MUVAFFAQIYATSIZLIK, ASLIDA, ISHDAN VOZ KECHISHDIR(22-23/2010)

Pessimistik fikrlardan qutilish uchun:

  • Blue blue sky by Eevee90 копияPessimistik fikrlarga manba bo’lgan o’ylash, xayol surish tarzini o‘zgartiring. Hayotimizni o‘zgartirishni istasak, fikrlashimizni ham o‘zgartirishga majburmiz. Fikrlashimizni o‘zgartirish esa bizning qo‘limizda.
  • Miyangizga yo‘nalish berishda nimalarni xohlamas-ligingizni emas, balki nimalarni xohlashingizni ayting. Masalan, omadsiz  bo‘lishni xohlamayman deyish o‘rniga, omadli  bo‘lishni xohlayman deyish kerak. .. 
  • Muvaffaqiyatsizlik yoki  mag‘lubiyat (yomon natija) dan kerakli xulosani chiqarishingiz bilan ularni unutib yuboring.  Sababi: ular  kayfiyatingizni tushirishdan boshqa narsaga yaramaydi. Kecha tarixga aylandi, endi eng muhimi  bugun. 
  • Har doim bajarishingiz mumkin bo‘lgan ishni eng yaxshi tarzda  qiling. Qo‘lingizdan kelganicha amalga oshirilgandan keyin  bajara olmaydigan ishingiz uchun o‘zingizni siqmang. Unutmang, bizga yomon ko‘ringan ishlar, aslida, yaxshi bo‘lishi ham mumkin.
  • Xayol suring, faqat yaxshi narsalarni o’ylang.  Maqsadingizga erishadigan onlaringizni ko’z oldingizga keltiring. 
  • Hamma narsaning yaxshi jihatlarini ko‘rishga harakat qiling. Zero, yaxshilikni ko‘rgan odam yaxshilikni o‘ylaydi. Yaxshilikni o‘ylagan odam esa hayotida yaxshi o’ylar o’tib  yashaydi. Masalan, test yechishda 20 ta xato qildingiz. Bunday holatda siqilish o‘rniga xatolarni tuzatib, keyingi imtihonlarda yaxshi natijaga erishaman deb o‘ylang. Yana bir misol: yo‘ldan o‘tib ketayotgan odamlar bir chekkada yotgan itning o‘ligini ko‘rib, u yerdan ijirg‘anib o‘tishayotganda, ulardan  biri: “Bu itning tishlari juda ham chiroyli ekan”, - debdi. Ya’ni, eng xunuk narsaning ham eng yaxshi jihatini ko‘ra olibdi.
  • Bajara olmayman, bo‘lishi mumkin emas, aslo… kabi so‘zlarni lug‘atingizdan chiqarib tashlashga harakat qiling.  
  • Tajriba o‘tkazish jarayonida siz aslo mag‘lubiyatga uchragan hisoblanmaysiz. Bu paytda tavakkal ham qilishga majbursiz (Testga tayyorlanish jarayoni abituriyent uchun tajriba jarayonidir). Xato qilishni  yoki yomon natija bo‘lishini  xohlamasangiz, hamma qilayotgan ishingizdan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Ya’ni ishlamagan odamda xato bo‘lmaydi. Asl muvaffaqiyatsizlik esa qilinayotgan ishdan voz kechish hisoblanadi. O’tmishda  o‘z  ismlarini qoldirgan odamlar tarixi bilan qiziqsangiz, ularning hayoti muvaffaqiyatsizlikka to‘la. Lekin  ular yiqilgan yeridan turib ketishni uddalashgan. Turish uchun o‘zlarida kuch va motivatsiya uyg‘ota olishgan.· O‘tmishda muvaffaqiyatsizlikka uchrashingiz  kelajakda ishingiz yurishmaydi,  degani emas. Inson o‘zgaradi, muhimi siz xohlang.
  • Yuqoridagilardan eng muhimi - o‘zingizga ishoning. Ichingizdagi juda katta imkoniyatdan foydalaning.  

Unutmang, pessimistik fikrda  bo’lganlarning hayoti  ko‘pincha yaxshi bo’lmaydi. Faqat yaxshi natijaga erishganlar doimo optimistik fikrlashgan. 

O‘tkazilgan tajribada o‘quvchilardan dars tayyorlashga to‘siq bo‘luvchi omillarni  tanlash so‘ralgan. Natijalarda esa eng ko‘p o‘quvchilarni bezovta qiluvchi sabab  motivatsiya kamligi bo‘lib chiqqan.  Masalan, so‘rovnomada 50 foiz o‘quvchi motivatsiya kamligini, 17 foizi  oiladagi muhitni, 16 foizi esa  o‘rtoqlarining  ta’sirini, 7 foizi esa  dars tayyorlash joyi yaxshi emasligini, 3 foizi esa dars tayyorlashga material yetishmasligini sabab qilib ko‘rsatishgan. So‘rovnoma o‘quvchilarning dars tayyorlashida qanday to‘siqlar borligini aniq-ravshan ko‘rsatib turibdi. Dars tayyorlashga o‘zini motivatsiya qila olmagan o‘quvchida dars qilish xohishi ham bo‘lmaydi. U holda dars tayyorlash istagi qanday uyg‘onadi, degan savol tug‘iladi.  Bu savolga esa keyingi sonimizda batafsil javob berishga harakat qilamiz. 

 

Mahmudjon YUSUFJANOV

 

0 ta izoh

There are no comments