TOSHKENT TO‘QIMACHILIK VA YENGIL SANOAT INSTITUTI (16-17/2010)

INSTITUT: KECHA VA BUGUN 

KOL stav0808004Institut 1932-yilda paxtani dastlabki ishlash, yigirish, to‘quvchilik va ipak texnologiyasi kafedralari faoliyatlari bilan tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda tarkibida 5 ta fakultet, 28 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda. 12 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar, 18 ta mutaxas-sisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda.

Institut o‘zining 70 yillik faoliyati davomida 42000 dan ziyod yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarga 700 nafar oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlab berdi.

Hozirgi kunda institutda 3500 dan ziyodroq talaba tahsil olmoqda. Ularga institutning 300 nafar professor-o‘qituvchilari, shu jumladan, 2 nafar akademik, 27 nafar fan doktori, 189 nafar fan nomzodi, dotsentlar samarali ta’lim bermoqdalar va bir vaqtning o‘zida ular 25 ta dolzarb mavzu bo‘yicha keng qamrovli ilmiy ishlarni olib bormoqdalar. Natijalarni esa ishlab chiqarishga, o‘quv jarayoniga tatbiq etmoqdalar.

Institutda ko‘p bosqichli uzluksiz ta’lim tizimi to‘liq shakllanmoqda. Institut qoshida 1998-yildan Respublikada birinchilar qatori tashkil etilgan akademik litsey faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Institut Respublikadagi o‘z yo‘nalishlariga mos 50 tadan ortiq kasb-hunar kollejlariga standartlar, o‘quv dasturlari, darslik, ma’ruza matnlarini yaratishda yaqindan yordam berib kelmoqda.

Institut xorijiy mamlakatlarning 20 dan ortiq turdosh oliy o‘quv yurtlari bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. U Xalqaro To‘qimachilik Akademiyasiga, Matbaachi oliy o‘quv yurtlarining Xalqaro Assotsiatsiyasiga, Xalqaro ipak uyushmasiga a’zo bo‘ldi. 200 dan ziyod professor-o‘qituv-chilar va aspirantlar Germaniya, Angliya, Belgiya, Braziliya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Gretsiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Chexiya, Hindiston, Polsha, Isroil mamlakatlarining o‘quv markazlarida malakalarini oshirib keldilar.

Mustaqillik yillarida institut jamoasi 6 mln. dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyani olishga erishdi.

Jumladan, Yaponiya hukumatining 4 mln. dollar miqdoridagi beg‘araz yordami tufayli keltirilgan eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari va uskunalari institutning moddiy-texnika bazasini yanada yangiladi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida yagona to‘qimachilik mahsulotlari sertifikatsiya markazi «CENTEXUZ» tuzildi va zamonaviy ravishda jihozlandi.

Iqtidorli talabalar Akademiyasi qoshidagi talabalar modalar teatri, «Ipak parilari» xalq dastasi, talabalar konstruktorlik byurosi, talabalar ilmiy-texnika tarjima byurosi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, institut tarixi muzeyi, Akademik M.A. Xojinova xona-muzeyi, kompyuter markazi, sanatoriy-profilaktoriy, «Yoshlik» sport klubi, talabalar qahvaxonasi, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Xumson qishlog‘ining so‘lim tog‘ bag‘ridagi «Rohat» sport - sog‘lomlashtirish oromgohi talabalar ixtiyorida.

Talabalar shaharchasida 1500 o‘ringa mo‘ljallangan 4 ta talabalar uylari mavjud. Viloyatlardan kelgan barcha talabalarga talabalar uylaridagi yorug‘, shinam xonalardan joy beriladi. Barcha talabalar uylarida Ma’naviyat va ma’rifat markazi, o‘quv, dam olish, sport xonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘qishda, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol bo‘lgan eng iqtidorli talabalar uchun tarixiy meroslarga boy navqiron va qadimiy shaharlarimiz: Samarqand, Buxo-ro, Xiva, Shahrisabzga sayohatlar tashkil etilmoqda.

Mustaqillik yillarida yaratilgan o‘quv-ilmiy moddiy baza asosida 22 nafar fan doktori, 170 nafar fan nomzodlari tayyorlandi, 33 ta darslik, monografiya, 43 ta o‘quv qo‘llanma, 310 ta uslubiy qo‘llanmalar, barcha fanlardan ma’ruza matnlari, 3500 ta ilmiy maqolalar chop etildi, 360 ta patent olindi. 13 nafar iqtidorli talabalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Davlat stipendiatlari, 140 nafar talaba-yoshlar bir qator nomdor stipendiyalarning sohibi bo‘ldilar.

TTYSI ning fakultetlari haqida keyingi sonimizda ma’lumot beramiz.

0 ta izoh

There are no comments