ORZUM IJOBAT BO‘LSIN DESANGIZ… (4-2011)

O‘zingizda motivatsiya hosil qilish uchun har doim dars tayyorlashga kirishishdan oldin shuncha test yechaman yoki shuncha sahifa kitob o‘qiyman degan maqsadni oldingizga qo’yishingiz zarur. Bu ishni bajarayotganda esa unga bosqichma-bosqich harakat qiling. Kerak bo‘lsa, maqsadlaringizga bitta-bitta erishishga intiling.

Shuni yaxshi bilingki, insonda uzoq masofalarga yetib borgunga qadar motivatsiya kamayadi. Masalan, marafonlarda finish chizig‘iga ko‘pchilik yetib bora olmaydi. Bu tabiiy hol. Lekin 100 metrga yugurish musobaqalarida deyarli hamma marraga yetib boradi.

Motivatsiya kamaymasligi uchun asosiy maqsadga eltuvchi oraliqdagi imkoniyatlardan  foydalaning.

Kitoblar

Tasavvur qiling: 12 qavatli uyning 12-qavatiga chiqishingiz kerak. Yana qo‘lingizda og‘ir yuk. Agar doim yuqori qavatga chiqishni  o‘ylasangiz, sizda qo‘rqish boshlanadi. Qo‘lingizdagi yukning og‘irligi va masofaning uzoqligi sizni ruhan toliqtiradi  va shu bois, mo’ljaldagi qavatingizga chiqa olmaysiz. 

Avvalo, sizda maqsad 2-qavatga chiqib olish bo‘lishi kerak. Zinalarni bir-bir bosib chiqing. Xayolingizdagi chiqa olmaslik fikri  o‘rnini bosib o‘tgan masofalaringizdagi quvonchi egallasin. U yerga yetib borganda o‘zingizni qutlab qo‘yishni ham unutmang. Yetib kelgandan keyingi maqsad esa 3-qavatga ko’tarilish bo‘ladi. Shunday qilib, asta-sekinlik bilan 12-qavatga chiqib olganingizni sezmay ham  qolasiz. 

Dars tayyorlashda ham shunday strategiyadan foydalani-shingiz mumkin. Ya’ni, o‘zlashtirishingiz kerak bo‘lgan mavzularni bo‘lib tashlab, avval bir qismini, keyin yana bir qismini o‘zlashtirishingiz mumkin. 

Siz, qadim o’tmishdagi choparlarning ishlash usulidan foydalaning. Masalan, birinchi chopar o‘z oti bilan juda katta tezlikda xabarni yo’lda uni kutib turgan hamkasbiga yetkazadi. Uni kutib turgan hamkasbi esa xabarni olishi bilan keyingisiga yetkazib beradi. Shu tarzda xabar o‘z egasiga juda tez yetib boradi. Siz ham asosiy maqsadga erishishda choparlar kabi oraliq imkoniyat-lardan foydalaning. Masalan, 1 soatda 35 ta misol yechaman deb niyat qilasiz. Ushbu maqsadga  qanchalik erishishingizga qarab keyingi soatga boshqa oraliqdagi imkoniyatni tanlaysiz.

Masalan, tarix, biologiya va adabiyot kabi fanlardan dars qilishda bir necha matnning hammasini birdan o‘qishingiz kerakligi  sizni  tashvishga soladi. Shunda ,siz ,avval ijtimoiy hayotga doir fanlarni o‘qishni maqsad qilasiz. Uni o‘qib va uqib bo‘lgach, o‘zingizni bir bor tabriklab, biroz tanaffusdan keyin siyosiy hayotga oid mavzularni  o‘rganishga kirishing. Shunda o‘qiganlaringiz bir-biriga aralashib ketmaydi va juda katta hajmdagi axborotni miyangiz qabul qiladi.  

Undan tashqari, har bir tanaffusdan oldin xayolingiz-da oliy o’quv yurtidagi natijalar chiqqan kunni orzu qiling. Masalan, test sinovlaridan keyin hamma abituriyentlar hayajon bilan o‘z raqamlarini qidirishmoqda. Ular orasida siz ham borsiz, deylik. Bir qarasangiz o‘tish balidan juda ham yuqori ball to‘plagansiz. Hamma sizni tabriklamoqda. Ko‘pchilik sizga hatto havas bilan qaramoqda. Bemalol, orzu qiling. Baribir orzuga boj to‘lamaysiz, faqat vaqtingizni orzu bilan o‘tkazib yubormang. Dars qilishga motivatsiya uyg‘ondimi, darrov dars tayyorlashga kirishing.

Kunlardan bir kuni bir odam Nasriddin Afandidan: “Tushimda bir qop tilla topib olibman. Tushim o‘ngidan kelishi uchun nima qilay”,–deb so‘rabdi. Shunda Xo‘ja Nasriddin: “Kamroq uxla”,–deb javob beribdi. Sizda ham hurmatli abituriyent, niyatingiz amalga oshishi uchun ko’proq orzularga berilmay, ko‘proq ishlang. Lekin darsga ishtiyoq uyg‘otadigan orzu ham qiling. 

Kim nimaga intilsa, ertami-kechmi ,albatta, erishadi. Agar orzularingiz va harakatlaringiz test sinovlari kunidagi o‘sha natija chiqqan paytdagidek yuqori bo‘lsa, albatta, sizga omad kulib boqadi. 

Mahmudjon YUSUFJANOV

0 ta izoh

There are no comments