TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI (4-2011)

Toshkent axborot texnologi-yalari universiteti axborotni ishlab chiqarish, qabul qilish va kerakli joylarga uzatishni, ularni analiz va sintez qilishni o‘rganuvchi oliy o‘quv yurti  hisoblanadi. Bu yerda  turli yo‘nalishlar bo‘yicha har yili mingga yaqin mutaxassislar tayyorlanadi. Ular axborot texnologiyalari mavjud barcha joyda, aniqroq aytadigan bo‘lsak,  hamma sohalarda ishlay oladigan kadrlardir.  

2009-2011 o‘quv yilida universitet 18 ta yo‘nalish bo‘yicha abituriyentlarni qabul qildi. Keling, quyida shu yo‘nalishlar bilan sizlarni tanishtiraylik.

Logo

1. Televideniya, radioaloqa, radioeshittirish yo‘nalishi eng asosiy axborot manbalarining ishlash prinsipi, qurilmalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Bu yo‘nalish egalari ko‘rsatuv va radioeshittirish tayyorlash bosqichida orqada, ya’ni efir ortida xizmat qilishadi. Ular  texnik qismiga javobgar bo‘lishadi. Undan tashqari, mazkur yo‘nalishni tamomla-ganlar ko‘rsatuv tayyorlashda foydalaniladigan qurilmalar, audio-video texnikalar, maishiy-elektronika vositalarida nosozliklarga duch kelganda ularni sozlash  qobiliyatiga ham ega bo‘ladilar.

Bu yo‘nalishga o‘tgan yili 28 nafar abituriyent davlat granti,  64 nafar abituriyent  to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

2. Radiotexnika yo‘nalishi mutaxassislari axborot uzatishning turli sohalarida axborotni signal shaklida hosil qilish, ularni uzatish, qabul qilish, analiz va sintez qilish ishlari bilan shug‘ullanishadi. Bu soha vakillari signallarni bir turdan ikkinchisi (raqamlidan analogga yoki aksincha)ga aylantiradigan qurilmalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish ustalari ham hisoblanishadi. Yuqoridagi soha vakillari tomonidan tayyorlangan axborotlar (ko‘rsatuv va radioeshittirish)ni ommaga yetkazib berish mazkur soha vakillari vazifasiga kiradi.

2010-2011 yilgi o‘quv yilida bu yo‘nalishga 14 nafar abituriyent davlat granti asosida, 42 nafar  abituriyent   esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalishga kirish uchun yuqoridagi kabi matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

3. Mobil aloqa tizimlari yo‘nalishi. Hozirgi kunda mobil aloqa tizimi juda rivojlangan soha hisoblanadi.  Bunday aloqa uskunalariga odam yonida ko‘tarib yurishi mumkin bo‘lgan har qanday aloqa vositasi kiradi. Ayni paytda ko‘pchilik uyali telefon rivojlanib ketgani sababli mobil aloqa deganda uyali telefonlarni tushinadi. Aslida u mobil aloqaning bir turi,  xolos. 

Shu turdagi aloqani ta’minlovchi muhandislar ushbu yo‘nalish talabalari bo‘lishgan. Ularning vazifasiga aloqaning uzluksizligini va  qurilmalar  sozligini ta’minlashlar kiradi. 

2010-2011 o‘quv yilida bu yo‘nalishga 7 nafar abituriyent davlat granti asosida, 41 nafar abituriyent   to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalish talabasi bo’lish uchun yuqoridagi kabi matematika, fizika va ona tili hamda adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

4. Informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishining asosiy vazifasi  kompyuter muhandislari tayyorlashdir. Ularning xizmat doiralariga kompyuter dasturlari tuzish, axborot bazalari,  lokal va global tarmoqlarni tashkil qilish kiradi.

Hozirgi kunda hamma yerga  kompyuter kirib borgani sababli, bu yo‘nalish mutaxassislarida ish muammosi umuman bo‘lmaydi. Hatto, ba’zi ishlarni ko‘chma ravishda bajarishlari ham mumkin.

O‘tgan yilgi qabul davomida bu yo‘nalishga 79 nafar abituriyent davlat granti asosida, 201 nafar abituriuent to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalish talabasi bo‘lmoqchi bo‘lgan yigit-qizlar  ham matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

Mazkur oliy o‘quv yurtining boshqa yo‘nalishlari haqida kelgusi sonlarimizda ma’lumot berishga  harakat qilamiz.

Abror OBIDOV

0 ta izoh

There are no comments