STOMATOLOG (4-5/2010)

Ma’lumki, shifokorlik kasbining bir necha tarmoqlari mavjud. Bugun shulardan biri haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 

 

STOMATOLOG KIM?

stomatolog 3Stomatolog, ko‘pchilik tomonidan faqatgina tish doktori sifatida qabul qilinsa-da, u butun og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini davolashga mas’ul hisoblanadi. Stomatologiya yo‘nalishini tamomlagan mutaxassislar og‘iz bo‘shlig‘i, tish sog‘lig‘ini saqlash, tish-milk kasalliklari, jag‘ amaliyot (operatsiya)lari-yu protezi kabi sohalarda tajriba orttiradilar. 

Stomatolog o‘z qabulidagi bemorning shikoyatini eshitadi, lozim bo‘lsa, davolash ishlarini olib boradi. Ba’zan og‘riyotgan tishning rentgen tasvirini oladi va ishga yaroqsiz hisoblangan tishlarni olib tashlaydi.

Stomatologiya sohasi mutaxassisdan juda katta sabr talab qiladi. Chunki kichik bir nerv tolasi ustida soatlab ishlashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu esa uzoq vaqt oyoqda tik turib ishlashni taqozo etadi. Shu bilan birga, bemorning ko‘nglini og‘ritmay, u bilan xush muomalada bo‘lish lozim. Stomatolog o‘z bemorining ishonchini qozona olmas ekan, uning qabulidan odamlar shifo topib emas, aksincha, kasalliklari zo‘rayib qaytishlari hech gap emas. 

TISH DOKTORIDAN NEGA QO‘RQAMIZ? 

Odamlar orasida tish doktoridan qo‘rqish holi juda keng tarqalgan. Buning asosiy sababi tish nervlarining o‘ta sezgir bo‘lishi va kichik bir turtki ham miyaga katta og‘riq berishidir. Tish og‘rig‘i og‘ir kechgani bois ko‘pchilik bemorlar tish doktorining oldiga borishga hayiqadi. Lekin zamonaviy stomatologiya bu bosqichdan allaqachon o‘tib ketgan. Hozirgi kunda stomatologlar og‘riq qoldirishning eng zamonaviy usullarini o‘zlashtirib olganlar. Demakki, tish doktorining zamon bilan hamnafas bo‘lishi uning o‘zi uchun ham, bemori uchun ham juda katta ahamiyatga ega.

Odamlar ba’zan stomatolog qabuliga tish tuzilishini to‘g‘rilash, tishlarini chiroyli shaklga keltirish maqsadida ham tashrif buyurishadi. Bu turdagi bemorlarga briket (notekis tishni to‘g‘rilovchi moslama) taqish tavsiya etiladi. Albatta, bu ham tishning qanchalik egri-bugriligini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

stomatologOdatda, tishni davolovchi va tishga protez qo‘yuvchi stomatologlar alohida bo‘ladi. Ya’ni tishni davolaydigan shifokor tishiga protez qo‘yilishi lozim bo‘lgan bemorni ixtisoslashgan  doktor qabuliga yuboradi. Protez ko‘pincha chirib ketgan tishlar o‘rniga qo‘yiladi. Lekin ba’zan odamlar tishning ko‘rki uchun ham sog‘lom tish ustidan protez qoplatishadi.

Protez qo‘yuvchi doktor davolanuvchining jag‘ va tish o‘lchovlarini oladi. Ularga moslab boshqa moddalardan (masalan, tilla, keramika) tish yasaydi va chirib ketgan tishning o‘rniga joylashtiradi. Tish doktorlaridan qo‘l va barmoqni samarali ishlatish qobiliyati ham talab qilinadi. Davolash uskunalari noziklik bilan qo‘llanmasa, bemorning biror yeriga zarar yetkazib qo‘yilishi mumkin. 

STOMATOLOGLAR QAYERDA ISHLASHADI?

 Stomatologlar, odatda, davlat kasalxonasi va poliklinikalarida ishlashadi. Bundan tashqari, hozirgi kunda rivojlanib borayotgan xususiy stomatologiyalarda ham faoliyat yuritishlari mumkin. Shuningdek, ularda xususiy stomatologiya ochish imkoniyati ham yo‘q emas. Faqat zamonaviy dento-texnologiyalar uchun ko‘proq harajat qilishga to‘g‘ri keladi.

AGAR SIZ…

 Stomatologiya yo‘nalishi mutaxassisi bo‘lishni niyat qilgan abituriyent do‘stlarimiz Toshkent tibbiyot akademiyasining Stomatologiya fakultetiga hujjat topshirishlari mumkin. Bu yo‘nalishda o‘qish uchun biologiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi. Stomatolog mutaxassisligini olmoqchi bo‘lgan talabalar bakalavriatni 5 yilda tamomlashadi.

 

0 ta izoh

There are no comments