TEST SINOVI UCHUN MOTIVATSIYA (2-2011)

Bir ishni bajarish uchun ko‘nglimizda  kuchli istak motivatsiya bo‘lishi zarurligi  haqida oldingi sonlarimizdan birida to‘xtalgan edik. Motivatsiyamiz qanchalik kuchli bo‘lib, ichki tartib-intizomimiz ham uni tasdiqlasa, o‘sha ishni bajarilish ehtimoli shunchalik ortadi. Masalan, yaqin do‘stimizni ko‘rgimiz kelganda, bizga masofa ham, ishimizning  ko‘pligi ham xalaqit bera olmaydi. Hamma yumushlarimizni qo‘yib, do‘stimiz oldiga yo‘l olamiz. Bu misolni hayotimizdagi barcha ishlarga tatbiq qilishimiz mumkin. Hozir oldimizda bir test sinovi turibdi. Bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishimiz uchun qanday motivatsiyamiz bor? Quyidagilardan qaysi birini o‘zingizda his qilyapsiz?

  • Bilmayman, bajara olarmikanman?
  • Shu ishni (darsni) bajarish shartmi?
  • Buni qila olmasam oilamga nima deyman?
  • Hamma kirib ketib, bir men qolib ketamanmi?
  • Talaba bo‘lishim shart va bo‘lishimga ishonaman.
  • Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishim kelajagim uchun juda muhim.
  • Albatta bajara olaman.
  • O‘qishga kirishmi? Men birinchi o‘rinda kiraman.

Yuqorida keltirilgan savollardan pastga tushgan sari ular o‘ziga ishongan odamning maqsadlariga aylanib bormoqda. Siz imkoni boricha yuqoridagi ro‘yxatning pastroq qismidan joy olishga harakat qiling. Chorasiz bechora odamlarga o‘xshab qolmang.

Motivatsiya

Ichingizdagi kuchli istak qanday yuzaga kelmoqda. Bu ham juda muhim masala. Oilangiz bu masalada yuqori ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Atrofingizdagi do‘stlaringiz, o‘qituvchilaringizning maslahatlari ham bu istakning manbai bo‘lishi mumkin. Faqat eng ta’sirli omil o‘zingizning ongli ravishda amalga oshirgan tanlovingiz bo‘ladi. To‘siqlardan oshib o‘tish uchun eng muhim manba o‘z ichingizda. Uni harakatga keltirib olgandan so‘ng ,ko‘plab to‘siqlarni oshib o‘tganingizni sezmay qolasiz. 

Siz eng avval o‘zingizni o‘zgartirishingiz kerak. Agar bu ishni qila olmasangiz atrofdagi odamlarni ham  o‘zgartirish haqida o‘ylamay qo‘yavering. Albatta, bu o‘zgarish ijobiy tarafga bo‘lishi kerak. 

O‘quvchilar odatda dars qilishlari kerakligini bilishadi, lekin nimagadir bu ishni boshlay olishmaydi. Ko‘ngillarida istaksizlik hissi hosil bo‘ladi. Bunday paytda ishlash istagi paydo bo‘lishining ahamiyati katta. Bunday vaqtda motivatsiyani qanday kuchaytirish lozimligi haqida keyingi sonimizda ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Westministerdagi qabristonlardan biridagi Angliyalik psixologning qabr toshida quyidagi yozuv yozilgan.

Men yoshligimda butun o‘lkamni o‘zgartirishni istadim. Faqat biroz vaqt o‘tgach bu imkonsiz ish ekanligini angladim va o‘zimga dedimki: “Men hozir yashayotgan mahallamni o‘zgartiraman.” Bu safar ham muvaffaqiyatsizlikka uchradim. Bu vaqtda yoshim ham bir joyga borib qoldi. 

Ammo atrofimdagi voqealarga befarq qaray olmasdim. Nimadir qilishim kerak degan tuyg‘u bor edi ichimda. Bu safar oilamni o‘zgartirishga qaror qildim. Afsuski, bu safar ham eski natijaga erishdim. 

Endi yaxshigina qarib qolgan edim. Shu payt tushundimki, boshida o‘zimni o‘zgartirishdan ishni boshlagan bo‘lganimda yaxshigina natijaga erishgan bo‘lar edim.

Mahmudjon YUSUFJANOV
 

0 ta izoh

There are no comments