PSIXOLOG INSON RUHIYATINING BILIMDONI(22-23/2010)

Psixologiya nima?

p4Ba’zida hayot inson oldiga shunday muammolarni qo‘yadiki, uni  hech kim  yecha olmaydi. Bunday muammolar, asosan, inson ruhiyatiga bog‘liq hisoblanadi. Masalan, hayotimizdagi ayrim omadsizliklar ruhiyatimizni tushirib yuboradi. Bunday tushkun kayfiyatda albatta muammolar yechimini topish juda qiyin kechadi. Psixologlarning eng asosiy vazifasi insonning tushkun kayfiyatdan qutqarish hisoblanadi. 

Insonning ruhiyatini ko‘tarish murakkab masala. Uning qiyinchiligi shundaki, qaysi vaziyatdan qanday xulosaga kelish aniq bo‘lmaydi. Kim uchundir oddiy hisoblangan narsa kim uchundir juda ta’sirli bo‘lishi mumkin. Shu sababli ham psixologlik kasbi uchun qandaydir qonun-qoida yoki formula tuzib bo‘lmaydi. Bu kasb egalari insonning holatidan kelib chiqib xulosa qilishga majbur bo‘lishadi.  

Hozir ayrimlar psixolog deganda, asosan, yosh bolalar bilan ishlaydigan, ularni maktabga tayyorlaydigan kasb egalarini tushunishadi. Lekin psixologlar faqat  yosh bolalar uchun emas, balki kattalar uchun ham juda kerakli kasb egalaridir. To‘g‘ri, yosh bolalarni psixologik jihatdan tayyorlash muhim narsa, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchragan yoshi katta kishilar ham ruhiyatini ko‘taruvchi odamga ehtiyoj sezadi. 

Inson ruhiyatini o‘rganuvchi psixologiya alohida fan sifatida 1879-yilda paydo bo‘lgan. V. Vundt ismli shaxs birinchi marta bu fanga asos solgan. Mana 130 yildirki, bu fan  rivojlanishda davom etmoqda. 

Psixologiyaning qanday turlari mavjud?

Mazkur kasb egalarining yoshlar bilan ishlaydigan qismi bolalarni ruhiy krizisdan qutqaruvchi kishilar hisoblanishadi. Ularning asosiy ish joylari aynan bolalar ko‘p yashaydigan joylarda, maktab va bolalar bog‘chalarida bo‘ladi. Ular birinchi sinfga bolalarni tanlab olishadi. Bolalarning to‘g‘ri o‘sishlari uchun zarur ko‘rsatmalar berishadi va maxsus treninglar o‘tkazishadi.  

Klinik psixologlar esa kasalxonalardagi og‘ir kasallar va amaliyotdan yangi chiqqanlar bilan ishlashadi. Ularni ruhiy tushkunlikdan qutqarishadi. Hayotga umid bilan qarashga o‘rgatishadi. Zarur vaqtlarda psixiatr va nevrologlar bilan hamkorlikda ishlashadi. 

Psixolog qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

Psixologlar insonlar bilan tez kirisha oladigan bo‘lishlari kerak. Qabuliga kelgan odam bilan qisqa vaqt ichida eski qadrdonlarday dardlasha olishlari lozim. Undan tashqari, psixologlar uchun muhim xususiyat bu -  o‘zi qiyin ahvolda bo‘lsa-da, kimgadir yordam bera olish qobiliyatiga ega bo‘lishdir. Odamlarning dardini eshitish, albatta, og‘ir ish hisoblanadi. Psixologlar ana shu mas’uliyatni zimmaga olishlari, buning uchun esa o‘ta irodali bo‘lishlari kerak. 

Odamlarga e’tiborsiz, birovlarning dardini eshita olmaydigan, hayajoni kuchli va pulni hamma narsadan ustun qo‘yadiganlar esa bu kasb egasi bo‘lishga intilmagani ma’qul.

Psixologlar qayerda ishlay olishadi?

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu kasb egalari ta’lim maskanlarida, kasalxonalarda ishlashlari mumkin. Undan tashqari, psixologik markazlarda faoliyat ko‘rsatishlari yoki o‘zlari psixologik markaz  ochishlari mumkin. 

Psixologlar qayerda ta’lim olishadi?

Kelajakda psixolog bo‘lmoqchi bo‘lgan abituriyentlar O‘zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti yoki viloyatlardagi davlat universitetlarining pedagogika-psixologiya fakultetlarida o‘qishlari mumkin. Bu yo‘nalishda ta’lim olmoqchi bo‘lgan abituriyentlar biologiya, ona tili,  adabiyot va tarix fanlaridan imtihon topshirishadi.

Marhabo  SAIDOVA

0 ta izoh

There are no comments