AGRONOM (15/2010)

AGRONOM KIM? 

Agronomiya qishloq ho‘jaligi ishlab chiqarish fani bo’lib, u qishloq ho‘jaligida qiymatga ega bo‘lgan barcha ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanadi. Agronom esa qishloq ho‘jaligi mutaxassisi hisoblanib, u agronomiya sohasidagi ko‘p qirrali ilmga ega bo‘ladi.  Agronom dala, bog‘ va issiqxona mahsulotlarining yangi navlarini yaratadi. Tuproq va yer xususiyatlaridan kelib chiqib, qishloq ho‘jaligi ishlab chiqarishini rejalashtiradi va amalga oshiradi. 

Agronom hamma davrlarda odamlarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish maqsadida Quyosh va Yerning yashil dunyosi o‘rtasidagi bog‘lovchilik funksiyasini bajaruvchi kishi hisoblanadi. 

AGRONOMLIK MAS’ULIYATI. 

6b...Agronomlik qonun-qoidalari Qadimgi Gretsiya, Qadimgi Misr, Xitoy, Xindiston va Qadimgi Rimda ham ma’lum va mashhur edi. XVIII asrning oxirlarida boshqa fanlardagi (kimyo, biologiya va b) o‘sish hamda rivojlanish sababli yerga ishlov berish ishlari, o‘simliklarga ishlov berish nazariyalari, urug‘chilik usullari, o‘simliklarni zararli kasalliklardan himoya qilish ham rivojlana boshladi. Hozirgi kun texnologiyalari esa agronomning ishini osonlashtiradi va yuksak maqsadlar sari chorlaydi.

Agronomiyada boshqa sohalardan farqli ravishda rivojlanish juda murakkab yo‘l orqali amalga oshadi. Bu sohaning  rivojlanishi olingan hosil miqdori va yangi yaratilgan mahsulotning sifati orqali baholanadi. 

Agronom turlarni chatishtirib yangi navlar yaratish ustida bosh qoturuvchi inson hisoblanadi. Shu sababli bu soha vakillari genetik ko‘payish usullaridan yaxshi xabardor bo‘lishlari shart. Chatishtirish orqali hosil qilingan yangi navlarning inson salomatligiga ta’siriga ham agranom javobgar bo‘ladi. Endi agronomiyaning naqadar mas’uliyatli soha ekanligini tasavvur qilib olavering! 

AGRONOMNING VAZIFALARI: 

 Agronomning kasbiy funksiya-lariga quyidagilar kiradi:

- agronomiya sohasida ilmiy izlanishlar olib borish;

- dala, bog‘ va issiqxona mahsulotlarini qayta ishlashning eski va yangi usullarini o‘rganish hamda tadbiq qilish;

- o‘simliklarga zarar beruvchi hasharotlar va kasalliklarga qarshi kurashishning yangi usul va texnologiyalarini ishlab chiqish;

- qishloq ho‘jaligi mahsulotlarining hosilini orttirish, tuproqning mahsuldorligini oshirish maqsadida agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish;

- ekiladigan mahsulot turi va navini orttirish rejasini tuzish;

- urug‘larni ekishni tashkil etish;

- urug‘larning unib chiqish va ularni nazorat qilish kalendarini tuzish;

- hosilni yig‘ib olish va kerakli joylarga yetkazish nazoratini o‘rnatish.

AGRONOM QANDAY SIFATLARGA EGA BO’LISHI KERAK? 

Yuqoridagilardan o‘zingiz  xulosa qilib olgan bo‘lsangiz kerakki, agronom jismoniy baquvvat, turli kasalliklarga chidamli, tez qaror qabul qila oladigan, yaxshi xotiraga ega va ilmiy fikrlashlari kuchli bo‘lgan odamlar bo‘lishadi. 

Ularning ish joylari esa dalalarda, fermer ho‘jaliklarida, ilmiy izlanish institutlarida va ilm maskanlarida bo‘lishi mumkin. 

Agronomlar boshqa kasb egalaridan farqli ravishda umrlarini toza havoda, tabiat qo‘ynida o‘tkazishadi. 

Agronom bo‘lmoqchi bo‘lgan abituriyentlar Toshkent davlat agrar universiteti va boshqa Qishloq xo‘jaligi institutlari  Agronomiya (dehqonchilik mahsulotlari bo’yicha) fakultetida ta’lim olishlari kerak. Ular, bilogiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments