ISHONCH ODAMGA KUCH BAG‘ISHLAYDI(22-23/2010)

– Gulnoza, avvalo, sizni talabalik baxti bilan samimiy tabriklaymiz, muvaffaqiyatingiz sirini biz bilan o‘rtoqlashsangiz. 

– Tabrik uchun rahmat. Muvaffaqiyatimning siri intilishda bo‘lsa kerak. Har bir insonda o‘zining hayot tarzi, har kimning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘ladi. Unga erishganlarning ko‘pchiligi oldinga qarab intilgan insonlar hisoblanadi.  Agar odam maqsadni o‘z oldiga qo‘ysa-yu, lekin unga mos harakat qilmasa, u tabiiyki niyatiga erisha olmaydi. Intilishning o‘lchovi yo‘q, albatta. Maqsadga tezroq erishmoqchi bo‘lgan unga ko‘proq talpinadi. Masalan, men o‘qiyatgan OTMga kirish bir maqsad bo‘lsa, u yerga ikki yilda  yoki uch yilda, hattoki, besh yilda ham kirish mumkin. Maqsadga erishish odamning o‘ziga bog‘liq. Shu yo‘lda astoydil harakat qilsangiz, albatta, niyatingizga erishasiz.  Masalan, men bu yil Toshkent Tibbiyot akademiyasiga kiraman deb maqsad qildim. Shunga yarasha harakat qildim. Natijasi esa yaxshi bo‘ldi.  

Gulnoza– Shifokorlik juda mas’uliyatli kasb bo‘lish bilan birga doimo o‘qib-o‘rganishni talab qiladi. Siz nega aynan shu kasbni tanladingiz?

– Avvalo, bu ota-onamning orzusi edi. Qandaydir dard bilan qiynalayotgan odamning og‘irini yengil qilishdan ham buyukroq ish bo‘lmasa kerak dunyoda. Bilasiz,  inson hayoti hamma narsadan ustun turadi. To‘g‘ri, shifokorlik har doim izlanishni taqozo qiladi. Lekin bu soha egalari kasbini sevganlari bois uning zahmatiga ham chidaydilar. Boshqa sohalardan farqli ravishda bu kasb egalarining ishda adashishiga haqqi yo‘q. Sababi ular insonning hayoti bilan ishlaydilar.   

– Siz erishgan natija ko‘pchilikning havasini keltirishi tabiiy. Bu muvaffaqiyatni qo‘lga kiritish uchun tayyorgarlikni qachon boshlagansiz?

– Men kollejga kirgan yilim-dayoq tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis bo‘lishni orzu qilib, mazkur sohaga aloqador fanlar bo‘yicha astoydil tayyorgarlik ko‘rganman. Ko‘p-chilik talaba bo‘lish uchun tayyor-garlikka bir yil yetarli deb hisoblaydi. Men bu fikrga qo‘shilmayman. Boisi kirish imtihonida so‘raladigan savollar 11 yillik maktab darsliklari bo‘yicha bo‘ladi. Bir yilda ularning hamma-sini o‘zlashtirib olish yetarli bo‘lmasligi mumkin. 

– Aytmoqchisizki, bir yil tayyorgarlik bilan institutga kirib bo‘lmaydi.

– Yo‘q, men unday fikrdan yiroqman. Bu har kimning omadiga, bilimiga bog‘liq.  Lekin shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, birinchi yildayoq o‘qishga kirganlarning ko‘pchiligida fundamental bilim, ya’ni maktab davrida olgan bilimi kuchli bo‘ladi.

– Abituriyentlik davringizda televizor va telefon kabi “do‘st”laringiz bormidi?

– To‘g‘risi, bu paytda televizorni ancha kam ko‘rardim. Chunki u vaqtni ko‘p oladi. Telefondan ham kam foydalanardim. Faqat ota-onam va dugonalarim bilan  gaplashardim, xolos.

– Oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorgarlik jarayonida qaysi fanga ko‘proq e’tibor berish lozim deb o‘ylaysiz?

– Aslida abituriyent uchun har bir fan alohida ahamiyat kasb etadi.  Masalan,  0,1 ball yetmay institut darvozasidan qaytib ketayotganlarni ko‘rish yoki ularning holini tasavvur qilish mumkin. Shu sababli hamma fanlardan puxta tayyorgarlik ko‘rish lozim deb hisoblayman. Ammo men tayyorgarlik paytida kimyo fanini boshqa fanlarga nisbatan ko‘proq o‘qidim. Shu sababli bu fan ko‘proq vaqtimni oldi. Aniqrog‘i, menda shunday bo‘lgan. Lekin, boshqa fanlarni ham unutib qo‘ymaganman.

– “Abituriyent” gazetasi va abituriyent do‘stlaringizga tilaklaringiz.

– Avvalo, odam yaxshi tayyorgarlik ko‘rsa albatta, natijasi bo‘ladi. Bunga  ishonish kerak.  Agar muvaffaqiyatga o‘zingiz ishonmasangiz uni qo‘lga kirita  olmaysiz. “Abituriyent” gazetasi esa hayotda o‘z yo‘lini tanlayotgan yoshlarning doimiy hamrohi bo‘lsin.

 Oydin ZOKIROVA suhbatlashdi.

0 ta izoh

There are no comments