yo‘nalish bo‘yicha abituriyentlarni qabul qiladi:

1. Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi. 

Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning eng asosiy qismini iqtisodiy munosabatlar tashkil qiladi. Shu sababli manfaatlarimizni  himoya qilish va davlatimiz  uchun kerakli foydani  olish mazkur  yo‘nalish mutaxassislarining  asosiy vazifasi hisoblanadi. 

Ushbu yo‘nalish  bo‘yicha bakalavrlar kasbiy faoliyatining obyekti: jahon xo‘jaligi va tashqi iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari, shuningdek, xalqaro bank, moliya va savdo munosabatlari, jahon xo‘jaligida ishlab chiqarish omillarining ko‘chib yurishi hamda jahon iqtisodiyotidagi va xalqaro iqtisodiy munosabatlarda kechayotgan jarayonlar va ularning mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ta’siri hisoblanadi.

Bu yo‘nalishga o‘tgan yili 237 ta abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 17  nafari  davlat granti asosida, 32 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.  Ushbu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun matematika, ingliz tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

2. Jahon siyosati yo‘nalishi.

Davlatimizning  dunyo siyosatida o‘z  o‘rniga ega bo‘lishini  ta’minlash istagida bo‘lgan yigit-qizlar ushbu yo‘nalish  talabasi bo‘lishlari mumkin.  Ularning xizmat vazifasiga  dunyo siyosati-ning o‘zgarishlarini tahlil qilish, unga mos davlat strategiyasini tanlash kiradi.  Dunyo arenalarida O‘zbekistonning  o‘z  o‘rniga  ega bo‘lishini ta’minlash  ko‘p jihatdan mazkur  yo‘nalishni bitirgan  mutaxassislar  zimmasida bo‘ladi.

O‘tgan o‘quv  yilida ushbu yo‘nalishga 272 nafar abituriyent hujjat topshirib,  ulardan 9 nafari  davlat granti asosida, 20 nafari esa  to‘lov-shartnoma asosida qabul qilindi. Yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun tarix, ingliz tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

3. Xalqaro huquqiy faoliyat yo‘nalishi.

Davlatlararo yuridik masalalarni hal qiluvchi mutaxassislar   aynan  shu yo‘nalishda tayyorlanadi. Mazkur yo‘nalishni bitirgan talabalar turli davlat va nodavlat muassasalarida yoki xalqaro hukumatlararo va nohukumat-lararo tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatishadi.

O‘tgan o‘quv yilidagi qabul jarayonida ushbu yo‘nalishga 218 nafar  abituriyent hujjat topshirib,  ularning  9 nafari davlat granti asosida, 17 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Ushbu  yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun tarix, ingliz tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

 Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments