AKTYOR (8/2010)

AKTYOR KIM? 

7Aktyor sahna yoki kamera oldida biron personajni jonlantirib beruvchi shaxs hisoblanadi. Aktyorlik kasbi mehnatdan ko‘ra ko‘proq qobiliyatni talab qiladi. Aktyorlikka qobiliyati bo‘lmagan shaxs qanchalik ko‘p mehnat qilmasin, bu ishni uddalay olmasligi mumkin. 

Aktyor personajning ichki hissiyot va tuyg‘ularini juda yaxshi anglash bilan birga uni xalqqa yetkazib bera olishi ham kerak. Albatta, goh kulayotgan, goh yig‘layotgan,  goh esa  sassiz-sadosiz azob chekayotgan personaj holatiga kira olish oson ish emas.

AKTYORLIK TURLARI. 

 Aktyorlikni kino aktyori, teatr aktyori, opera va balet teatri aktyori kabi turlarga ajratish mumkin. Kino aktyori kamera oldida rol ijro etsa, boshqa turdagi aktyorlar tomoshabin ko‘z oldida harakat qiladilar. Teatr aktyori yoki opera balet teatri aktyorlarining xato qilishga umuman haqlari yo‘q. Chunki ular rolni tomoshabin qarshisida ijro etishadi. Bsharti ijro kamera oldida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, aktyor boshqatdan rol o‘ynab berishi yoki videotasvir montaj qilinishi mumkin. 

Aktyor o‘ziga topshirilgan rolni yolg‘iz o‘zi, undan so‘ng esa rejissor nazoratida bir necha marta takrorlashi shart. Uning teatr yoki kinodagi fe’l-atvori, xatti-harakatlari va qiliqlari senarist tomo-nidan belgilanadi. Ya’ni aktyor o‘zi uchun notanish insonning ichki va tashqi qiyofasini bizga ko‘rsatib beradi. Albatta, senarist yoki rejissorning ko‘rsatmalari, liboslar bo‘yicha mas’ul xodim tanlagan kiyimlar bu borada unga katta yordam beradi.

 
ROLLAR TALQINI. 

Aktyorlar, odatda, ikki turli: ijobiy va salbiy obrazlarni talqin etishadi. Ijobiy obrazni xalq sevishi, salbiy obrazdan esa nafratlanishi kerak. Ana shundagina aktyor o‘z maqsadiga erishgan bo‘ladi. Masalan, “Shaytanat” filmidagi Hosilboyvachchani biz yoqtirmadik. Bu o‘sha aktyorning Hosilboyvachcha rolini qoyilmaqom qilib o‘ynaganidan dalolatdir. Hayotda har qanday yomon odamning ham bir-ikki ijobiy sifatlari bo‘ladi. Lekin filmda ana shu narsani ko‘rsatib bera olish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Aktyorlik kasbida yuksalish faqatgina aktyorning o‘ziga bog‘liq emas. Ya’ni arqonning bir uchi muxlislarga borib taqaladi. Tomoshabinlarning olqish va qo‘llab-quvvatlashi ushbu kasb egasiga kuch-quvvat va ilhom ato etadi. Bu esa aktyorning zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Undan tinimsiz o‘z ustida ishlashni, bir-birini takrorla-maydigan rollar ijro etishni talab qiladi.  

AKTYOR VA MUXLIS. 

Albatta, xalq yaxshi talqin etilgan rolni qadrlaydi, unga munosib baho beradi. Bu esa aktyorning mashhur bo‘lishiga, tezda tilga tushishiga sabab bo‘ladi. Aktyor mana shunday damlarda odamlar bilan munosabatda juda ehtiyotkor bo‘lmog‘i, muomala madaniyati sirlarini chuqur egallamog‘i darkor. Chunki muxlisga nisbatan qilingan arzimas qo‘pollik yoki behurmatlik unga kutilmagan tashvishlar keltirishi, o‘zi haqda yomon mish-mishlarning tarqalishiga sabab bo‘lishi hech gap emas. 

Aktyorlik – insonni tez mashhur qiladigan kasblardan biri. Mashhurlikni esa o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘ladi. Deylik, aktyordan ko‘ra rejissor ko‘proq mehnat qilishi mumkin, lekin tamoshabinlar rejissorni emas, aynan aktyorni maqtashadi. Rejissorni ko‘chada kimdir ko‘rib qolsa, tanimasligi mumkin, lekin aktyorni, albatta, hamma taniydi. 

ULAR QAYERDA ISHLASHADI? 

Aktyorlar davlat va xususiy telekanallarda, teatrlarda va kinostudiyalarda faoliyat yuritishlari mumkin. Aktyorlik kasbini tanlashga ahd qilgan abituriyentlarimiz Toshkent davlat san’at institutining aktyorlik san’ati fakulteti (dramatik teatr va kino aktyorligi bo‘limi, musiqali teatr aktyorligi bo‘limi, qo‘g‘irchoq teatri aktyorligi bo‘limi, estrada aktyorligi bo‘limi) da tahsil olishlari lozim. 

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments