TOSHKENT ISLOM UNIVERSITETI (3-2011)

Toshkent Islom universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tashkil etilgan bo‘lib, oliy o’quv yurtining asosiy vazifasi boy diniy meroslarimizni kelajak avlodga yetkazib berish, aholining diniy bilimini yuksaltirish va zamonaviy talablarga javob bera oladigan, ham dunyoviy, ham diniy malakaga  ega bo‘lgan mutaxassislarni yetkazib berishdan iborat.  

Dorilfununni bitirgan talabalar turli sohalarda faoliyat olib borishlari mumkin. Buni abituriyentlarni o’qishga qabul qilinayotgan yo‘nalishlar misolida ham ko’rish mumkin. O’quv yurtiga har yili turli yo‘nalishlar bo‘yicha abituriyentlar qabul qilinadi. Ular 4 yildan so‘ng ham diniy,  ham dunyoviy ilmlarni egallagan kadrlar bo’lib yetishishadi. 

Islom

Keling, sizlarga mazkur oliygohning yo’nalishlari to’g’risida ma’lumot beraylik. 

1. Dinshunoslik yo‘nalishi. Din ijtimoiy hayotda doimo yuqori mavqega ega bo‘lsa-da, turli tuzumlarda turlicha talqin qilingan. Qaysidir davrlarda din niqobi ostida ko‘p ixtiro va rivojlanishlar yo‘q qilingan bo‘lsa, ayrimlarida din umuman ta’qiqlab qo‘yilgan. Hozirgi kunda ham din asosiga qurilgan davlatlar yo’q emas. Mazkur yo’nalishda dinlarning kelib chiqishi, bir-biridan farqi va ularning rivojlanishdagi ahamiyati to’g’risida talabalarga saboq beriladi.  

O’tgan yili ushbu yo‘nalishga 8 ta abituriyent davlat granti asosida, 10 ta abituriyent to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan. Abituriyentlar tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan test topshirishadi. Tarix fani bo’yicha har bir savolga 3,1 ball belgilanadi.  Ona tili va adabiyot fanidan esa har bir savolga  1,1 balldan qo’shiladi.  Bundan tashqari, o’qishga qabul qilinayotgan har bir abituriyent bilan suhbat bo’ladi. Unda 75,6 gacha ball to’plash mumkin.  Suhbat ma’naviyat asoslari hamda ingliz yoki arab tilidan o‘tkaziladi.

2. Yurisprudensiya (Islom huquqi) yo‘nalishi. Barchamizga ma’lumki, islom dini yurtimizda keng tarqalgan. Bu yo’nalishda din asosiga qurilgan davlatlarda huquqiy masalalarning qanday hal qilinishi to’g’risida talabalarga saboq beriladi. 

 Ushbu yo’nalishga 2010-o’quv yilida 8 nafar abituriyent  davlat granti asosida, 10 nafar abituriyent esa to‘lov-kontrakt asosida qabul qilindi. Abituriyentlar tarix fanidan test topshirishadi va har bir to’g’ri javob uchun 3,1 ball to’plashadi.  Ona tili va adabiyot fanidan esa har bir savolga 1,1 balldan qo’shiladi.  Undan tashqari,  suhbat asosida ham 75,6 gacha ball  to‘plash  mumkin.

3. Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi). Jamoatchilik fikrlarini o’rganuvchi mutaxassislar  sotsiopsixologlar hisoblanadi. Ularning diniy fikrlashlarini o‘rganuvchi yo‘nalish esa Toshkent Islom universitetida tashkil etilgan.  

Bu yo‘nalishga o‘tgan yili 7 nafar abituriyent davlat granti asosida, 13 nafar abituriyent esa  to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Mazkur yo‘nalish talabasi  bo‘lish istagan abituriyentlar tarix, ona tili va adabiyot hamda ingliz tili fanlaridan imtihon topshirishadi.

4. Jahon iqtisodi va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi.  Ko‘p masalalarning yechimi iqtisodiyotga borib taqaladi. Ayniqsa, bu   davlatlar orasida bo‘ladigan bo‘lsa, albatta yuqori saviyali iqtisodchiga ehtiyoj seziladi.

Umuman dunyo miqyosidagi iqtisoddan xabardor bo‘lish bilan birga, davlatimizning iqtisodini rivojlantirish va boshqa davlatlar bilan munosabatda uni  himoya qilish aynan shu kasb egalari zimmasiga  tushadi.

Bu yo‘nalishga o‘tgan yili 7 nafar abituriyent davlat granti asosida, 13 nafar  abituriyent esa to‘lov-kontrakt asosida qabul qilindi. Mazkur yo‘nalishda o‘qish uchun mate-matika, ingliz tili , ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

5. Informatika yo‘nalishi.  Hozir turmushimizni kompyuter va zamonaviy texnikasiz tasavvur qilish juda qiyin. Informatsion texnologiyalarga barcha sohalarda ehtiyoj katta.  Bu yo‘nalish talabalari aynan kompyuter sohasi vakillari hisoblanishadi. 

Mazkur yo‘nalishning talabasi bo’lish uchun matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi. O‘tgan yilda bu yo‘nalishga 7 nafar abituriyent grant asosida, 13 nafar  abituriyent  esa  to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan.

Nigora AJAMILOVA
 

0 ta izoh

There are no comments