OMAD ODAMNING O‘Z QO‘LIDA (1/2011)

Muvaffaqiyat qozonmoqchi bo‘lgan insonning  sa’y-harakati  unga mos bo‘lishi lozim. Reja tuzishga qiynalgan va uni amalga oshira olmagan odamlar tartib-intizomi kuchsiz  odamlar hisoblanishadi. 

Odam robot emas: tugmacha bosilganda ishlay boshlaydigan, boshqa tugmacha bosilganda  esa to‘xtaydigan. Inson hissiyotlarga ega bo‘lib, o‘tmish va kelajakdan ta’sirlanadigan juda murakkab mavjudot. Robotga o‘xshamasligi faqat  sa’y-harakatlari  bo‘lmasligi kerak degani emas. Chunki bunday fazilati  bo‘lmagan insonlar maqsad yo‘lida lozim bo‘lgan harakatlarni amalga oshira olmaydilar. 

Ko’pchilik o‘quvchilar muvaffaqiyatga erishishning eng nozik nuqtalarigacha bilishadi. Lekin ularni amalga oshirishga kelganda nimagadir  sustkashlik ko‘rsatishadi. Natija harakatga to‘g‘ri proporsional bo‘lgani sababli ham niyatlariga erisha olmaydilar. Shunday ekan, maqsadlarimizga mos harakat qilishni boshlashimiz kerak. 

Diqqatni jamlay olmaslik, motivatsiya etuvchi maqsadning  bo‘lmasligi, mas’uliyatsizlik, maqsadsiz insonlar bilan birga bo‘lish, atrofdagi muhitning  ta’siri, kimlargadir bog‘lanib qolish, mehnatni sevmaslik, beqarorlik, vaqtni o‘g’irlovchi  do‘stlar orttirish  va boshqalar ichki intizomni kuchsizlantiruvchi va muvaffaqiyat yo‘lida to‘siq vazifasini bajaruvchi unsurlar hisoblanadi. H. Truman bu masalada shunday deydi: “Omadli odamlarning biografiyalarini o‘qirkanman, ilk g‘alabalarini  o‘zlarining  ustlaridan qozonganliklariga guvoh bo‘ldim. Bu tartib-intizomning foydasidir”.

osmon

Odam muvaffaqiyatga bir kunda erishilmasligini biladi, albatta. Shu bois asta-sekinlik bilan maqsad sari intiladi. Hatto maqsadi orzu qilgan natijasidan oshib ham ketadi. Sizni erishishingiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi maqsaddan, niyatlaringizgan  va bajara olishingiz mumkin bo‘lgan ishlardan qaytargan nima? Dangasalikmi, tavakkalchilikka kirishishdan qo‘rqishmi, muvaffaqiyatsizlik yoki omadli  bo‘lish qo‘rquvimi?

 

Mashhur yozuvchilardan birining yoshlarga bag‘ishlab yozgan kitobidagi quyidagi fikrlarga diqqatingizni qaratishni xohlardim: “Yaxshilab o‘ylab qarasangiz iroda moddiy va ijtimoiy hayotda muvaffaqiyatli bo‘lishnigina emas, balki baxtli hayot kechirishning ham tamal toshi hisoblanadi. Ba’zi odamlar eshakka o‘zi minib olganini unutib,  bozordan eshagini qidirib yurgan Nasriddin Afandiga o‘xshaydi. Ular baxt- saodatni o‘z ichlarida ekanligini unutib, qahvaxona-yu barlardan qidirishadi. Siz bu g‘aflatga tushmang va ishoningki, muvaffaqiyatning siri -  saodat qushi ham o‘z qo’limizda va eng insoniy qudrat manbai bo‘lgan irodamizning oltin qafaslari ichida. Baxt  tasodifan topilib qoladigan xazina emas. U omad ham emas, meros ham emas. Saodat irodamizning qudrati bilan zabt etishimiz kerak bo‘lgan qal’adir.

Irodaning ustunligiga, uning  harakat va yaxshi tarbiya yordamida shakllanishiga ishonamizmi?  U holda hayotimizning rejasi quyidagicha bo‘lishi kerak: har kuni yanada  ko‘proq g‘ayrat qilish, asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, doimo yaxshilikka va kamolotga qarab intilish. Irodaning inson uchun yuksak quvvatiga va bunga erisha olmasligingizga ishonasizmi?  Bu tavakkalchilikka ishonib, o‘zingizning  taqdiringiz haqida kuyinmaslik yoki hoy-u havasga berilib, o‘zingizni quruq yolg‘onlarga ishontirish bo‘ladi. Ikki holda ham boradigan joyingiz  bitta: saodat va pushaymonlik”.

Shu bois hayotda o‘z o‘rningizni topishga harakat qiling. Bu odamning o‘ziga bog‘liq.

 Mahmudjon YUSUFJONOV

0 ta izoh

There are no comments