OPTIMIST BO‘LSANGIZ HAMMASIGA ERISHASIZ (21/2010)

Ko‘pchilik o‘quvchilar, shuncha dars qilishlariga qaramay, xohlagan narsalariga erisha olmayotganlaridan shikoyat qilishadi. “Ishlayapman, ishlayapman, lekin hech natija yo‘q”,– deydilar. Mening o‘rtoqlarimdan qanday farqim bor? Ulardan kam joyim qayerda kabi faryodlariga guvoh bo‘lasiz. Xo‘sh, buning sababiflying horse 474x600 nimada bo‘lishi mumkin? 

Albatta, bunday holatning birgina sababi bo‘lmaydi. Lekin eng asosiy sabablaridan biri ularning pessimistlarcha fikrlashlari deyishimiz mumkin. 

O‘quvchilarning ko‘pchiligi dars tayyorlashni boshlamay turib, zehnlarida shu mavzuni o‘zlashtira olmaslik kabi bir necha fikrlarga duch kelishadi. Pessimist odam to‘g‘ri fikrlay olmaydi. Bu pessimistik fikrlar harakatni boshlashdan oldin sizni mag‘lubiyatga uchratadi. Zero Oliy o‘quv yurtiga kirish, eng avval, hayolda amalga oshadi. Zehnida g‘alabaga ishonmagan odam o‘sha g‘alaba uchun yetarli miqdordagi energiyani o‘zida hosil qila olmaydi.

Pessimistik fikrlar orzu-umidlaringizni yo‘qqa chiqarib, muvaffaqiyatingiz kerakli sathga chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Doimo salbiy fikrlaydigan o‘quvchilar shamol ta’sirida qiyinchilik bilan oqqan suvga o‘xshashadi. Ular uchun doimo stakanning yarmi bo‘sh.

Insonning ongi nimani gapirib, nimani o‘ylasangiz, shuni qabul qiladi. Haqiqat bilan yolg‘onning farqiga bora olmaydi. Salbiy (pessimistik) fikrlaganingizda, sizning bu fikrlaringiz amalga oshishi uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qiladi. Bunday holatda, siz ongingizni bu xususiyatidan kelib chiqqan holda uni maqsadlaringiz yo‘nalishida harakatlantirishingiz mumkin. 

Qanday deysizmi? Albatta, optimistik fikrlab. 

Ko‘pincha bo‘lib o‘tgan ishlarning natijalari insonning ongiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Tayyorlanish davomida yoki undan keyin muvaffaqiyatsizlikka erishishingiz mumkin. Lekin bulardan eng kam miqdorda ta’sirlanish faqatgina sizning qo‘lingizda. Bu esa natijalarning yaxshi tarafini ko‘rib, yaxshi xulosa qilishdan kelib chiqadi. 

Fors sultoni ikki kishini o‘limga hukm qilibdi. Mahkumlardan biri podshohga: “Agar bizni kechirsangiz, sizning otingizga uchishni o‘rgatamiz”–debdi. Sulton uchadigan otga ega bo‘lgan yagona odam bo‘lishini o‘ylab, ularning shartiga rozi bo‘libdi. Sultonning oldidan chiqqach ikkinchi mahkum : “O‘lim sanamizni bir yilga kechiktiryapsan, xolos”-deb e’tiroz bildiribdi. Bunga javoban birinchi mahkum: “Men o‘zimizga to‘rtta imkoniyat beryapman. Birinchisi bir yil ichida qirol o‘lishi mumkin, ikkinchisi men o‘lishim mumkin, ot o‘lishi mumkin va to‘rttinchisi, balki, uchishni o‘rgatarman!”

Muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lsangiz, barcha pessimistik fikrlarga qarshi optimistik fikrlarni topishingiz kerak. Chunki, pessimistik talqin qilingan barcha hodisalar sizga muvaffaqiyatsizlik bo‘lib qaytib keladi. 

O‘quvchilarni qora fikrlashga olib keladigan ikkita asosiy sabab bor:

1. Atrofdagilarning ta’siri. Atrofdagilarning (ota-ona, qarindosh, do‘stlar) o‘quvchidan nimalarnidir kutishi unga psixologik bosim o‘tkazadi. Shu sababli ham qandaydir salbiy natijadan so‘ng o‘quvchi umidsizlikka tushib qolishi va umidsizlarcha fikrlashni (Men qila olmayman) boshlashi mumkin. Boshqalarning siz haqingizdagi fikri ichingizdagi olovni so‘ndirmasin. Boshqalarning qila olmaysan degan ishini bajarish insonga zavq bag‘ishlaydi.

2. Imtihon natijalarining noto‘g‘ri talqin qilinishi. Kirish imtihonidan oldinroq o‘tkazilgan sinovlarda o‘quvchining past ball olishi uning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazishi mumkin. Unutmang, mutlaq muvaffaqiyatsizlik yo‘q. Faqatgina qayerdadir adashib qolgansiz. Imtihondan past ball olib, oliy o‘quv yurtiga kirish umidini ko‘mayotgan vaqtda bu muvaffaqiyatsizlik orqasidan nima kelishi mumkinligi haqida ham o‘ylab ko‘ring. Qancha yaxshi ko‘ringan ishlar borki, orqasidan yomonliklar keladi va xuddi shunday, bizga yomon bo‘lib ko‘ringan ishlarning orqasidan yaxshilik keladi.

Tasavvur qiling, yarim kechasi soat 3:00 da bir uyga o‘g‘ri kirdi. U sharpasiz yurishga harakat qilsa-da, baribir ovoz chiqarib qo‘ydi. Uning ovozidan uy egasi uyg‘onib ketib, baqirib, boshqalarni ham uyg‘otdi. Hamma o‘g‘ri bilan band bo‘lgan paytda yer qimirladi-da uylar qulab tushdi. 

Yuqorida bo‘lib o‘tgan voqeani hikoya qildik. O‘g‘rining uyga kirishi yomonlik sifatida ko‘rinsa-da, shuncha odamni zilzila balosidan saqlab ham qolgan. Demak, bo‘lib o‘tgan voqea haqida xulosa qilish uchun o‘sha voqeani obdon o‘rganish lozim.

Hayotga eshigingiz tirqishidan qaramang. Derazalarni ochib yuboring. Shunda ko‘proq narsani ko‘ra olasiz.

 

Mahmudjon YUSUFJANOV

 

0 ta izoh

There are no comments