MUVAFFAQIYAT BILIMGA BOG‘LIQ (5-2011)

– Abdurasul, avvalo, sizni talabalik baxtiga erishganli-gingiz bilan tabriklayman. Keling, Siz bilan suhbatimizni noan’anaviy savoldan boshla-sak. Kirish imtihonida va imtihon natijalari e’lon qilinishidan oldin o‘zingizda qanday hissiyotlarni sezdingiz?

Abdurasul

 – Albatta, u vaqtda hayajonli daqiqalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, kirish imtihonlariga tayyorgarlik jarayoni juda uzoq davom etdi. Va nihoyat, 1- avgust kuni yetib keldi. Men ham barcha abituriyentlar kabi test topshirish uchun auditoriyaga kirib keldim va tengqurlarim qatoridan joy oldim. O‘sha paytda tabiiyki, hayajon bor edi. Lekin men uni yashirishga harakat qilardim. Keyin angladimki, hayajonni yashirishdan ko‘ra uni yengish muhimroq ekan. Sababi, bu yerda barchaning niyati bitta: u ham bo‘lsa talaba bo‘lish. Agar hayajonimni yenga olmasam, atrofimdagi o‘zini bosib olgan abituriyentlar meni yo‘lda qoldirib ketishlarini his qildim.

Shundan so‘ng har xil xayollardan qutilishga harakat qildim va butun diqqatimni savollar kitobchasiga qaratdim. Barcha olgan bilimlarim xotiramga kela boshladi. Men o‘sha paytda yaxshi angladimki, talaba bo‘lishning eng asosiy omili bilim ekan.

Garchi test savollarini juda yaxshi yechganman deb o‘ylasam-da, lekin natijalar e’lon qilinmaguncha ko‘ngil xotirjam bo‘lmas ekan. Natijalar e’lon qilingan kun esa dunyoda mendan baxtiyor inson yo‘q edi. Balki, abituriyentlar safidan talabalar safiga o‘tganlar shunday xayolda bo‘lishsa kerak. 

– Yuqorida tayyorgarlik bosqichi haqida gapirib o‘tdingiz. Bu paytda, asosan, nimalarga e’tibor berdingiz?

– Talabalikka erishishimning yagona va asosiy sababi sabr va qanoat bilan dars qilish bo‘ldi, deb o‘ylayman. Aslida, tayyorgarlik ko‘rish juda ham qiyin ish emas. Faqat uning juda uzoq davom etishi odamni zeriktirib yuboradi. Natijada ko‘pchilik buni juda murakkab deb hisoblaydi. 

Tayyorgarlik paytida ba’zi qadrdon do‘stlardan vaqtinchalik ayrilishga to‘g‘ri keladi. Masalan, men o‘sha vaqtlarda eng yaxshi ko‘rgan yumushlar( telefonda gaplashish va kompyuter)imdan ham voz kechishga to‘g‘ri keldi. 

Fursatdan foydalanib, talaba bo‘lishimga yordam bergan insonlarga rahmat aytmoqchiman. Avvalo, meni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onamga, injiqliklarimga qaramay, sabr bilan bilim bergan Toshkent shahridagi “Navoiy” o‘quv markazining o‘qituvchilariga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.

– Siz sanoat farmatsiyasi yo‘nalishida tahsil olyapsiz. Institutingizda Farmatsiya yo‘nalishi ham bor. Bu ikki yo‘nalish orasida qanday farq mavjud?

– Sanoat farmatsiyasi yo‘nalishini tamomlaganlar, asosan, dori ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etadigan mutaxassis bo‘lib yetishadi. Ya’ni, bizning vazifamiz tarkibi ma’lum bo‘lgan dorilarni tayyorlash hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, farmatsevtika korxonalarida ishlaymiz. 

Farmatsiya yo‘nalishini bitirgan talabalar esa bu jarayonda ishtirok etishmaydi. Ular dorixonalarda faoliyat yuritishadi. Yangi dori navlarini o‘ylab topishadi. 

– Ayrim yigit-qizlar ba’zida o‘zlarini ojiz sezadilar. Go‘yoki, ba’zi odamlar tug‘ma qobiliyat bilan tug‘ilarkan. Ular esa bundan mustasno emish. Bu fikrga siz qanday qaraysiz?

– Albatta, men bu fikrga qarshiman. Masalan, hozir bir yilda respublikamiz bo‘yicha minglab o‘quvchilar kimyo fanidan 30 tadan ko‘p test savollarini yechmoqda. Agar ularning hammasini tug‘ma qobiliyatga ega deydigan bo‘lsak, demak tug‘ma qobiliyat hammada bor. 

Shuni aytish kerakki, har bir jismonan sog‘lom, o‘qishga intilgan insonda cheksiz bilim olish imkoniyati mavjud. Bu esa tabiiyki, odam o‘zini dars tayyorlashga bo‘lgan ko‘nikmani qay darajada shakllantirishiga bog‘liq. Bu ishning uddasidan chiqish uchun ba’zi tartiblarga amal qilish zarur. Masalan, bir kunlik darsni avvaldan rejalashtirish, zerikkanda esa o‘zi yoqtirgan fanlardan dars tayyorlash va hokazolar…

Bu bilim olishning asosiy omillaridan ayrimlari, xolos. Vaholanki, bilim uzoq muddatli dars tayyorlashning mahsulidir. 

– Abituriyent do‘stlaringizga tilaklaringiz.

– Tinimsiz izlanishda bo‘lganlar, albatta, oz niyatiga yetishadi. Faqat orzudan voz kechmaslik kerak.

Oydin ZOKIROVA suhbatlashdi.
 

0 ta izoh

There are no comments