ISHONCH - BU KATTA KUCH (3-2011)

– Baxtiyor, siz bilan suhbatimizni an’anaviy  tarzda erishgan  muvaffaqiyatingiz sirlari  bilan o‘rtoqlashishdan boshlasak. 

Baha– Avvalo, meni suhbatlashishga munosib ko‘rishgani  uchun  “Abituriyent” gazetasi tahririyatidan minnatdorman. Nazarimda, muvaffaqiyat siri – birinchi navbatda insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va albatta, ota-onalari  hamda ustozlarining ishonchlaridir. Masalan, ularning menga bildirgan ishonchlari fanlardan tayyorlanishim  bosqichida cheksiz kuch bag‘ishlab turdi. Shu bois ham o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldim.  

 

Har bir inson, tabiiyki, oldiga qandaydir maqsad qo‘yadi. Unga erishishni xohlagan odam ushbu maqsad uning kelajagi uchun qanchalik muhim ekanligini tushunishi kerak. Harakatlarini ham shunga mos tarzda olib borishi lozim.  Unutmaslik kerakki, “gap quduqning chuqurligida emas, balki arqonning kaltaligidadir”. Agar arqoningiz kalta bo‘lsa, quduqdan o‘pkalamang.

– Abituriyentlik davringizda boshqalardan farqli ravishda nimalarga ko‘proq e’tibor berdingiz?

– Menimcha, abituriyentlik davrim boshqalarnikidan deyarli farq qilmadi. Hamma tengqurlarim singari uy ishlarini vaqtida bajarishga harakat qildim. “Navoiy” o‘quv markazi o‘qituvchilari tomonidan berilgan uy vazifalarining hammasini vaqtida  bajarganligim kirish imtihonlarida juda qo‘l keldi.  Faqat bu ishlarni  to‘liq uddalash uchun dam olishni, ya’ni uyqu soatlarini biroz kamaytirish va televizor ko‘rishni biroz qisqartirishga to‘g‘ri keldi.  

– Ko‘pchilik abituriyentlarni siz tahsil olayotgan o‘quv yurtiga kirish imtihonlari qiziqtiradi. Aytingchi, ular qanday bosqichlarda amalga oshiriladi? 

 – Kirish imtihonlari ikki boshqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda davlat test markazi tomonidan tuzilgan matematika, fizika va mantiq testlari  topshiriladi.  Ushbu bosqichdan o‘tgan abituriyentlar ingliz tilida bo‘ladigan suhbatga kirishadi. Natijalar e’lon qilinganda hali yurtimizning boshqa oliy o‘quv yurtlariga qabul tugamagan bo‘ladi. Shu sababli ham abituriyentlar mazkur universitetga imtihon topshirib, hech narsa yo‘qotmaydilar.

– Endi u yerdagi o‘quv jarayonlari  haqida ham  ma’lumot bersangiz. 

– Hozir biz fundamental fanlarni  o‘rganmoqdamiz, ya’ni hali mutaxassislik bo‘yicha fanlarni o‘rganishni boshlamadik. Darslar faqat ingliz tilida olib boriladi. Bu yerda o‘qish uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Yoshlardan talab qilinadigan vazifa esa faqat o‘qish. Buning uchun davlatimiz rahbarlariga rahmat.

Aslida, ushbu oliy o‘quv yurtiga hamma faqat to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadi. Lekin  yurtimizdagi nufuzli kompaniyalar, banklar va qo‘shma korxonalar  ayrim talabalarga shartnoma  pullarini to‘lab berishi ham mumkin. Unga  yuqori ball to‘plaganlar muyassar bo‘lishadi, xolos.   

– Baxtiyor, abituriyent do‘stlaringizga qanday tilaklaringiz bor?

– Hech qachon tushkunlikka tushmasdan,  faqat oldinga qarab intilish kerak.  Avvalo, tayyorgarlik bosqichidagi  qiyinchiliklarga sabrli bo‘lish  va talaba bo‘lishga  ishonchingizni kuchaytirib borishga harakat qilish lozim.

 

Oydin ZOKIROVA suhbatlashdi.

0 ta izoh

There are no comments