REJA TADBIQINING DUSHMANLARI (4-5/2010)

1. Televizorga bog‘lanib qolish.

Untitled 11

Bu xavfdan xalos bo‘lish uchun irodangizni ishga soling. Agar televizor ko‘rmaslikning hech iloji bo‘lmasa, kunlik reja tuzishdan oldin TV dasturlarini ko‘zdan kechiring. Ko‘rishingiz lozim bo‘lgan ko‘rsatuvlar bo‘lsa (masalan, “Axborot”, “Davr”) ularni belgilab qo‘ying va tugashi bilan televizordan uzoqlashing. 

Dastur tugaganda sizni ogohlantiruvchi vositalarning bo‘lishi siz uchun ancha foydali. Masalan, kunlik rejangizni oynayi jahon yoniga osishingiz, oilangiz a’zolaridan sizni ogohlantirishlarini so‘rashingiz yoki budilniklaringizni dasturlarga moslab qo‘yishingiz mumkin. Kunlik rejangizni shunday tuzingki, sevimli ko‘rsatuvingiz dam olish vaqtingizga to‘g‘ri kelsin. Televizor ko‘rishni esa dars qilganingiz uchun o‘zingizga mukofot sifatida qabul qiling. 

2. Sportga bog‘lanib qolish.

Albatta, sizda qaysidir sport turiga nisbatan qiziqish bo‘lishi tabiiy hol. Faqat bu qiziqish rejangizga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi kerak. Agar sportga bo‘lgan mehringiz ish rejangizning oqsashiga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, buning oldini olishga harakat qilishingiz lozim.  

Sport bilan shug‘ullanishni dars qilishdan charchagan yoki zerikkan paytlaringizga moslashtiring. Sport bilan shug‘ullanishda me’yorni bilish juda ham muhim. Chunki me’yordagi sport aqliy charchash va xafsalasizlikning oldini oladi. Vujuddagi qon aylanishini yaxshilaydi. Miyaning qon bilan ta’minlanishini tezlashtiradi. Faqat sport bilan shug‘ullanayotganda o‘zingizni charchatib qo‘ymasli-gingiz muhimli-gini unut-mang. 

3. Ra’yini qaytarish qiyin bo‘lgan do‘stlaringiz.Untitled 2
O‘quvchilarni eng ko‘p qiynagan masalalardan yana biri ra’yini qaytara olmaydigan do‘stlarning takliflari hisoblanadi. Bu muammolarni hal qilish har kimning o‘z qo‘lida. 

Agar do‘stlaringizni yo‘qotib qo‘yish ehtimoli bo‘lsa, ular bilan uchrashadigan vaqtingizni oldindan belgilab qo‘yganingiz ma’qul. Do‘stlaringiz  bilan yo‘qotadigan vaqtingiz yo‘q bo‘lsa, do‘stlaringizga siz taklif kiriting. Bunda ham rejangizni buzmagan, ham do‘stlaringizni xursand qilgan bo‘lasiz. 

Siz do‘stlaringizga o‘zingizni rejali hayot kechirishingizni, ular xohlagan vaqtda siz uydan chiqa olmasligingiz mumkinligini nazokat bilan uqtirishingiz lozim. Shunda dars tayyorlayotganda bir-biringizga xalaqit bermaysiz. 

Siz bilan birga dars tayyorlaydigan do‘stlaringizning mavjud bo‘lishi dars qilish samaradorligini oshiradi. Ular bilan birgalikda uyda yoki o‘quv muassasasida o‘qib-izlanishingiz va birgalikda dam olishingiz mumkin.

4. Uyingizga kelgan mehmonlar.

O‘zbek xalqi juda mehmondo‘st xalq hisoblanadi. Agar sizning oilangiz mehmoni ko‘p oilalardan biri bo‘lsa, bu sizning dars qilishingizga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazadi. Agar mehmonlar bilan oila a’zolaringiz shug‘ullansa, siz darsxonangiz eshigini ichidan yopib olishingiz kerak bo‘ladi. Tanaffus vaqtingizda mehmonlarning oldiga chiqib, ularning ko‘nglini olishingiz mumkin. 

Yuqoridagi ishlarni qilishingizga oilangiz ruxsat bermasa, darslari-ngizni boshqa joylarda: o‘rtog‘ingiz-ning uyida, o‘quv muassasalarida yoki kutubxonalarda davom ettirishingiz maqsadga muvofiq. 

5. Dars tayyorlashni boshlay olmaslik.

Ba’zi o‘quvchilar reja tuzishadi, lekin uni amalga oshirishga kirisha olmay qiynalishadi. Bunga, ko‘pincha, o‘z vaqtida yaxshi reja tuzilmaganligi, yechiladigan misollar, bajariladigan ishlarning yig‘ilib qolgani sabab bo‘ladi. Shu bois aksariyat abituriyentlar umidsizlikka tushib qolishadi.  

Unutmaslik kerakki, dars tayyorlashga bel bo‘glamaslik shundoq ham  anchagina yig‘ilib qolgan uy ishlarining yanada ko‘payishiga sabab bo‘ladi, xolos. Har ishning oxirini o‘ylab, kech bo‘lsa ham, dars tayyorlashni boshlash lozim. Zotan, aqlli odam uchun har kuni yangidan hayot boshlanadi.

Mahmudjon YUSUFJANOV

0 ta izoh

There are no comments