TO‘QIMACHILIK MUHANDISI (9-10/2010)

CHINA Textile FactoryRespublikamizda tolali o‘simliklar (paxta, zig‘ir, kanop va b.) ko‘p yetishtiriladi. Ulardan unumli foydalanish, bu tolalardan xalqimiz ehtiyoji, shuningdek, eksport uchun sifatli gazlamalar tayyorlash mamlakatimiz iqtisodiga juda katta foyda keltiradi. Bu ishni amalga oshirishda o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lgan to‘qimachilik muhandislariga juda katta talab seziladi. 

To‘qimachilik muhandisi to‘qimachilik xom ashyosini qayta ishlash bosqichlarida texnik va idoriy ishlarni amalga oshiruvchi, mehnat jarayoniga zamonaviy texnologik usullarni tatbiq qiluvchi mutaxassis hisoblanadi. To‘qimachilik muhandisi, umumiy holda, xom ashyoni tayyor mahsulot shakliga kelishini ta’minlaydigan shaxsdir. 

To‘qimachilik muhandisi ishlab chiqarish bosqichlarini rejalashtiradi. Mahsulotning eng arzon va sifatli shaklda ishlab chiqarilishi ko’p jihatdan unga bog‘liq. Mahsulotning texnik va estetik to‘qilish jarayonlarini, to‘qimachilik mashinalarining soz yoki nosozligini nazorat qilib boradi. Shuningdek, ishlab chiqarilgan mahsulotning sifat nazoratini amalga oshiradi. Basharti bu borada qandaydir kamchilik mavjud bo‘lsa, uning kelib chiqish sababini o‘rganadi va bartaraf qilish choralarini ko‘radi. Chunki to‘qimachilik mashinalarini undan ko’ra yaxshiroq biladigan ishchi bo‘lmaydi. 

Hozirgi kunda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi to‘qimachilik sohasida ham avtomatlashtirish jarayonlari amalga oshirilgan. Janubiy Koreya, Turkiya kabi davlatlarning to‘qimachilik mahsulotlari bilan raqobatlasha oladigan mahsulotarni ishlab chiqarish uchun bizning mutaxassislarimiz ham to‘qimachilikni avtomatlashtirishlari, ular yordamida arzon narxli, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishlari shart. Buning uchun esa to‘qimachilik sohasidagi avtomatlashtirishdan yaxshi xabardor bo‘lishlari, kompyuterda erkin ishlay olishlari talab etiladi. 

Maktabda va oliy o’quv yurtida aniq fanlarni  puxta o’zlashtirgan mutaxassis har qanday murakkab texnologiya bilan tezda til topishib ketadi. Bundan anglashiladiki, to‘qimachilik mutaxassislari texnikani yaxshi tushunish bilan birga, aniq fanlarga qobiliyatli ham bo‘lishlari kerak. 

To‘qimachilik muhandisi mahsulot sifatini nazorat qilishini hisobga olsak, ushbu mutaxassis matolarni farqlay bilishi, ularni yaxshi-yomonga va turlarga ajrata olishi ham muhim . Matoning sifat darajasi esa uning tarkibidan tortib, to qalinligigacha bo‘lgan jihatlarni o‘z ichiga qamrab oladi. 

To‘qimachilik muhandislari to‘qimachilik fabrikalari yoki kichik korxonalarida ishlashadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Respublikamizda ushbu soha keng quloch yoymoqda. Deyarli har bir viloyatda to‘qimachilik fabrikalari qurilmoqda va ishga tushirilmoqda. Bu esa ayni sohada mutaxas-sislarga doimo ehtiyoj bo‘lishidan dalolatdir. 

Hurmatli abituriyent! Agar siz ushbu soha vakili bo‘lishni istasangiz, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida yoki shu institutning viloyatlardagi filiallarida ta’lim olishingiz mumkin. Buning uchun siz matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot yoki matematika, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishingiz lozim. 

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments