KASB TANLASHDAGI XATOLIK (11/12/2010)

1-XATO: Kasb o‘bro‘si hech narsani hal qilmaydi.

 'lAksariyat abituriyentlar kasb tanlayotganda uning nomdorlik darajasiga ko‘p e’tibor berishadi. Jismoniy mehnatni talab qiladigan kasblarni esa u qadar xush ko‘rishmaydi.  Shu sababli o‘rta ta’limni tugatayotgan o‘quvchilar o‘z hayotlarini yurist, jurnalist yoki iqtisodchi bo‘lish orzusi bilan bog‘laydilar. Albatta, buning yomon tomoni yo‘q. Ammo qalbga ham quloq tutib ko‘rish kerak: qani, u nima derkin? 

Unutmangki, har kimning qaysidir sohaga qobiliyati mavjud. Hamma yurist yoki iqtisodchi bo‘lavermaydi. Qolaversa, ayni kasb diplomini  qo‘lga kiritish bilan hamma masala hal bo‘lmaydi. Chunki bu soha bo‘yicha juda kuchli mutaxassislar bor va ular bilan raqobatlashish oson kechmaydi. Ta’kidlash joizki, keyingi  paytlarda dasturlash va internet texnologiyalari bilan bog‘liq kasblarning mashhurlik darajasi ortib bormoqda.

2-XATO: Do‘st yoki sevgilisi uchun kasb tanlash.

“Eng yaqin do‘stim yoki sevgilim falon institutga hujjat topshirdi. Men ham shu yerda o‘qiyman,” – deyish kasb tanlashdagi eng katta xatoliklardan biridir. Afsuski, bunday hol o‘ziga ishongan abituriyentlar orasida ham uchrab turadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, siz tanlagan kasbingiz bilan bir umr birga bo‘lasiz. Bu kasb siz uchun  kelgusida  oila tebratish va hayot kechirishingizda asosiy daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi. Xarakter va qobiliyatingizga mos kelmaydigan kasbni tanlash esa o‘zingizni umrbod qiynab yashash demakdir. Unutmang: do‘stingiz yoki sevgilingiz bilan munosabatlarni boshqa kasb egasi bo‘lgan holda ham davom ettirishingiz mumkin. 

3-XATO: ota-onalarning xohishi.

Ko‘pincha abituriyentlar qaysidir kasbni tanlagandan so‘ng yo‘lning yarmida “ot almashtirish”ga qaror qilishadi. Sabab – ota-onaning xohishi. Aslida, ota-onalar hech qachon farzandlariga yomonlikni ravo ko‘rishmaydi. Ularning xatosi esa aynan o‘zlari tanlagan yo‘lning farzandlari uchun doimo to‘g‘ri deb o‘ylashlaridir. Buning o‘rniga ular o‘z bolalariga har bir kasbning yaxshi va yomon jihatlarini ko‘rsatib berishlari, tanlash ixtiyorini yoshlarga havola etganlari ma’qul. “Falonchi - yurist. U yaxshi ishlayapti. Sen ham shunday bo‘lasan!” qabilidagi fikr hamisha ham o‘zini oqlayvermaydi. Chunki yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, har kimning qobiliyati har xil sohaga yo‘nalgan bo‘ladi.

4-XATO: orzular, orzular…

Litsey, kollejni bitirayotgan o‘quvchilar o‘zlarining eng hayajonli damlarini boshdan kechirishyapti, deyish mumkin. Balki shu sababdir, ular turli tashqi ta’sirlarga tez berilishadi. Masalan, qaysidir qo‘shiqchini yaxshi ko‘rishsa, beixtiyor unga o‘xshashni orzu qila boshlashadi. Lekin orzu qilayotganda real hayot bilan ham hisoblashish kerak. Behuda va hech qanday asosga ega bo‘lmagan orzular og‘ushida vaqt yo‘qotgandan ko‘ra, dars tayyorlagan yaxshiroq. Deylik,    100 m masofani 15 soniyada bosib o‘tadigan o‘quvchi futbolchi bo‘lishni emas, balki o‘ziga ma’qul boshqa bir ishni amalga oshirishni niyat qilgani maqsadga muvofiq. 

5-XATO: pul ortidan quvish.

Kasb ayrim shaxslarda o‘z qobiliyatlarini namoyon qilish orqali xalqqa foyda keltirish emas, moddiy daromad  olish manbaigagina aylanib qolgan. Kasb tanlayotgan abituriyentning “Shu kasbdagi odamlar ko‘p pul topishadi”, - deb o‘ylashi eng katta xatolardan biridir. Chunki  ayni kasb  diplomiga ega bo‘lgan qobiliyatsiz mutaxassislar allaqachon boshqa sohaga o‘tib ketishgan. Siz o‘z tanlagan kasbingizning haqiqiy professional egasi bo‘ling, shunda pul sizning ortingizdan keladi. 

Odatda, kasb tanlay olmayotgan litsey va kollej o‘quvchilariga maxsus psixologik testlardan o‘tish tavsiya qilinadi. Lekin bunday testlar har doim ham foydali bo‘lavermaydi. Eng to‘gri yo‘l – o‘zingiz bilan o‘zingiz maslahatlashgan, qobiliyatla-ringizdan kelib chiqqan holda kasb tanlashdir. Kelgusidagi o‘qish va ishlaringizda barchangizga omad yor bo‘lsin!

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments