DARSXONA QANDAY BO‘LISHI KERAK? (6/2010)

Agar menga daraxt kesish uchun 1 soat vaqt berilsa, 45 daqiqani boltamni charxlashga sarflar edim.    

A. Eynshteyn

 

Dehqon yerga sifatli urug‘ sochsa-yu, tuproq serunum bo‘lmasa yoki yerga yaxshi ishlov berilmasa, hosil kutilganidek bo‘lmasligi aniq. Zotan, urug‘ yerdan bosh ko‘tarib, unib chiqishi uchun ba’zi bir tadbir va tadorik ishlarini amalga oshirish kerak. Tuproqning serunumligi, issiqlik va suv miqdorining yetarli bo‘lishi kabi bir necha omillar dehqonning o‘z ko‘zlagan natijasiga erishishida ko‘mak beradi. 

Xuddi shunday: o‘quvchining ham muvaffaqiyatli natijalarga erishishi uchun zarur bo‘lgan eng muhim faktorlardan biri dars qilish muhitidir. Chunki dars tayyorlash jarayonida qulay sharoitga ega bo‘lmagan o‘quvchining darslarda va imtihonlarda ijobiy natijaga erishishi juda qiyin. Demak, bu masala abituriyent uchun juda muhim. Keling, dars qilish muhitini birma-bir o‘rganib chiqamiz.

XONA. 

Untitled 3Aziz abituriyent! Dars tayyorlash uchun alohida xonangiz bo‘lgani ma’qul. Shuningdek, bu xona har qanday shovqin manbasidan yiroq bo‘lishi va kungay tomonda joylashishi lozim. Basharti bunday dars xonangiz bo‘lmasa-chi? U holda, o‘zingiz uchun qulay dars tayyorlash burchagini tayyorlang. 

Yozuv stolingiz deraza yonida joylashmagani maqsadga muvofiq. Chunki siz shovqin, issiqlik va tashqaridagi holatlarni ko‘rish, kuzatish kabi darsdan chalg‘ituvchi holatlarga yaqin bo‘lib qolsangiz, ham aqliy, ham jismoniy jihatdan charchaysiz. O‘zingizni bemalol his qila olmaysiz. Deraza yoniga o‘tirib olgan o‘quvchilar albatta o‘zlari-ning mahallalarida kezuvchilar, yaqin atrofda sotilayotgan mahsulotlarning narhlari, o‘sha mahallada yashovchilarning mashina markalari va raqamlari haqida yetarli bilimga ega bo‘ladilar. Ammo ming afsuski, bunday “qimmatbaho bilim”lar imtihonlarda yordam bermaydi. 

Endi darsxonagi “ortqicha” narsalar haqida to‘xtalsak. Hozirgi yoshlarning ko‘pchiligi to‘rtta texnik vositaga bog‘lanib qolgan. Bular: 

- televizor; 

- kompyuter;

- musiqa asboblari (mp3 pleyer, CD pleyer, shu kabilar...) 

- telefon. 

 Agar yuqoridagi texnik vositalar dars tayyorlashingizga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazayotgan bo‘lsa, ularni o‘z xonangizdan “ko‘chib ketish”ga majbur qiling. Agar televizor va telefonga sarfla-yotgan vaqtingizni bir hisoblab ko‘rsangiz, qanday vaziyatda ekanligingiz kunday ravshanlashadi.

DARS STOLI.

 Untitled 1Xonangizda albatta dars tayyorlash stoli bo‘lishi kerak. Bu stol, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, deraza va eshiklardan uzoqroqda joylashishi darkor. Uning ustida o‘quv jarayoniga aloqador bo‘lmagan narsalarning turishi joiz emas. 

Dars tayyorlash mobaynida chalg‘imaslik lozim. Boshqa xonaga chiqish yoki oromkursiga o‘tirib olib takrorlash o‘rniga, barcha ishlarning dars tayyorlash stolida bajarilishini ta’minlagan ma’qulroq. Agar xayolingiz bo‘linsa va o‘yga cho‘mib qolsangiz, tezda dars tayyorlash xonasidan chiqib, biroz dam olib kelishingiz tavsiya qilinadi. 

Kishi ba’zan ish ustida o‘yga berilishi ham, charchashi ham, hatto uxlab olishi ham mumkin. Unutmang: faqat hamma narsani o‘z vaqtida bajarishgina dars tayyorlashga ajratilgan vaqtdan unumli foydalanishga yo‘l ochib beradi. Agar sizda bu qat’iy odat tusiga kirgan bo‘lsa, nur ustiga  nur. Darsxonaga kirib kelishingizning o‘zi ilm yo‘lida izla-nishning boshlanishiga sababchi bo‘ladi. Ya’ni dars tayyorlash stoliga o‘tirishingiz mashg‘ulot boshla-nishining o‘ziga xos “ogohlantiruvchi signal”i bo‘lib qoladi. 

Har safar dars tayyorlab bo‘lgandan so‘ng stolni batartib holatga keltirib qo‘yilishi dars tayyorlashning keyingi bosqichida qulaylik yaratadi. Tartibsiz stolda ishlash juda qiyin va bu dars tay-yorlashga sarflanadigan vaqtning besamar o‘tishiga sabab bo‘ladi. 

Dars tayyorlashni boshlashdan avval kerakli jihozlarni taxt qilib qo‘yish lozim. Bu darsdan chalg‘ishning oldini oladi.  Tabiiyki, chalg‘igandan so‘ng darsni yana o‘sha nuqtadan davom ettirish mumkin emas. Fikrni jamlab olish uchun biroz vaqt sarflash kerak.  

STUL.

 Albatta, dars qilish uchun jismonan toliqtirib qo‘ymaydigan stul tanlash juda muhim. Ba’zi rohatsevar o‘quvchilar yumshoq, ko‘p funksiyali, odamni uyquga eltuvchi stullarni tanlashadi. Bunday turdagi stulga dars tayyorlash stuli nomini berish juda qiyin. Stul juda yumshoq yoki juda qattiq bo‘lmasligi kerak. Eng muhimi, stol va stul bo‘yining mutanosibligini hisobga olishdir. 

Maslahatlarimizni shu yerda tamomlab, dars tayyorlashda kerak bo‘ladigan boshqa jihozlar haqidagi fikrlarni keyingi songa qoldiramiz.

Mahmudjon YUSUPJANOV

0 ta izoh

There are no comments