DARS TAYYORLASH ISTAGI QANDAY SHAKLLANADI?(24-25/2010)

Dars qilishni boshlash va uni doimiy ravishda davom ettirishda eng muhim omillardan biri  -  insondagi mas’uliyat va bu to‘g‘rida qaror  qabul qilish  hisoblanadi. 

Agar mas’uliyatni unutsangiz  va biroz beg‘amlikka berilsangiz, dars tayyorlamaslik uchun sizda yetarli darajada  sabab va bahonalar topiladi.

Bir kun ota-onangiz sizni eshitishni xohlamagani, ikkinchi kuni o‘qituv-chingiz sizni urishgani, boshqa  kuni havo yuragingizni siqqani uchun dars tayyorlamaysiz. Agar hayotda mas’-uliyatli va irodali bo‘lishini istasangiz, yuqoridagi holatlarning hech biridan ta’sirlanmasligingiz kerak. 

Dars qilishni boshlay olmaslikning  sababi “Nega dars tayyorlashim kerak?”–degan savolga javob topa olmaslikdandir. Har qanday harakatning zamirida turli xil sabablar bo‘lganiday, dars tayyorlash jarayonida ham bir necha sabablar mavjud.Tabiiyki, sababsiz hech bir jarayon amalga oshmaydi. Shu bois o‘quvchilar tomonidan aniq-ravshan reja belgilab olinishi kerak.  

Odatda, dars tayyorlash xohish bilan amalga oshadigan jarayon emas. Hech bir o‘quvchi dars tayyorlashni sayr qilish yoki  televizor ko‘rishdan zavqliroq demaydi. Ko‘pchilik o‘quvchilar dars qilishni xohlashmaydi. To‘g‘risi, bu ishni bajarish majburiy bo‘lgan yumush deb qabul qilishadi. Insonlar psixologik ravishda barcha ishlarni o‘z istak-xohishiga to‘g‘rilashadi. Hech kim istamagan ishidan  zavqlanmaydi, albatta. Masalan, agar tanlovlar ichida dars tayyorlamaslik bo‘lsa, uni birinchi bo‘lib qabul qilishadi. 

Ba’zi o‘quvchilar dars tayyorlash uchun ilhomni kutishadi. Lekin ilhom ish qilishni xohlagan inson uchun albatta  keladi. Odam bajarmoqchi bo‘lgan ishi haqida oldindan o‘ylaydi va miyasiga shuni qilishim kerak deb uqtirad. Bu fikrlar ongli ravishda bo‘ladi, albatta. Bu avtopilot kabi zanjirni ishga tushiradi. Shunday qilib ilhom paydo bo‘ladi. Dars tayyorlash xohlab bajariladigan ish bo‘lmagani sababli ilhomni kutish befoyda. O‘quvchilar sabr-toqat bilan ilhomni kutishadi,  ammo ilhom o‘z-o‘zidan kela qolmaydi. 

Uyquchi

Buning uchun qilishingiz kerak bo‘lgan birinchi ish vujudingizni dars qilishga tayyorlash bo‘ladi. Xohishsiz bajariladigan ishlardan oldin vujudingiz biroz charchaydi.  Shu bilan birga, vujudda zerikish, miyada charchash paydo bo‘ladi. Dars tayyorlashni boshlamay turib istak yo‘qoladi. Shunday holda dars qilishni boshlagan taqdirda ham bu jarayon uzoq davom etmaydi. Shu sababli gavdangizni tik tuting, chuqur nafas oling, yuzingizda tabassum hosil qiling. Bu narsa miyaga bajarmoqchi bo‘lgan ishingiz to‘g‘risida xohish borligi haqida xabar yuboradi. Miya esa dars qilishga ijobiy yondashadi.

 

Qaysidir ishni bajarish uchun ichimizdan kelgan istak motivatsiya deb nomlanadi. Motivatsiya qanchalik kuchli bo‘lsa, o‘sha ishni bajaradigan kuchimiz ham shunchalik kuchli bo‘ladi. Amalga oshirishingizga qanchalik ishonsangiz, natijaga shunchalik yaqin bo‘lasiz. 

Insonni harakatga keltiruvchi eng asosiy omil ehtiyoj hisoblanadi. Ehtiyojning his qilinishi muammo paydo bo‘lishi deganidir. Muammoni hal qilish uchun esa inson harakatlanishga majbur bo‘ladi. Mana shu narsa motivatsiya deyiladi. 

Dars qilish  motivatsiyasi esa bu jarayonni kelajak hayotimiz tarzini belgilashda va yaxshi hayot kechiri-shimizda bir zina o‘rnini o‘tashdan iborat bo‘ladi. Shu bois ehtiyojdan kelib chiqib, o‘zingizga kerakli natija tomon harakatlanasiz. Agar abituriyent imtihondan o‘tishni xohlasa, o‘rtacha balldan yuqoriroqqa harakat qilishi kerak. Agar hamma kabi tayyorgarlik ko‘r-sa, o‘rtacha bilimli bo‘lib,  imtihon-dan o‘ta olmasligi ham  mumkin.

Dars tayyorlashga motivatsiya topa olmaslikning quyidagicha sabablari bor:

  •  Motivatsiya qiluvchi sababning topa olinmasligi 
  •  Mas’uliyatni bo‘yinga olishni xohlamaslik
  •  Maqsadsiz odamlar bilan do‘st bo‘lish
  •  Motivatsiya etuvchi muhitning yo‘qligi
  •  Mehnatni yomon ko‘rish
  • Doimiy kimgadir bog‘lanib qolish
  • Vaqtni befoyda narsalarga sarflash
  • “Bajara olmaslik” dan qo‘rqish va bajara olishiga ishonmaslik
  • Sog‘liq muammolari
  • Dars qilishni kechiktirish odati
  • Doimo pessimistik xayollarga berilish
  • Mustaqil qaror qabul qila olmaslik 
  • Vaqtni o‘g‘irlovchi  do‘stlar va mashg‘ulotlar
  • Manbalardan unumli foydalana olmaslik
  • O‘ziga bo‘lgan ishonchning kamligi.

 

Mahmudjon YUSUFJANOV
 

0 ta izoh

There are no comments