O‘QITUVCHI (3-2010)

O‘qituvchi kim va u qanday vazifalarni bajaradi?

 TeacherAndStudent1Yetuk kasb egalarini yetkazib berish uchun fidokor o‘qituvchilarga doimo ehtiyoj seziladi. Zotan, mamlakat va millatning kelajagi ko‘p jihatdan ayni shu kasb egalariga bog‘liq. Qaysi davlatda zahmatkash o‘qituvchilar ko‘p bo‘lsa, u davlatning kelajagi albatta porloq bo‘ladi. 

O‘qituvchilarning asosiy vazifasi chuqur bilimga ega bo‘lgan avlodni  yetkazib berishdan iborat. Fan tarmoqlari qancha xilma-xil bo‘lsa, o‘qituvchilik yo‘nalishlarining soni ham ortib boraveradi. Aytaylik, o‘ziga shogird olgan duradgor unga nimalarnidir o‘rgatadi, demak, u o‘qituvchiga aylanadi. Shogirdining qanday mutaxassis bo‘lib yetishishi esa unga bog‘liq. O‘qituvchining fidokorligi shu o‘rinda –  o‘quvchisiga o‘zida bor bilim va tajribani bera olishida ko‘rinadi.  

Biz o‘qituvchilarni boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari, o‘rta maktab o‘qituvchilari va kasb o‘qituvchilariga ajratishimiz mumkin.

 Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining vazifasi hali hech narsani bilmaydigan, yaqindagina gapirishni o‘rgangan yoki hali ba’zi tovushlarni to‘liq talaffuz eta olmaydigan darajadagi bolalarga yozish va o‘qishni o‘rgatishdan iborat. Bundan tashqari, matematikadagi boshlang‘ich hisob-kitoblarni ham aynan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari o‘rgatishadi. Kichik bolalar bilan ishlash kerakligini inobatga olsak, bu vazifa juda katta fidokorlikni talab qilishini anglash qiyin emas. 

Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi bo‘lish uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida o‘qish lozim. Bu yo‘nalishga abituriyentlar ona tili va adabiyot, matematika hamda tarix fanlaridan imtihon topshiradilar. 

O‘rta maktab o‘qituvchilari boshlang‘ich ta’limni olib bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlashadi. Bu soha o‘qituvchilarining har biri yoshlarga qaysidir fanni o‘rgatishadi. Ya’ni, fizika fani o‘qituvchisi fizikaga oid bilimlarni bersa, tarix o‘qituvchisi faqat tarix fanigagina mas’ul bo‘ladi. Bu bosqich o‘qituvchilari o‘quvchilarni kelgusi hayotga tayyorlab borib, ularni oliy o‘quv yurtlari sari yetaklashadi. 

O‘rta ta’lim o‘qituvchisi bo‘lish uchun alohida yo‘nalishlarda ta’lim olish kerak. Masalan, kimyo fani o‘qituvchisi bo‘lish uchun kimyo, biologiya hamda ona tili va adabiyot fanlaridan; matematika fani o‘qituvchisi bo‘lish uchun esa matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi. 

O‘qituvchilik kasbini egallash uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini (xorijiy tillar o‘qituvchisi bo‘lish uchun) tamomlash kerak bo‘ladi. Chunonchi, har bir viloyatdagi davlat universitetlaridan ham o‘qituvchi bo‘lib yetishib chiqish mumkin. 

teachers largeKasb o‘qituvchilari, asosan, oliy o‘quv yurtlarida ishlashadi. Masalan, elektro energetika sohasida o‘qiyotgan talabaga aynan shu soha egasi dars beradi. Bunday o‘qituvchilar o‘zining kelajakdagi yo‘lini tanlab olgan va fundamental bilimlarni o‘zlashtirgan o‘quvchilar bilan ishlashadi. Kasb o‘qituvchisi bo‘lish uchun oliy o‘quv yurtlaridagi kasbiy ta’lim yo‘nalishlarini tugallash lozim. Masalan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining kasbiy ta’lim yo‘nalishini tamomlagan talaba iqtisodiyot, statistika yoki shunga o‘xshash fanlar bo‘yicha ta’lim beradi va ko‘pincha o‘zi o‘qigan oliy  o‘quv yurtida o‘qituvchi bo‘lib qoladi.

Bu kasb egalari qayerlarda ishlay olishadi?

Ishsiz qolish ehtimoli eng kam bo‘lgan kasb egalari – bu o‘qituvchilardir. Chunki bizning xalqimiz juda bolajon hisoblanadi va o‘z farzandlari uchun chin dildan qayg‘uradi. O‘qituvchilar, yuqorida aytib o‘tilganidek, o‘rta maktablarda, kollejlarda, litseylarda va oliy o‘quv yurtlarida ishlaydilar. Shuningdek, bugungi kunda tobora soni ortib borayotgan maxsus o‘quv kurslarida ham ta’lim berishlari mumkin. Unutmaslik lozimki, ushbu soha vakillari uchun eng muhim masala – millat kelajagidir. 

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments