MUVAFFAQIYAT O‘Z-O‘ZIDAN KELMAYDI (24-25/2010)

Munisa

- Munisa, avvalo, Sizni kirib kelayotgan yangi 2011-yil va biroz kech  bo‘lsa-da, talabalik baxti bilan tabriklaymiz. Shu bilan birga, an’anaviy savoli-mizga javob berishingizni iltimos qilamiz.  Talabalikka erishishdagi asosiy omillar nimalardan iborat, deb o‘ylaysiz?

- Rahmat. Men ham fursatdan foydalanib, Sizni va barcha abituri-yentlarni Yangi yil bilan tabriklay-man. Bu yil ularga omad yor bo‘l-sin va talabalik baxti nasib etsin! 

Talaba bo‘lish muvaffaqiyati  sirlariga kelsak,  bu, avvalambor, abituriyentning o‘ziga bog‘liq. Ma’lumki, kishidagi ishonch ko‘p narsani hal qiladi. Odam oldiga qo‘ygan maqsadiga erisha olishiga eng avval o‘zi ishonishi kerak. Aks holda, bunga hech kim ishonmaydi va maqsadi amalga oshmay qolishi mumkin.

- Abituriyentlik paytida qaysi fanlarga ko‘proq vaqt ajratib, qaysi fanlardan kamroq dars tayyorlagansiz?

-  Ma’lumki,  kirish imtihonlarida ballar bo‘yicha saralanish mavjud. Mening fikrimcha, har qanday abituriyent ham asosiy fanlariga ko‘proq vaqt ajratadi. Ya’ni men ko‘proq ingliz tili bilan shug‘ullanganman. Lekin grant asosida o‘qishga kirish uchun bitta yoki ikkita fandan shug‘ullanish, albatta, kamlik qiladi. Shu sababli ona tili va tarix fanlari bo‘yicha  ham yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rdim.

- Nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak, deyishadi. Masalan, Siz talaba-likka erishishingiz  uchun nimalardan voz kechdingiz?

- Ko‘p narsalardan voz kechish-ga to‘g‘ri kelgan. Masalan, ortiqcha uyqudan, ko‘p dam olishdan, to‘ylarga borishdan, ba’zida telefonda gaplashishdan, televizor ko‘rish va hokazolardan. Lekin bu o‘z natijasini berdi, albatta.To‘g‘risi, bunday tartibni boshqalarga ham tavsiya qilmoq-chiman.

- Talabalik payti bilan abituriyentlik davri  orasida qanday farq  bor ekan?

- Ikkisining  orasida, to‘g‘risi, katta farq bor. Masalan, abituriyentning xayolida oliy o‘quv yurtiga kirishdan  boshqa narsa bo‘lmaydi. O‘qishga kirgach esa  yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ladi. Endi yaxshi o‘qish,  malakali mutaxassis bo‘lish uchun astoydil harakat  qiladi. Lekin talabalikning yuki abituriyentnikidan ancha yengil, deb o‘ylayman. 

- Abituriyentlik davringizda sizga ko‘proq  kimlar yordam bergan?

-Eng avvalo, poytaxtimizdagi  Navoiy nomli abituriyentlarni tayyorlash markazi o‘qituvchilarining hissalari  katta bo‘lgan. Men ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Markazdagi  tadbirlar, test sinovlari, dars tayyorlashga undovchi mashg‘ulotlarning foydasi ko‘p  bo‘ldi.  Bundan tashqari, menga sharoit yaratib bergan,  har tomonlama qo‘llab- quvvatlagan ota-onamdan ham bir umr minnatdorman.

- Munisa, abituriyent o‘rtoqlaringizga qanday tilaklar bildirgan bo‘lardingiz?

- Avvalo, oliy o‘quv yurtiga kirish istagida tayyorgarlik ko‘rayotgan barcha do‘stlarimni gazeta orqali  kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklayman. Hammaga a’lo kayfiyat, sog‘liq-salomatlk, omad va zafarlar tilayman. Sizlarga kelgusi yilda omad kulib boqib, talabalik baxti nasib etsin.  Eng muhimi, ishonch va umid hech biringizni tark etmasin.

0 ta izoh

There are no comments