Sharafli kasb sari ilk qadam

Yulduz Mallayeva 1992-yilda Qashqadaryo viloyatida tavallud topgan. Ayni paytda talabalik gashtini surmoqda. U 2009-yil Toshkent tibbiyot akademiyasining Davolash ishi fakultetiga 215,3 ball to‘plab, davlat granti asosida talabalar safiga qabul qilingan.

 

Yulduz tinimsiz mehnati evaziga maqsadiga erishdi. U el uchun juda muhim kasbni tanlash yo‘lida harakat qilmoqda. Xalqning salomatligini ta’minlash hammaning ham ishi emas. Ayniqsa, yetuk mutaxassis bo‘lish uchun yetti yil bakalavriatni, undan keyin yana uch yil magistraturani o‘qishga har kimning ham sabri chidamaydi.

Abituriyentlik bosqichi maqsad yo‘lida birinchi zina hisoblanadi. Qahramonimiz bu zinadan mehnatlari evaziga o‘tib oldi. Bu bosqichda qanday tayyorgarlik ko‘rganini, keling, o‘zidan eshitaylik.

Abituriyentlik- kirish imtihoniga 3-4 oy qolgan vaqtdagi tayyorlanish emas. Tayyorgarlik qancha erta boshlansa, maqsad shuncha yaqinroq keladi. Bilamizki, kirish imtihonida bir necha yil davomida o‘rganilgan maktab darsliklaridagi ma’lumotlar so‘raladi. Shuncha narsani qaytadan takrorlab chiqish uchun yaxshigina vaqt talab qilinadi.

Yolg‘iz tayyorgarlik ko‘rish yaxshi fikr emas. Chunki doim ham inson o‘zini o‘zi boshqara olmaydi. Shu sababli men “Navoiy” o‘quv markaziga borib, tayyorgarlik ko‘rishni ma’qul ko‘rdim. U yerdagi eng foydali jihatlardan biri abituriyentlar orasidagi ijobiy raqobatning mavjudligi edi. Bu raqobatda abituriyentlar o‘zlari sezmagan holda anchagina bilim egasi bo‘lib qoladilar. U yerda menga raqobatdoshlik qilib, yaxshi bilim egasi bo‘lishimda yordamchi bo‘lgan do‘stlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Men dars tayyorlashning ko‘p usullarini sinab ko‘rdim. Bular ichida eng samarali bo‘lgani tongda vaqtli turib dars tayyorlash bo‘ldi. Balki uyqudan turganda miyamiz boshqa narsalar bilan mashg‘ul bo‘lmagani sababli bilimlar u yerga eng oldin kirib olar. Ko‘pchilik abituriyentlardan uxlamay dars qilish foydali, deb ko‘p eshitganman. Lekin biz insonmiz, organizmimizning uyquga ham, ovqatlanishga ham ehtiyoji bo‘ladi. Bu narsalarda kamchilik bo‘lishi boshqa ishlardagi samaradorlikni anchagina tushirib yuboradi. O‘zingiz tasavvur qiling, uyqusi chala bo‘lgan abituriyent kunduz kunlari qanday dars tayyorlay oladi?!

Abituriyentlik dunyodan uzilib qolib dars tayyorlash degani  ham emas. Har narsadan o‘zimizni chetlab, juda qattiq dars tayyorlasak, bir kun dars qilishdan bezib qolamiz. Dars qilishga xohish butkul so‘nishi ham mumkin.

Tayyorlanish bosqichida eng muhim kalit sizni tayyorlaydigan o‘qituvchi hisoblanadi. O‘qituvchining bilimli bo‘lishi yetarli emas. O‘zi bilgan bilimlarini o‘quvchisiga yetkazib bera oladigan, mavzuni qiziqarli qila oladigan, o‘quvchi bilan kirishib keta oladigan, umuman olganda, o‘quvchisi uchun hamma narsa qila oladigan o‘qituvchi abituriyent-likdan talabalikka sakrashda juda muhim omil hisoblanadi. Menga bu jihatdan yordam bergan Sulton aka, Otabek aka va Muzaffar akalarga o‘zimning minnat-dorchiligimni bildi-raman. Men ulardan toabad qarzdorman.

Men buyuk bobokalonimiz Ibn Sino yo‘lini tanladim. Bu yo‘lda yurib xalqimizga, millatimizga astoydil xizmat qilish niyatim bor. Bu millatga, vatanga xizmat qilishdan sharafliroq narsa yo‘q men uchun.

Oliy o‘quv yurtiga kirish ilinjida yurgan do‘stlarimga omad tilayman. Ularga aytar so‘zim shuki, aslo ishonchingizni yo‘qotmang. Talaba bo‘lishga  ishongan abituriyent albatta maqsadiga erishadi.

 

0 ta izoh

There are no comments