BILMASLIK EMAS, BILISHNI XOHLAMASLIK – AYB (19-20/2010)

 -Abrorxon, sizni qo‘shaloq muvaffaqiyat bilan tabriklaymiz. Bunday yuqori darajadagi natijaning sirini biz bilan  bo‘lishsangiz …

01-Avvalo, omadim keldi. Qolaversa, oldimga qo‘ygan maqsadim sari sabr va shijoat bilan harakat qilganim mukofotsiz qolmadi. Avval eshitgan rivoyatlar-ga o‘zim amin bo‘ldim: ko‘zlangan yo‘l to‘siqlarsiz bo‘lmas ekan. Marra hamisha to‘siqlar osha harakat qilishni talab qilar ekan. 

Abituriyentlik  davri – mas’uliyatni his qilganlar uchun mas’uliyatli davr. Bu paytda  insondan ko‘p-roq mehnat talab qilinadi. Ko‘cha-da vaqtni besamar o‘tkazishdan topadiganimiz o‘quvchilik va talabalik orasidagi masofani uzog‘lashtirishdan boshqa narsa emas. Bu davrda men safdoshlarim bilan o‘quv markazi yoki kutubxonalarga   borib dars qilishni odatga aylantirdim. Maqsadim, albatta, vaqtdan unumli foydalanish bo‘lgan. 

Tayyorgarlik jarayoni davomida mas’uliyatni, shu bilan birga uyda bizga umid bilan qarab turgan ota-onala-rimizning ishonchlarini unutmasligimiz kerak. O‘qib oliy ma’lumotli bo‘lishimiz, nurli kelajagimiz uchun ular o‘zlari qiynalishsa-da, bizni doimo qo‘llab turishadi. Oila a’zolarimizning   bu mehnatlarini qadrlamaslik odamni  vijdon azobiga  qo‘yadi.

—Siz abituriyentlik davrida ishlaringizni qanday rejalashtirdingiz, nimalarga ko‘proq vaqt ajratdingiz?  

—Men har kuni 8 soat uxlardim. Fikrimcha, uyqu kamligi ishning samaradorligiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. To‘rt soat vaqtni esa kundalik yumushlar  va boshqa zarur ishlarga sarflardim. Qolgan 12 soatni dars tayyorlashga ajratardim. Har bir fanga teng miqdorda, ya’ni 4 soatdan vaqt ajratardim. 

—Turin politexnika universitetiga kirish uchun ingliz tilida suhbat bo‘ladi. Kun tartibingizda ingliz tiliga joy ajratmagansiz. U holda imtihonlarni qanday topshirdingiz? 

—Ingliz tilini o‘rganish uchun oliy o‘quv yurtiga kiradigan paytni kutish shart emas, deb o‘ylayman. Abituriyentlik davriga qadar har birimizda  ingliz tilini o‘rganishga 10 yil imkoniyatimiz bo‘ladi. Asosiysi, vaqtni taqsimlashni bilish zarur. 

—Uzr, siz Turin politexnika universitetiga ham kirdingiz. Lekin nima uchun Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘qishni tanladingiz?

—Juda qiyin savol berdingiz. Bu oliy o‘quv yurtidagi mutaxassisliklar men  kelajakda erishmoqchi bo‘lgan kasbga ancha yaqinroq ekan. Shuning uchun bu oliy o‘quv yurtini tanladim.

—Sizning o‘qishga kirishda yuqori natijaga erishishingizda kimlarning o‘rni katta bo‘ldi?

—Yuqorida aytganimdek, bu baxtli onlarga yetib kelishimda ota-onamning o‘rni katta bo‘ldi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi natijasida muvaffaqiyatga erishdim. Keyin Chust shahridagi 7-sonli ixtisoslashtirilgan internat maktabi o‘qituvchilariga, xususan, Sharifjon va Ilyosjon domlalarga, Munira opaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Shu bilan birga, Toshkent shahridagi   Navoiy o‘quv markazining barcha  xodimlariga chin dildan minnatdorchiligimni izhor qilaman.

—“Abituriyent” gazetasi va abituriyent do‘stlaringizga tilaklaringiz.

—“Abituriyent”  gazetasining obunachilari ko‘paysin (kulib). Abituriyent do‘stlarimga esa vaqtdan unumli foydalanishni maslahat berardim. Unutmang, bilmaslik ayb emas, balki bilishni xohlamaslik – ayb

 

 

 

0 ta izoh

There are no comments