T A R J I M O N (16-17/2010)

Xizmat doirasi

interpreter symbol textTarjimonlik kasbi-eng keng tarqalgan kasblardan biri. Tarjimon til nuqtayi nazaridan bir-birini tushunmay-digan millat va shaxslar orasida muloqotni ta’minlovchi insondir. Tarjimon xorijiy tilda nafaqat erkin so‘zlay olishi, balki ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy atamalarni yaxshi bilishi lozim. Bundan tashqari u patent yozuvlar, texnik normativlar, majlis va konferensiyalarga oid, qo‘yingki, barcha sohadagi material-hujjatlarni tarjima qila bilishi darkor.  

Tarjimon uchun eng muhim narsa-boshqa tilda so‘zlayotgan odamning maqsadini aniq va ravshan tushunishdir. Tarjimonlik quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin: 

og‘zaki;

yozma;

sinxron.

Og‘zaki tarjimonlik muloqot qilayotgan ikki shaxsning bir-birini tushunishini ta’minlasa, yozma tarjimonlikda matnlar bilan ish ko‘riladi. Sinxron tarjima nisbatan qiyinroq bo‘lib, bu, asosan, konferensiyalarda qaysidir tilda o‘qilayotgan nutqni notiq bilan hamohang tarjima qilib borishni talab qiladi.

Ijobiy jihatlari.

Tarjimonlik kasbining o‘ziga xos ijobiy jihatlari quyidagi bandlarda o‘z ifodasini topadi:

  • har bir sohada o‘zini rivojlantirishning imkoni borligi. Masalan, yozma tarjima, sinxron tarjima, kinofilm, kitob va jurnallar tarjimasi;
  • tarjimonning turli turistik firmalarga, shuningdek, jurnalistika va menejment sohasiga ham ishga taklif qilinishi mumkinligi;
  • turli millatga mansub odamlar bilan tanishish va ularning urf-odatlarini o‘rganish imkoniyati;
  • u qilgan xizmat evaziga yaxshi to‘lovning amalga oshirilishi.

Salbiy jihatlari.

  • ba’zan ishning ko‘payib ketishi, ba’zan esa umuman ishsiz qolishi ehtimolining mavjudligi;
  • buyurtmachidan taklif tushgandagina ish bilan ta’minlanish mumkinligi;
  • og‘zaki tarjimonlik qilayotgan odamga ba’zan ikkinchi toifali inson sifatida qaralishi va unga kuryerlik (tashuvchilik) vazifasining yuklab qo‘yilishi.

Qobiliyat.

Kasb taqozosiga ko‘ra tarjimondan turli xil qobiliyatlar talab qilinadi. Masalan, og‘zaki yoki sinxron tarjima bilan shug‘ullanadigan shaxslarda kirishuvchanlik xususiyati bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, ushbu kasb egasi tahlil va tahmin qilish, ya’ni gap nima haqida ketayotganini tezda ilg‘ab olish qobiliyatini o‘zida shakllantirishi kerak. Shuningdek, fikr almashayotgan ikki tomon orasida kelishmovchilik chiqsa, tarjimon diplomatik yo‘l tutib, ularni “yumshatish” imkonini topishga harakat qilishi darkor. 

Yozma tarjimonlardan esa har ikki tilning nozik nuqtalarini ilg‘ay bilish, tushunilishi qiyin bo‘lgan badiiy so‘z yoki ilmiy atamalarning eng mos ekvivalentini topish talab etiladi. Bu esa muayyan tilning grammatikasini mukammal o‘zlashtirishni taqozo etadi. Demak, yuqoridagi fikrlardan anglashilib turibdiki, boshqa bir tilda erkin so‘zlay bilish – bu hali tarjimonlik degani emas!

Ma’lumot darajasi.

Tarjimon eng kamida ikkita tilni bilishi kerak. Shu sababli ham undan oliy ma’lumotli bo‘lish, ya’ni oliy o‘quv yurtini tamomlash talab qilinadi. Ba’zi talabalar universitet yoki institutda ta’lim olish barobarida uchinchi tilni ham o‘rganib olishga ulgurishadi. Lekin professional tarjimonlar bitta til bo‘yicha faoliyat yuritishni afzal ko‘rishadi. 

Ta’lim.

Tarjimon bo‘lishni xohlagan abituriyentlar uchun O‘zbekiston jahon tillari universitetida maxsus “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” fakulteti mavjud. Shuningdek, xorijiy filologiya fakultetini tamomlagan mutaxassislar ham tarjimonlik qilishi mumkin. Ayni fakultetlarga ta’lim olish istagida bo‘lgan abituriyentlar ona tili va adabiyot, chet tili va tarix fanlaridan imtihon topshirishadi.

Lobar BOLTAYEVA

1 ta izoh

  1. Gravatar

    Davlat ishlaridagi nufuzli insonlar bilan birga ishlash uchun, doimo ularning asosiy aloqachisi bo`lish uchun taxminan necha til bilish zarur?