ARXITEKTOR (7/2010)

arxit2Qurilish sohasi tarixi juda qadimgi zamonlarga borib taqaladi. Demakki, me’morlik (arxitektorlik) kasbi ham shunchalik uzoq tarixga ega. Qaysi yurtga bormang, u yerdagi saroylar, davlat idoralari, masjid-u cherkovlar, turli shakllarda qurilgan uylar sizning diqqatingizni o‘ziga tortadi. Binolarning qurilishi va go‘zalligiga qarab muayyan mamlakatning rivojlanganlik darajasi, iqtisodiy ahvoli, urf-odatlari baholanadi. Binolarning asl kashfiyotchilari esa albatta, me’morlar, hozirgi tilda aytadigan bo‘lsak, arxitektorlar hisoblanadi. 

Butun dunyoga mashhur Buyuk Xitoy devori, Afinadagi qadimgi akropollar, Misr ehromlari, Parijdagi Eyfel minorasi va shunga o‘xshash ko‘plab binolar arxitekturaning mahsulidir.

Arxitektorlar insonlarning hayot kechirishi, qandaydir ish bilan shug‘ullanishi uchun qulay muhit va makon yaratishadi. Ko‘chalar, hiyobonlar, parklar, stadionlar, mahallalar va shaharlar o‘z go‘zalligi bilan kishi diqqatini jalb qilishi kerak. Arxitektorlik esa aynan nafosat bilan qurilishni amalga oshirish hisoblanadi.

Miloddan avvalgi davrlarda yashagan rimliklar qurilajak me’moriy binolarga uch shart qo‘yishgan: qulaylik, chidamlilik va go‘zallik. Demak, me’morning muvaffaqiyatga erishishida faqatgina binoning qurib bitkazilishi emas, balki uning mustahkamligi va go‘zalligi ham ahamiyat kasb etadi. Basharti go‘zallik fizik qonunlarga bo‘ysunmasa, u uzilgan gul kabi tezda o‘z chiroyini yo‘qotadi. Ya’ni binoga qandaydir shakl berayotgan me’mor o‘sha binoning devorlari va ustunlari nimagadir tayanishini, uning turg‘unligini hisobga olishi kerak. Masalan, g‘ishtlarning bir-birining ichiga kirishi bu turg‘unlikning asosiy sababi bo‘lishi mumkin. 

arxiQuruvchilar arxitektor chizgan reja bo‘yicha harakat qilishadi. Ya’ni arxitektor quruvchilarning qanday harakatlanishlari lozimligini ham ma’lum bir algoritmga solib beradi. Arxitektor bino qurilayotgan yerning demografik joylashishini, iqlimini, geologiyasini juda yaxshilab o‘rganishi lozim. Yuqoridagi omillardan kelib chiqqan holda binoning tarkibi, asosi va qanday qurilish ashyolaridan foydalanish kerakligi haqida xulosa qilinadi. Masalan, zax yerlarda asos qurish uchun yerni kavlash foydadan ko‘ra zararli bo‘ladi. Demak, zax yerlarda asosning qanday qilinishini arxitektor o‘ylab topishi kerak. Yoki sho‘rxok yerlarda qanday qurilish ashyosi ko‘proq xizmat qila olishi haqida ham arxitektorlar yaxshi ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. 

Arxitektor bo‘lishni niyat qilgan o‘quvchilar juda keng fazoviy fikrlash va tasavvurga ega bo‘lishlari kerak. Zotan arxitektorlik-muhandislikdan ko‘ra ko‘proq san’atkorlikni talab qiladigan kasb. Bu gapning isboti sifatida dunyodagi go‘zal binolarni misol qilib keltirish mumkin. Yurtimizdagi me’moriy obidalar ham fikrimiz dalilidir.  

Barcha sohalar kabi arxitektura ham rivojlanib bormoqda. O‘tmishda barcha hisob-kitob va chizmalar qog‘ozlar ustida olib borilgan bo‘lsa, hozirgi zamon arxitektorlari shaxsiy kompyuterlar yordamida faoliyat yuritmoqdalar.  Kompyuterlarda bu soha vakillari uchun ham maxsus dasturlar (Autocad, Archicad, va h.k.) ishlab chiqilgan. Bu esa yaxshi arxitektor bu dasturlar va kompyuterlardan foydalanishni ham bilishi lozimligini ko‘rsatmoqda. 

Arxitektura sohasida mutaxas-sis bo‘lishni dilga tuggan yoshlarimiz Arxitektura va qurilish institutining arxi-tektura fakultetida o‘qishlari mumkin. Bu fakultet talabasi bo‘lish uchun mate-matika, ona tili va adabiyot fanlaridan test topshirishlari hamda chizma chiza olish qobiliyati bo‘yicha amaliy imtihon topshirishadi. 

Qurilish sohasi doimo muhim kasblardan biri bo‘lgan. Bu soha vakillari ish topishda ham, pul topishda ham hech qachon qiynalishmagan. Tajribali, keng fikrli va mehnatkash arxitektorlarga har doim, har yerda talab bo‘ladi.

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments