AVIADISPETCHER (Havodagi harakatni boshqarish) (13-14/2010)

Aviadispetcher kim?

FlugsimulatorHozirgi kunda insonlarning uzog‘ini yaqin qiladigan vositalarning eng kuchlilari samolyotlar hisoblanadi. Bizga ma’lumki, samolyotlar boshqarish mutaxassisdan juda katta mohirlikni talab qiladi. Uchuvchilar samolyotni boshqarishni amalga oshirsalar-da, havodagi bir necha samolyotlarni boshqarish, ularning kursini almashtirish kabi vazifalar boshqa kasb egalariga zimmasida. Bu kasb egalarini biz aviadispetcherlar deb ataymiz.

Aviadispetcherning asosiy vazifasi samolyot, vertolyot va boshqa havo kemalarini havfsiz, davomli va tartibli harakatlanishini ta’minlashdir. Aviadispetcherning bu ishlarni to‘liq bajarishi uchun undan fazoviy boshqaruv, aviatsion meterologiya va uning faoliyati davomida detallari bilan reglamentlab qo‘yilgan qonun qoidalarni va qo‘llanmalarni juda yaxshi bilishi talab qilinadi. Masalan, havo kemalarini fazoda havfsiz ravishda tarqatish (joylashtirish) uchun, aviadispetcher vertikal, yon va ko‘ndalang eshelonlashtirish (havo kemalarini vertikal va gorizontal tekisliklarda havfsiz ravishda joylashtirilishi) qonunlarini qo‘llaydi. 

Ishning tashkil etilishi.

Aviadispetcherning asosiy vazifasi o‘ziga biriktirilgan hududdagi fazoning vaziyati va u yerdagi havo harakatini uzluksiz ravishda boshqarib turishdir. Bu vazifani bajarish uchun aviadispetcher radio aloqa asboblaridan foydalanadi. Unga havo kemasidagi radioaloqa bilan bog‘lanish va o‘ziga qo‘shni sektorlardagi hamkasblari bilan elektro aloqa orqali bog‘lanadi. 

Aviadispetcherning ish joyi havodagi vaziyatni, meteoholatni (ob-havoni) ko‘rsatuvchi monitorlar, turli signal tablolari, turli axborotnomalar va radioaloqa uskunalari bilan jihozlangan bo‘ladi.

Havo kemalarining havodagi harakatini samarali ravishda boshqarish uchun fazo turli dispetcherlik punktlar mas’ul bo‘lgan rayonlarga bo‘linadi. Ularning texnologik vazifalariga ko‘ra quyidagi dispetcherlik punktlariga ajratish mumkin: 

“Boshqarish”; 

“Uchish va qo‘nish”; 

“Aylanish”; 

“Yaqinlashish”; 

“Rayon markazi” dispetcherlik punktlari; 

“Mahalliy havo yo‘llari”; 

“Aerodrom dispetcherlik punktlari”;

 
Mas’uliyat va qiyinchilik. 

Aviadispetcherlik kasbi egalari juda kuchli fazoviy fikrlashga ega bo‘lishlari shart. Chunki ular bir xonada o‘tirishsa-da, qaysi samolyotning qay bir samo koridorida va qay yo‘nalishda harakatlanayotganini, bu yo‘nalishda boshqa samolyot bor yo‘qligi, ularning tezliklari o’rtasidagi farq haqida fikrlay olishlari shart. Ularning eng kichik xatosi ham katta fojea bilan tugashi, ko‘plab insonlarning hayotiga nuqta qo‘yish mumkin. 

Shu yerda mavzuimizga aloqasi bo‘lmasada Paxtakor-79 halokatini eslab o‘tishni lozim topdik. O‘sha halokatga hamma har xil sabab ko‘rsatadi. Shulardan biri aviadispetcher bilan bog’liq bo’lib, u marhum futbolchilarimiz ketayotgan samolyot yo‘nalishini o‘zgartirishni aytgan. Natijada, boshqa havo yo‘li orqali kelayotgan boshqa bir havo kemasi bilan to‘qnashib ketgan. 

Qayerda ta’lim olinadi.

Hozirgi kunda Respublikamizda bu soha bo‘yicha faqatgina Toshkent Davlat texnika universitetining aviasozlik fakultetida ta’lim beriladi holos. Bu fakultet talabasi yoki aviadispetcher kasbi sohibi bo‘lishni istovchi abituriyentlar Ingliz tili, fizika va ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishlari kerak.

Azizbek JAXONOV

0 ta izoh

There are no comments