KONSENTRATSIYA NIMA? (8/2010)

Konsentratsiya – uzluksiz, davomli ravishda jismoniy va aqliy energiyani bir nuqtaga qaratishdir.    (Edison)

KONSENTRATSIYASI ENG KUCHLI ODAM KIM?

 sinav stresi ilgisizDars qilayotganda qandaydir samaraga erishish o‘zimizning harakatimizga bog‘liq. To’g’ri, faqat qilayotgan darsimizgagina e’tibor qaratish, undan boshqa ish va hayollarga berilmaslik har doim ham qo’limizdan kelavermaydi. Ana shunday paytlarda konsentratsiya yordamga keladi. U zehnni bir nuqtaga yo‘naltiradi.

Mutaxassislar konsentratsiya haqida gapirishganda, u kishining qandaydir bir ishga 30 soniyadan ko‘p muddat davomida diqqatini jalb qilishini nazarda tutishadi. “Konsentratsiyasi eng kuchli odam kim?”– degan savolning javobi, shubhasiz, bolalardir. Chunki, bolalar o‘tmish va kelajakka oid muammolarni o‘ylamaydilar. Ular uchun eng muhim vaqt – hozir. Shu sababli ularda juda katta konsentratsiya kuchi mavjud. Ular “qila olmayman” degan tushunchaga ega emaslar. Har qanday ishga kirishadilar va uni bajara olishlariga ishonadilar. Muvaffaqiyatsizlik hayollariga aslo kelmagani uchun konsentratsiyalari ham buzilmaydi. O‘zlariga nisbatan ishonchlari bo‘ladi. “Hozir, shu yerda hal qilaman” falsafasiga bolalar doim amal qiladilar.

Kimki mukammal bir ish qilmoqchi bo‘lsa, uyqudan uyg‘ongandan boshlab to uyquga yotguncha zehnini o‘sha ishga jalb qilishi kerak. Agar buni bajara olsa, shartlar imkonsizdek ko‘rinsa-da, albatta, muvaffaqiyatga erishadi.

KONSENTRATSIYA VA 30o-60o-90o 

 Ba’zan o‘quvchilar bir atamani boshqa atama bilan solishtirib, umuman chalkashib ketadilar. Masalan, uchburchakning 30o-60o-90o burchaklariga oid teoremani o‘rganayotgan o‘quvchi shunga mos bir qo‘shiqqa hayoli ketadi-da, u qo‘shiqni kuylagan qo‘shiqchining shaxsiy hayoti, qo‘shiqchilik san’ati va hakozolar haqida o’ylay boshlaydi. Natijada konsentratsiya buziladi. Bu payt darsda o‘qituvchingiz sizga nimanidir jon kuydirib tushuntirayotgan bo‘ladi, siz esa uni eshitmaysiz ham. O‘zingiz sinf xonada bo‘lsangiz-da, fikringiz umuman boshqa joyda. Shu bois dars so‘nggida “Nimadir o‘rgandimmi?” deya o’z-o’zingizga bergan savolingiz javobsiz qolib ketadi.

Biz quyida dars jarayonida konsentratsiya buzilishiga sabab bo’luvchi omillarning ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

  • o‘qituvchining o’quvchilarni juda tez yozishga undashi;
  • o‘quvchidagi “Yozganlarimni keyin o‘qib o‘zlashtirib olaman”, - degan noto‘g‘ri tushuncha;
  • diqqatning darsdan boshqa narsaga chalg‘ishi, yozayotganda boshqa narsani o‘ylab o‘tirish;
  • uyquning kamligi, ortiqcha charchoq va zerikish;
  • tushuntirilayotgan mavzuning o‘ta oson yoki o‘ta qiyin bo‘lishi;
  • mavzu yoki darsni yetarlicha sevmaslik;Ш daftar olib yurmaslik, eslatmalarni qayd etmaslik va yozishning foyda berishiga ishonmaslik;
  • o‘quvchining sekin yozishi;
  • o‘quvchi bilgan yoki bilaman, deb o‘ylagan mavzuning takrorlanishi;
  • darsdan keyingi charchoq.

TAJRIBALAR NIMA DEYDI? 

Tajribalar miyaning ayni bir paytda bir necha vazifa bajara olishini va bir qancha axborotni qabul qila olishini, lekin diqqat esa faqatgina bir nuqtaga jamlanishini isbotlagan. Masalan, diqqat bilan kitob o‘qiyotgan odam o‘sha yerdagi musiqani eshitmaydi, suhbatlarni tushunmaydi, diqqati bo‘lingunga qadar so‘ralgan savollarga javob berolmaydi. Diqqati bo‘lingunga qadar faqat bajarayotgan ishini o‘ylaydi.

ANTIQA SUHBAT.

Bir bastakor yangi musiqa yozishga qaror qilibdi. Bu ishga u shu qadar qattiq berilib ketibdiki, boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganda ham yaratilajak asar hayolini bir zum bo’lsin tark etmabdi. Ahvol shu darajaga borib yetibdiki, ayrim notalar uning tushiga ham kira boshlabdi.

Bir kun bastakor hayolga berilgancha yo‘ldan o‘tib keta-yotganda uni mashina urib yuboribdi. U kuchli zarbdan yiqilibdi va o’sha zahoti hushini yo’qotibdi. Paytdan foydalangan haydovchi esa voqea sodir bo’lgan yerdan qochib ketibdi. Bastakor ancha-dan so’ng kasalxonada o‘ziga kelibdi. Shifoxonada u bilan militsiya xodimlari o’rtasida quyidagicha suhbat bo‘lib o‘tibdi.

- Sizni urib yuborgan mashina-ning raqamini eslay olasizmi?

- Yo‘q.

- Mashinaning markasini ko‘rdingizmi?

- Eslay olmayman.

- Yaxshilab o‘ylab ko‘ring, o‘sha kunga doir nimanidir eslarsiz.

Bastakor biroz hayolga tolgach, “Esladim!”- debdi. Militsiya hodimlari darrov qog‘oz- qalam olib, unga ilhaq bo’lib qarashibdi.

Bastakor esa: “DO, MI, FA”, - deb javob beribdi.

Abituriyent yuqoridagi bastakor kabi yashasa, albatta, muvaffaqiyatga erishadi.

 

 

0 ta izoh

There are no comments