NATIJA VA ISHONCH (19-20/2010)

Ishonchning muvaffaqiyatga olib borishi haqida hozirgacha minglab maqolalar yozildi va bundan keyin ham yoziladi. Ishonch  rivojlanishning ruhini tashkil etadi. Butun muvaffaqiyatning asosiy manbasi yuqori darajali ishonchdan so‘ng harakat hisoblanadi. 

1272147689 hodim2Ishonch ruhni bor kuchi bilan qaysidir ishga yo‘naltirishdir. Insonning ruhi maqsadga erishish uchun jism bilan birga harakatlanishi shart. Chunki, ruh bilan badan bir-biridan ayrilmas bir juftlikdir. Ruhning ruxsatisiz (ishonchsiz) qilingan har bir harakat badanimiz bilan to‘qnashadi. Yoki aksincha ishonganimizday harakat qilmasak ruhimizdan ayri qolishga majbur bo‘lamiz.

Ishonch yordamida inson ruhiy olamining badanga ta’siri tasavvurimizga sig‘maydigan darajada katta. Olov ustida yurgan hind aholisi, o‘tirgan joyida birgina amr bilan o‘luvchi afrikaliklar, ushlab ko‘rib yer ostidagi hosilni pishgan yoki xomligini aniqlay oladigan aborigenliklar ishonch-ning inson hayotidagi ta’siriga misollar bo‘la oladi. Bu gaplarimizga gazetamizning oldingi sonlarida berilgan suvdan yurib o‘tib ketgan odam hikoyasini eslasa ham bo‘ladi. 

Demak, shubhasiz ishonch bizning jismoniy potensialimizni eng yuqori cho‘qqisiga olib chiqa oladi. Ko‘nglingizga tushgan kichkinagina shubha sizga maqsad yo‘lida to‘siq hosil bo‘lgani demaktir. Ong ostida yuborilgan ijobiy yoki salbiy xabarlarni miya analiz va sintez qiladi, xabarga ko‘ra o‘z holatini belgilaydi. Yuborgan xabarlarimizning ishonchliligi yuqori bo‘lsa, miya buni hisobga oladi va kerakli chora tadbirlarni amalga oshiradi; agar yuborgan xabarimizga o‘zimiz ham ishonmasak, miya buni ham hisobga oladi va shunga mos harakat qiladi.

Mashhur sarkardalardan birining aytishicha: “Yengilishdan qo‘rqqan doim yengiladi”. Samolyotga chiqishdan qo‘rqqan odam ilk marotaba samolyotga chiqqanida jon taslim qilgani ham bo‘lgan voqea.

Agar ishonchimizning muvaffaqiyatdagi ta’sirini ko‘rishni xohlasak, ishni boshlashdan avval o‘sha ish amalga oshganday muomalada bo‘lishimiz kerak. Amalga oshgandan keyin hamma ham ishonadi, chunki qo‘limizda dalil bo‘ladi. Bu ishonchning natijaga hech qanday ta’siri yo‘q. Muhimi, natijaga erishishdan oldin ishonishdir. Muvaffaqiyatga erishganlar doimo natijaga erishishdan oldin o‘sha natijani ishonch dunyolarida yashab o‘tganlardir.

 Muhim kashfiyotlarni amalga oshirgan olimlar kashfiyot qilishdan oldin o‘sha narsaning borligiga butun vujudlari bilan ishonganlar. Edison lampochkaning borligiga ishonmasa, minglab tajribalar o‘tkazarmidi yoki Galiley Yerning shar shaklida ekanligiga ishonmasa, shuncha azobga chidarmidi?

Ishonch, ayni vaqtda, risk ham demakdir. Oddiy hayotimizda kira olmagan risklarga yuqori ishonch platformasida qo‘l urishimiz mumkin. Risk esa muvaffaqiyat degani. Ba’zi holatlarni o‘ylaganimizda aqlimiz bu ishga to‘siq bo‘lsa-da, ishonchimiz tirgak vazifasini bajaradi. Ko‘pincha tergovchi aqlni emas, hissiz ishonchning aytganini qilish bizni muvaffaqiyat sari yetaklaydi. 

Ba’zan omad deb nomlanmish muvaffaqiyatning guvohi bo‘lamiz. Aslida bu omad emas, ich-ichimizga singib ketgan ishonch uchun yaratuvchi tomonidan berilgan bir lutf.

Bizni o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz atrofdagilarning bizga beradigan yordamini ham belgilaydi. Biz o‘zimizga qanchalik ishonsak, atrofdagilar ham bizga shunchalik ishonishadi. Yetarki, g‘alaba qilishimizga ishonaylik. Shunda Poelo Koeloning “Alkimyogar” nomli kitobida aytilganidek, butun koinot bizga yordamchi bo‘ladi. 

Ishonch bizni maqsad yo‘lidagi sarf qiladigan energiyamizni kamaytiradi va bu ishdan zavqlanishimizni ta’minlaydi. Qaysidir ishni ishonchsiz boshlagan odam ong ostini o‘sha ishga ko‘ndira olmagani sababli ong osti ham bu ishni amalga oshmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. Ya’ni ishonchsiz yo‘lga tushgan odamning ishi juda qiyin bo‘ladi.

Mahmudjon YUSUFJANOV

0 ta izoh

There are no comments