BALKI KEYINROQ QILARMAN!? (6/2011)

timer

Agar siz muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lsangiz:

1. Bajarishingiz kerak bo‘lgan ishlaringizni albatta uddalang.

2. Ularni qilish  kerak bo‘lgan paytda, bajarishi kerak bo‘lgan usulda ado eting.

3. Bu yumushlarni xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham bajaring.

O‘quvchilarning ko‘pchiligi muvaffaqiyatga qanday erishishdan xabardorlar. Ammo bu xabardorlikning amaliyotga o‘tishi juda qiyin bo‘ladi. Boisi, dars tayyorlash muhiti, oilaviy, iqtisodiy muammolar, imkoniyatlari kamligi to‘g‘risida  yuzlab  bahonalar o‘ylab topishadi. Aslida shuncha bahona qidirgan vaqtini, g‘ayrat-shijoatini  dars tayyorlashga sarflashganda maqsad tomonga birmuncha  yaqinlashib qolishgan bo‘lardi. Afsuski,  dars tayyorlashdan ko‘ra bahona topish ancha  oson.

soat

“Keyinroq qilarman” degan o‘y  ishni keyinga qoldiruvchilarning eng ko‘p takrorlagan so‘zlaridir. Ularning eng asosiy bahonasi shumikan deb gohida o‘ylab ham qolasiz. Bir kun juda qattiq charchaganlarini, yana bir kun mazalari yo‘qligini, boshqa kuni esa kayfiyatlari yaxshi emasligini ro‘kach qilishadi. Ertasi kuni tog‘ni talqon qiladigan darajada  yaxshi dam olishgan bo‘lishadi; kasaldan  ham juda tez tuzalib ketadi; kayfiyatlari a’lo darajada bo‘ladi. Faqat o‘rtada bir muammo  qoladi:  ularning ertalari hech kela qolmaydi.

Odatda qiyinroq misol yoki masalaga duch kelib qolganingizda uni keyinroq qilarman deb chetga surib qo‘yasiz. Bu xuddi onda-sonda duch keladigan  muammolarni yig‘ib qo‘yib, hammasini birdan hal qilaman deyishga o‘xshaydi. O‘zingiz  o‘ylab ko‘ring, bitta masalani hal qilishga imkoniyatingiz yo‘g‘-u, qanday qilib birdaniga 10 tasini yecha olasiz. Bu o‘ziga ishonmaydigan odamlarning usuli hisoblanadi. Ba’zida muammoni vaqt izmiga tashlab qo‘yish kundalik muammolar va sizga bog‘liq bo‘lmagan muammolar uchun yaxshi natija berishi mumkin. O‘sha muammolar vaqt o‘tishi bilan hal bo‘lib qolishi ham mumkin. Lekin  dars tayyorlash  tartib va davomiylikdan iborat jarayon hisoblanadi. Masalan, kechga qoldirilgan ishlar kichkinagina jismga o‘xshasa-da, erta-indin u  joyidan qimirlatish mumkin bo‘lmay  qolgan katta toshga aylanishi mumkin.    

Ishlarini doimiy kechiktirib yuradigan odamlar aslida kichik toshlardan o‘zlarining oldilarini to‘suvchi bitta katta tog‘ yasashadi. Keyin bu to‘siqdan oshib o‘ta olmaslik dardi ularni qiynaydi va umidsizlikka tushishadi.

Aytaylik, ishlar yig‘ilib qolgan, endi nima qilasiz. Ish qanchalik yig‘ilib qolgan bo‘lsa ham ularni bittadan bajarishni boshlagan odam ,albatta, tugatadi. Faqatgina tartibli va davomli qilish zarur bo‘ladi. Ana shunda boshqa muammolar ham o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.

Talabalik davrimizda bir o‘qituvchimizni ziyorat qilish uchun bordik. Ustozimizning uyida devorga osilgan quyidagi so‘zlar hech esimdan chiqmaydi: “Bugunning ishini ertaga qoldir, balki voz kecharsan…”.

Xulosa qilishni siz abituriyentlarga qoldirdik.

Mahmudjon YUSUFJANOV
 

0 ta izoh

There are no comments