DARSXONA QANDAY BO‘LISHI KERAK? (7/2010)

KITOB JAVONI.

Xonangizda kichkinagina bo‘lsa ham kitob javoni bo‘lgani ma’qul. Unga dars qilish jarayonida kerak bo‘ladigan hujjat va ashyolarni joylaysiz. Bu esa vaqtni tejashingizga yordam beradi. 

YOTOQ, TELEVIZOR VA KOMPYUTERLAR.

Xonangizda yotoq krovatining bo‘lishi dars tayyorlashingizga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Shuning uchun yotog‘ingizning boshqa xonada bo‘lishini tavsiya qilamiz. Mobodo buning imkoni yo‘q bo‘lsa, divan yoki krovat ko‘zdan yiroqda turishi lozim. 

Untitled 2

Televizor vaqtdan unumli foydalanishda sizga eng katta dushmandir. Maslahatimiz: siz sevib tomosha qiladigan ko‘rsatuv boshlangan vaqtda televizoringizni yoqing va dastur tugagan zahoti o‘chiring. Aks holda, u sizning kunlik dars rejangizni buzmay qo‘ymaydi.

Televizor haqidagi ogohlantirishlar kompyuter uchun ham tegishli. Agar siz kompyuterga qattiq bog‘lanib qolgan bo‘lsangiz, u bilan bir xonada turmasligingiz, ya’ni uni xonangizga kiritmasligingiz kerak. Ayniqsa, hozirgi kunda internetning rivojlanishi ko‘plab yaxshi imkoniyatlar bilan birga salbiy odatlarning kirib kelishiga ham sabab bo‘ldi. Internet sahifalarida “aylanib yurish” va “choyxona”da suhbatlashish o‘quvchilarning vaqtlarini band qilib qo‘ymoqda. 

DEVORLAR.

Ba’zi o‘quvchilar darsxona devorlarini rang-barang rasmlar, masalan, mashhur aktyor va aktrisalar, sportchilar, qo‘shiqchi-larning portretlari bilan bezab tashlaydilar. Siz imkon qadar xonangizni sodda tutishga harakat qiling. Devorlarning kishi e’tiborini tortmasligi diqqatingiz buzilishi ehtimolini kamaytiradi.  

Xonamga rasm osmasam bo‘lmaydi, degan o‘quvchilarga o‘zlarining kelajak maqsadlariga mos rasmlar osishni tavsiya qilamiz. Masalan, kirmoqchi bo‘lgan oliy o‘quv yurtining rasmini osishingiz mumkin. Agar bu rasmlar kelajak haqidagi orzularga berilib ketib, dars tayyorlashni unutib qo‘yishingizga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, bu turdagi rasmlardan ham uzoqroq bo‘lishingiz foydali.

XONA TARTIBI.

Xonangiz qanchalik tartibli bo‘lsa, sizda dars qilish ishtiyoqi ham shuncha kuchli bo‘ladi. Atrof-muhitning tartibli va toza bo‘lishi inson ruhiyatiga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazadi. Tartibsiz muhit esa fikr tarqoqligiga sabab bo‘ladi.

MUSIQA. 

Untitled 1

Dars qilish xonasi osuda bo‘lishi kerak. Shu sababli xonada musiqa asboblari, magnitofon yoki radiolar bo‘lmasligi lozim. Dars qilayotgan vaqtda musiqa eshitish miyaning qabul qilish qobiliyatini kamaytiradi. Inson atrofidagi ko‘p narsani sezishi mumkin, lekin bulardan faqat bittasigagina diqqatini qarata oladi. Agar dars tayyorlash jarayonida musiqa eshitilsa, na eshitilgan musiqada maza bo‘ladi, na tayyorlangan darsda.

 

HAVO AYLANISHI (ventilatsiya)

Untitled 1

Xonangizda havo aylanishini nazorat qilishingiz juda muhim. Miyaning asosiy ozuqasi kislorod hisoblanadi.

 Kislorod vujudimiz og‘irligining 2 % ini tashkil etsa-da, olingan kislorodning 25 % ini  miyamiz “ishlatadi”. Buning o‘zi ham miyamiz uchun kislorodning ahamiyatini ko‘rsatib turibdi. Dars qilishdan charchagan vaqtingizda xonangiz havosini almashtiring. Derazani ochib qo‘yib, chuqur-chuqur nafas oling. 

YORUG‘LIK.

Xonangizda yorug‘lik yetarli bo‘lishi juda muhim. Dars xonasidagi yorug‘lik ko‘zingizni og‘ritmasligi, soyangiz dars qilish stoli ustiga tushib qolmasligi muhim. O‘ng qo‘lda yoza-diganlar uchun yorug‘lik chapdan, chapaqaylar uchun o‘ng tarafdan tushishi kerak. Yorug‘lik miqdori me’yordan ortib ketmasligi lozim. Yorug‘likning ko‘pligi ham ko‘zni toliqtiradi. Har bir dars tayyorlash stolida stol lampasi bo‘lishi esa nur ustiga nur.  Dars tayyorlashda eng asosiy narsalar: dars tayyorlash stoli, stul va dars tayyorlash uchun kerakli ma’lumotlardir. Muhimi, dars tayyorlash muhiti va dars tayyorlash orasidagi bog‘lanish. Bir narsani esdan chiqarmang: muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lgan o‘quvchi har qanday muhitda dars tayyorlashning yo‘lini topadi. 

Mahmudjon YUSUPJANOV

0 ta izoh

There are no comments