MUHIMI, SENDAN O‘ZIB KETAMAN (16-17/2010)

O‘RGANISH USULLARI

Nimalarni o‘rganish lozimligini aniqlash bilan bir qatorda, ularni qanday o‘rganish kerakligi haqida bosh qotirish ham muhim ahamiyatga ega masalalardan biridir. Zotan, o‘rganishning eng qulay usulini tanlash konsentratsiya qilishda va o‘rganilgan bilimlarni xotirada muqim saqlanib qolishida katta yordam beradi. 

Ta’kidlash joizki, imtihonga ijtimoiy fanlar bo‘yicha tayyorlana-yotgan o‘quvchidan ko‘proq o‘qish talab qilinadi. Bu borada muayyan samaraga erishish uchun muhim deb bilingan ma’lumotlarni bir daftarga yozib borish yoki chizmalar bilan mustahkamlash darkor. Chunki to‘xtovsiz kitob o‘qish kishini zeriktirishi va uning kitobga bo‘lgan muhabbatini so‘ndirishi mumkin.  

Shuningdek, aniq fanlar asosida tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentning faqatgina formulalarni quruq yodlab olishi, ularni misol va masalalarni yechishda qo‘llay bilmasligi katta  xatolik hisoblanadi. Boisi, formulalarni shunchaki yodlab olish hech qachon foyda bermaydi. Ularni eng qulay, eng oson shaklda ishlatishni o‘rganish esa yaxshi natijaga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. 

HIKOYA.

imagesAmerikalik va Yaponiyalik ikki tadbirkor o‘rmonda tashkil etilgan seminarga tashrif buyurishdi. Tanaffus paytida ular o‘rmonda sayr qilishni ma’qul deb topishdi. Bir payt ortlaridan eshitilgan yirtqich hayvonning o‘kirigi ularni cho‘chitib yubordi. O‘zlari tomonga o‘qday otilib kelayotgan arslonni ko‘rgan tadbirkorlar oyoqlarini qo‘lga olib qocha boshlashdi. 

Qochib ketish asnosida yapon birdan to‘xtab, haltasidan yengil sport poyabzalini olib kiya boshladi. Shunda amerikalik unga qarab: “Shuni kiysam, arslondan tezroq yugura olaman, deb o‘ylayapsanmi?”- deb baqirdi va oyoq kiyimini kiyish bilan andarmon bo‘lgan sherigidan 20 metrcha o‘zib ketdi. Nihoyat, yapon tadbirkor oyoq kiyimlarini kiyib bo‘lgach, tezda amerikalikka yetib oldi va ko‘p o‘tmay undan o‘zib ham ketdi. Keyin u orqasiga o‘girilib: “Bu oyoq kiyimi bilan arslondan qochib qutula olmasligim mumkin, lekin seni ortda qoldira olaman”,-” deb javob berdi. 

Ha, kimdandir o‘zib keta olishimiz uchun bizni oldinga olib o‘tishga qodir tafovutlarga ega bo‘lishimiz kerak. Abituriyentning bu boradagi eng muhim yutug‘i dars tayyorlash usulini bilishidir.

KONSENTRATSIYA DAVOMIYLIGI

Odatda, miya nimagadir diqqat qilganidan so‘ng ma’lum bir vaqt o‘tgach, erkin fikrlashni boshlaydi. Diqqat qilingan vaqt davomiyligi esa konsentratsiyaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Shu sababli abituriyent o‘zining konsentratsiya ko‘lamini bilishi va shunga mos ravishda reja tuzishi kerak. 

Har bir insonning konsentratsiya davomiyligi har xil. Ya’ni ma’lum vaqt o‘tgach, fikr bo‘linadi, xayol boshqa narsalarga chalg‘iydi. Bu holatning chegarasini qat’iy va aniq belgilash mumkin. Masalan, o‘qiyotgan yoki eshitayotgan ma’lumotlaringiz bilan birgalikda nimalarnidir hayol qilishni boshlasangiz va ularni o‘zingiz davom ettirayotgan bo‘lsangiz, demak, sizning konsentratsiyangiz davomiylik vaqti allaqachon o‘tib ketibdi. Basharti, davomiylik muddati juda qisqa bo‘lsa, siz uni ko‘paytirish chora-tadbirlarini ko‘rishingiz lozim. 

Buning eng samarali usullaridan biri o‘zingiz qiziqqan yoki yoqtirgan mavzudagi kitobni mutolaa qilishdir. Bu diqqatingizning jamlanishiga yordam beradi. Ha, darvoqe, ayni usuldan foydalanayotganingizda diqqatingiz qachon bo‘linganini aniqlashtirishga imkon qadar harakat qiling. Diqqatingiz bo‘lindimi – kitob o‘qishni to‘xtating. Ertasi kuni mutolaa vaqtini biroz orttirishga urinib ko‘ring. Chunki har kun birozdan o‘qish vaqtini orttirib borish konsentratsiya davomiyligini orttiradi. 

Безимени 1Konsentratsiya davomiyligini orttirishning usullaridan yana biri matn tanlab, belgilangan vaqt oralig‘ida undagi qaysidir so‘zning necha marta takrorlanganini sanashdir. Bu mashqni o‘rtoq-laringiz bilan birgalikda musobaqa shaklida ham o‘tkazishingiz mumkin. Yoki xonangiz devoriga A4 formatidagi qog‘ozni yopishtiring va uning markazidagi tangaday joyni qora qilib bo‘yang. Stulingizni devordan 1 metr masofaga qo‘yib, besh daqiqa davomida diqqatingizni bo‘lma-gan holda o‘sha qora dog‘ga qarab turing. Ertasiga bu jarayon muddatini bir daqiqaga orttiring. Har kuni bu mashqni takrorlab turing. O‘ylaymizki, bu usuldan foydalanib konsentrat-siyangiz davomiyligini ko‘ngildagiday holatga keltirib olasiz. 

Aziz do‘stim, yodingizda tuting: ushbu mashqlarni nima uchun bajarayotganingizni idrok qilsangiz, yaxshiroq natijaga erishasiz! 

Mahmudjon YUSUFJANOV

 

 

 

 

 

0 ta izoh

There are no comments