BIRLASHGAN O‘ZAR… (5/2011)

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qandaydir biror vazifani bajarishda guruh usulida ish olib borish samaradorlikni eng kamida ikki barobar oshirar ekan. Agar do‘st tanlashda adashmasangiz, muloqot va guruh bosimi dars tayyorlash istagi va samarasini orttiradi. Siz bilan bir xil maqsad sari intilayotgan o‘rtoqlaringiz bilan birga bo‘lish, sizda ishlash ishtiyoqini hosil qiladi. Tayyorlanish jarayonida esa raqobat boshlanadi va hamma bir-biridan ilgarilab ketish uchun astoydil o‘qiy boshlaydi.

Bolalar

Bir o‘lkada har yili “Eng yaxshi g‘alla yetishtirish” musobaqasi o‘tkazilar ekan. Doim musobaqada g‘olib bo‘ladigan bir odam, yana bir bor g‘alabani qo‘lga kiritgach, jurnalistlar u kishidan muvaffaqiyat sirlarini bilishga qaror qilishibdi. 

Dehqon bu muvaffaqiyatning siri bug‘doy urug‘ini boshqalar bilan maslahatlashib ekkanligini aytganda, ko‘pchilik jurnalistlar yoqa ushlashibdi.

“Ular sizning raqiblaringiz bo‘lsa va sizga qarshi musobaqada ishtirok etishsa, qanday qilib, siz sirlaringizni ular bilan bo‘lishasiz?”–deb so‘rashibdi.

“Nega endi. Bilmaysizlarmi, g‘alla urug‘i ko‘karayotgan paytda shamol uni u daladan bu dalaga uchirib ketishi mumkin. Demak, qo‘shnilarimning hosili yomon bo‘lishi mening ham hosilimning yomon bo‘lishiga olib keladi. Shu sababli ham men ularga yordam berishim kerak.”-deya javob beribdi muvaffaqiyatga erishgan dehqon.

Agar yuqoridagilardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, o‘quvchilar ham guruh holida dars tayyorlashsa, samarasi yaxshi bo‘ladi. Bunday holda dars tayyorlasangiz, uning juda ko‘p ijobiy tomonlariga duch kelasiz. Aslida, bir-biriga raqib bo‘lgan abituriyentlar bilimlarini bir-birlari bilan bo‘lishishadi. Masalan, bir kishi 3 kunda tayyorlaydigan darslarni guruh holida bir kunda ulgurishadi. Bunday tarzda birgalikda ishlash mavzularni yaxshiroq tushunishda ham juda qo‘l keladi. 

Guruh bo‘lib dars tayyorlashda eng muhim jihat do‘stlaringizning kim ekanligidir. Masalan, sheriklaringiz dars tayyorlashdan ko‘ra konsert dasturlari va kinolar haqida gaplashadigan bo‘lsa, vaqtingizni yo‘qotish bilan birga, filmlarga qiziqib qolishingiz ham mumkin. Aslida, sheriklaringiz sizni dars tayyorlashga undasin. Siz ham ularni undab turing.

Dunyodagi mashhur sanoat ishlab chiqaruvchilaridan biri Charles Shvabning yaxshi foyda bermayotgan fabrikasi bor edi. Bir kuni ustalar boshlig‘i bilan suhbat qurishayotganda:

– Qanday qilib senday tajribali usta, shunday fabrikani foydaga olib chiqa olmaysan?

– Bilmayman, hammani mehnat qilishga majbur qilyapman. Ishdan haydash bilan qo‘rqityapman ham. Lekin bular hech qanday natija bermayapti. Nima qilishni ham bilmayapman. 

Shu payt ularning yonidan o‘tib ketayotgan bir ishchidan Shvab so‘radi. 

– Bugun necha qozon mis eritdingiz.

– Oltita. 

Shunda Shvab qo‘liga bo‘rni olib, bir yerga katta qilib 6 raqamini yozdi va fabrikadan chiqib ketdi. 

Kechki smenaga kelgan ishchilar katta qilib yozilgan 6 raqamini ko‘rib uning nima ekanligini so‘rashdi. Ularga kunduz kuni boshliq shu yerda bo‘lganini va bir kishidan necha qozon mis eritganini so‘raganini va 6 raqamini shu sababli yozganini aytib berishdi.

Ertasi kuni Shvab fabrikani aylanib yurib, 6 raqami o‘rniga 7 raqami yozilganini ko‘rdi. Bunga javoban kunduzgi ishchilar kechga yaqin 7 ni o‘chirib 10 sonini yozishdi. Shu tarzda Shvabning fabrikasi atrofdagi barcha korxonalardan o‘zib ketdi.

Bu voqea qanday yuz berganini Shvab quyidagicha izohlaydi: “Ish qildirish uchun raqobat muhitini yaratish kerak. Maqsad hammani kurashga jalb qilishdir. Odamlarni bir-biridan o‘zib ketishga tashviq qilish. Ustun bo‘lish hissi insonlar ruhini jo‘shtiradi.”

 Mahmudjon YUSUFJANOV

0 ta izoh

There are no comments