TOSHKENT FARMATSEVTIKA INSTITUTI (2-2011

Toshkent farmatsevtika instituti dorishunoslik va uni ishlab chiqaruvchi mutaxassislar yetishtirib beruvchi Markaziy Osiyodagi  yagona oliy o’quv yurti hisoblanadi. Ushbu soha bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lmoqchi bo‘lgan abituriyentlar moddalarning  tarkibi, ularning boshqa moddalar bilan reaksiyaga kirishishi yoki kirishmasligi, olingan modda nimalarga ta’sir ko‘rsatib, nimalarni kuchaytirib yuborishi haqida chuqur bilimga ega bo‘lishlari talab qilinadi. Chunki dorishunoslikning asosi qaysidir bakteriya yoki virusni boshqa moddalar yordamida yo‘q qilish hisoblanadi. Hakim (shifokor)larning asosiy yordamchilari esa farmatsevtlardir.  

Institutni bitirgan mutaxassis dori ishlab chiqarishning qaysi bosqichida faoliyat ko’rsatishi uning yo‘nalishiga bog‘liq. Shu bois Sizni Toshkent farmatsevtika institutining  yo‘nalishlari bilan batafsil  tanishtirsak.

Farmi

1. Farmatsiya yo‘nalishini bitirgan talabalarning asosiy vazifasi yangi dori yaratish hisoblanadi. Bu yo‘nalish talabalari tanlagan yo‘nalishlariga ko‘ra dori tuzilishi, tarkibi, uning boshqa dorilar bilan ta’sirini aniqlashdan iborat. Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishni tamomlagan talabalar sud-tibbiyot ekspertizalarida ekspert sifatida faoliyat olib borishlari ham  mumkin. 

Faqat  mazkur yo‘nalishni bitirgan talabalar 3 yil tajribaga ega bo‘lishgandan so‘ng xususiy dorixona ochish huquqini beruvchi litsenziya olishlari mumkin.

2010-yilgi qabulda  yo‘nalishga 931 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 13 nafari  davlat granti asosida, 65 nafari  esa to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinishgan. Mazkur yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar kimyo, biologiya hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

2. Sanoat farmatsiyasi yo‘nalishini bitirganlar farmatsiya yo‘nalishini tamomlagan talabalar tomonidan yaratilgan dori vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishadi. Ularning asosiy ish joylari farmatsevtika korxonalari hisoblanadi.  

O‘tgan yili ushbu yo‘nalishga 663 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 26 nafari  davlat granti asosida, 117 nafari  esa to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalishga kirish uchun kimyo, biologiya hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

3. Biotexnologiya yo‘nalishi bitiruvchilari tabiiy asosga ega bo‘lgan moddalardan dori vositalarini olish bilan shug‘ullanishadi. Tabiiy asosga ega bo‘lgan moddalar deganda dorivor o‘simliklar, hayvonlarning tanasidagi mahsulotlar, mineral moddalar tushiniladi. Bu mutaxassislar dorivor o‘simliklar-ning o‘stirish va ko‘paytirishning o‘ziga xos nozik jihatlarini o‘rga-nish bilan birga ularning yo‘qolib ketishining ham oldini olishadi. 

Hozir kimyoviy dori vositalaridan ko‘ra ko‘proq tabiiy xomashyolardan olingan dori vositalariga talab ortib bormoqda. Lekin bu yo‘nalishni namunali tamomlagan talabalar ishsiz qolib ketishmaydi, albatta. 

Bu yo‘nalishga o‘tgan yili 279 nafar  abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 15 nafar davlat granti asosida, 35 nafari esa  to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun kimyo, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

4. Kasbiy ta’lim yo‘nalishini bitirganlar barcha sohalarda bo‘lgani kabi dorishunoslik sohasi bo‘yicha ta’lim olmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarga bilim berishadi. Bu yo‘nalish talabalarining ustunlik jihati ular dorishunoslik sohasini o‘rganish bilan birga pedagogika sirlaridan ham voqif bo‘lishadi. 

Bu yo‘nalishga 2010-yili 197 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 10 nafari  davlat granti asosida, 16 nafari  esa to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Ushbu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun biologiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi. 

Yuqorida biz sizga qisqacha bo’lsa-da Toshkent farmatsevtika instituti haqida ma’lumot berishga harakat qildik. Keyingi sonimizda Toshkent islom universiteti to’g’risida ma’lumot berishni rejalashtirmoqdamiz. 

0 ta izoh

There are no comments