TOSHKENT AVTOMOBIL YO‘LLARI INSTITUTI (7/2010)

 TASHKIL TOPISHI.

246cc82d2dc1Toshkent Avtomobil yo‘llari instituti (TAYI) Markaziy Osiyo hududida avtomobilchi va avtomobil yo‘llari mutaxassislarini tayyorlaydigan yagona oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Institut O‘zbekiston hukumatining 1971-yil 27-dekabrdagi 607-sonli qarori, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1972-yil 21-yanvardagi buyrug‘i asosida Toshkent Politexnika instituti qoshidagi Avtomobil yo‘llari fakulteti negizida tashkil etilgan. O‘quv jarayonlari 1972-yilning 1-sentabridan boshlangan.

IMKONIYATLAR.

Institut Markaziy Osiyodagi oliy o‘quv yurtlari orasida avtomobilsozlik, avtomobil transporti, yo‘l va aerodrom qurilishi sohasida yetakchi hisoblanadi. U zamonaviy o‘quv uskunalari bilan jihozlangan xonalarga ega. Bu dargohda Respublika Fanlar akademiyasining 3 akademigi, 4 nafar fan arbobi, 38 nafar fan doktori va professorlar ishlaydi.

Har yili institutda 4 mingdan ortiq talaba, magistrant, aspirant va tinglovchi ta’lim oladi. Kutubxonada 400 mingga yaqin darslik, ilmiy va badiiy adabiyot bor. Institut o‘zining poligrafiya bazasiga ega. Shuningdek, yotoqxonalar kompleksi ham mavjud.

YUTUQLAR.

TAYI olimlari O‘rta Osiyo hududida ishlatiladigan avtomo-billar va dvigatellarning ishchan-ligini oshirishga, dvigatellarni gazsimon yonilg‘iga o‘tkazib, zararli chiqindilarni kamaytirishga katta hissa qo‘shdilar, avtomobillarda tashishlar va harakat xavfsizligini ta’minlash ishlarida qatnashdilar, avtomobil yo‘llarining ko‘rsat-kichlarini takomillashtirdilar. Ilmiy natijalar esa ishlab chiqarish korxonalarida joriy qilindi, darslik va o‘quv qo‘llanmalarda aks ettirildi.

HORIJ BILAN ALOQALAR.

Institutda yosh mutaxassislarni tayyorlashda fundamental bilmlarni shakllantirishga katta o‘rin berilgan. TAYI 10 nafar horijiy universitetlar, oliy o‘quv yurtlari va boshqa o‘quv dargohlari bilan hamkorlik qiladi. TAYI Osiyo avtomobil yo‘llari tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha ESKATO qatnashchisidir. Shuningdek, Yevropa transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha “TACSIS” xalqaro dasturida ishtirok etadi. Ushbu institut O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga avtotransport va ekologiya, yerusti transport tizimlari masalalarida o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatuvchi birlashmaga rahbarlik qiladi. U avtomobil va yo‘llar bo‘yicha Xalqaro ta’lim assotsiatsiyasi (MAADO) a’zosidir.

FAKULTETLAR.

Institutda 5 ta fakultet mavjud:

  • “Avtomobilsozlik”
  • “Avtomobil transporti”
  • “Yo‘l qurilishi”
  • “Avtomobil va yo‘l xo‘jaligi iqtisodiyoti va boshqaruvi ”
  • “Magistrlar va iqtidorli talabalar”.

Shuningdek, tayyorlov bo‘limi ham faoliyat yuritib kelmoqda.

MUSTAQILLIK YILLARIDA.

O‘zbekiston mustaqilligining birinchi kunlaridan boshlab Prezident I.A.Karimov avtomobil sanoatiga asos solish haqida qayg‘urdi. Asaka shahrida Janubiy Koreya sanoatchilarining ishtirokida yengil avtomobillarni yig‘adigan zavod, Samarqandda Turkiya tadbirkorlari bilan hamkorlikda kichik avtobuslar va yuk avtomobillari yig‘adigan zavod qurib, ishga tushirildi.

Avtosanoatchilarga kadrlar yetkazib berish uchun Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 5-noyabrdagi qaroriga muvofiq, TAYI “Avtomobilsozlik” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlay boshladi. Hozirgi vaqtda institut 9 yo‘nalishda bakalavrlar, 12 mutaxassislik bo‘yicha magistrlar tayyorlaydi. O‘qituvchilarning 57 foizi ilmiy darajalarga ega. 30 yil davomida 38 ta darslik, 169 ta o‘quv qo‘llanma va monografiya, mingdan ortiq o‘quv uslubiy ko‘rsatma yozildi.

MANZIL.

Institut Toshkent shahar, metroning “Oybek” bekati yaqinida, Davlat san’at muzeyi yonida joylashgan.

0 ta izoh

There are no comments