TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI (6/2010)

TASHKIL TOPISHI.

tatu logoToshkent axborot texnologiyalari universiteti 1955-yilda Toshkent Elektrotexnika aloqa instituti nomi bilan Sobiq Ittifoq aloqa vazirligiga qarashli yetti institutning biri sifatida tashkil etilib, tarmoq oliy o‘quv yurti hisoblangan. Institut Markaziy Osiyo va Qozog‘iston uchun radioaloqa injenerlarini tayyorlar edi.

Mustaqillikka erishilgandan so‘ng institut O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi tasarrufidagi tarmoq oliy o‘quv yurtiga aylandi. Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga asosan, institut 2002-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maqomini oldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan universitetning mamlakatimiz fani rivoji, milliy ta’lim tizimi, axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va yoshlar tarbiyasidagi katta hissasini inobatga olib, 2004- yil 22-dekabrda “2005-yilda universitetning 50 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

FAKULTETLAR.

Universitetda “Axborot texnologiyalari”, “Iqtisod va boshqaruv”, “Radiotexnika va radioeshittirishlar texnologiyalari”, “Telekommunikatsiya texnologiyalari” fakultetlari o’ziga xos zarur yo’nalishlarga ega bo’lib, ular mazkur sohalar bo’yicha bakalavr va magistrlarni tayyorlab beradi.

Axborot texnologiyalari fakulteti 2003-yilda tashkil topgan. Unda faoliyat yuritayotgan jami 60 nafar professor o‘qituv-chilarning 3 nafari akademik, 10 nafari fan doktori, 20 dan ortig‘i fan nomzodlari hisoblanadi.

Fakultetga dasturlash texnologiyalari va algoritmlash axborot texnologiyalari, raqamli texnika va elektronUmumiy ko'rinishi boshqaruv tizimlari va texnologiyalari hamda falsafa kafedralari biriktirilgan. 2004-yilning dekabrida fakultet tarkibida elektron tijorat kafedrasi tashkil etilgan bo‘lsa, 2005 –2006-o‘quv yilida amaliy matematika va biofizik tizimlar ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr tayyorlash boshlandi.

Radiotexnika va radioeshittirishlar texnologiyalari fakulteti 1957-yilda tashkil topgan. Dastlab bitta: “Televideniye, radioaloqa va radioeshittirish yo‘nalishi” bo‘yicha, 2001 – 2002- o‘quv yilidan boshlab esa “Radiotexnika” yo‘nalishi bo‘yicha ham bakalavrlar tayyorlaydi.

Ikkita mutaxassislik: “Mobil aloqa tizimlari” va “Radiotexnik qurilma va aloqa vositalari” bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi. “Televideniye, radioaloqa va radioeshittirishlar” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar sirtqi ta’lim olishlari mumkin.

Iqtisod va boshqaruv fakulteti universitet hozirgi maqomni olgach, Muhandis-iqtisodchi fakulteti negizida qayta tashkil etildi. Bu yerda yoshlarga 7 nafar fan doktori, 3 nafar professor, 20 dan ortiq fan nomzodlari ta’lim berishadi.

“Tarmoq iqtisodiyoti” va “Menejment” sohalari bo‘yicha har yili 50 dan ortiq magistrlar, “Pochta xizmati” bo‘yicha 100 dan ortiq bakalavrlar tayyorlanadi.

Kafedralar qator respublika oliy o‘quv yurtlari, O‘zRFA Iqtisodiyot instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti va Jahon tillari universiteti bilan yaqin aloqada. Fakultetda “Ma’naviyat”, “Disput” klublari, “Qizlar klubi”, “Akmeologiya” markazlari mavjud.

Telekommunikatsiya texnologiyalari fakulteti TATUning dastlabki fakultetlaridan biri hisoblanib, 1955-yilda tashkil topgan. O‘shanda Telefon-telegraf fakulteti deya yuritilgan fakultet 1964 – 1965-o‘quv yilidan (muassasa universitet maqomini olguncha) Avtomatik va ko‘p kanalli elektr aloqa fakulteti deb nomlanib kelinayotgan edi.

Fakultetda 65 nafar o‘qituvchilar bo‘lib, shulardan 3 nafari professor, 15 nafari dotsent. Fakultet davlat standartlariga javob beradigan tegishli aloqa texnikasi va boshqaruv qurilmalari bilan jihozlangan o‘quv laboratoriyalariga ega.

YUTUQ VA IMKONIYATLAR.

Ayni paytda universitetni tamomlagan 8 nafar bakalavr, 8 nafar magistr va bir doktorant Janubiy Koreyaning Yaongam universitetida kompyuter va axborot texnologiyalari mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni davom ettirmoqdalar.

2001-yilning 18-iyunida univer-sitetga AQShning Merilend universiteti prezidenti doktor Daniel Mout tashrif buyurdi. Universitet tarixida birinchi marta Daniel Moutga faxriy doktor diplomi va mantiyasi topshirildi. TATU rektori va Daniel Mout o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladilar.
2005-yilning bahorida universitetda xotin-qizlarni telekommunikatsiya sohasida ishlashga o‘rgatish o‘quv markazi ish boshladi. Universitet negizida telekommunikatsiya qurilmalarini montaj qilish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlovchi o‘quv markazi tashkil etish yuzasidan 2005-yil boshida O‘zAAA va Huawei kompaniyalari o‘rtasida memorandum imzolandi.

Keyingi 5 yil davomida universitet kutubxonasi dasturlash, axborot xavfsizligi, elektron tijorat sohalariga oid ilmiy adabiyotlar bilan boyitildi. Bir qator fanlardan ma’ruza matnlari yaratilib, universitet elektron kutubxonasi xotirasiga kiritildi. Fakultetlar, mavjud kafedralar zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlandi.

Munojot MO‘MINOVA

0 ta izoh

There are no comments