REJALI ISH – KELTIRMAS TASHVISH (3/2010)

Tanaffusdan qanday foydalanish kerak?

 Dars tayyorlashning effektiv usullaridan biri tanaffus bilan dars tayyorlash hisoblanadi. Shu sababli darslar orasidagi tanaffusning qancha vaqt davom etishi va bu oraliqda nimalar bilan mashg’ul bo’lishingiz juda ham muhim. Tanaffus vaqtida jismonan va aqlan toliqishdan saqlanishingiz lozim. Masalan, ochiq havoda sayr qilish sizga juda foydali bo‘ladi. Shuningdek, tanaffus vaqtida yengil ovqatlanib olishingiz, musiqa tinglashingiz ham mumkin. Lekin dars tayyorlashdan sizni tamoman uzib qo‘yadigan tarzda televizor ko‘rish, badiiy asar o‘qish, telefonda gaplashish mashg’ulotlarga qaytadan kirishib ketishingizga to‘siq bo‘ladi. Shu sababli qisqa tanaffuslarda bunday ishlardan saqlanish tavsiya qilinadi. 

Reja tuzishning muhim sharti nima?

Reja tuzishning muhim shartlaridan biri fanlar ketma-ketligini tartiblab chiqish hisoblanadi. Bir turdagi darslarni ketma-ket qo‘ymaslik kerak. Chunki bu usul miyamizni bir maromda ishlashga majbur qiladi va oxir-oqibat zerikishimizga sabab bo‘ladi. Masalan, tarix va adabiyot fanlaridan ketma-ket dars tayyorlagan abituriyentning o‘zlashtirish darajasi ko‘ngildagidek bo‘lmasligi mumkin. 

Reja bilan ish yuritish juda yaxshi, lekin hamma narsa har doim ham o‘ylaganimizdek bo‘lavermaydi. Ba’zan bizni chalg‘itadigan voqealar ham ro’y beradi, natijada tartibimiz buziladi. Bunday hollarda qay bir ishni bajarib, qay bir ishni chala qoldirganimizni aniqlash uchun bitta jadval tuzib olish foydalidir. Bu jadvalga necha sahifa kitob o‘qiganingiz yoki nechta test yechganingizni qayd etib borasiz. Shu orqali siz bajargan ishlaringizni ko‘rishingiz mumkin. Bu sizni kelajakdagi boshqa vazifalarni bajarishga undaydi. Ushbu jadvalni muntazam to’ldirib borish uchun yon daftarchalardan foydalanish ancha qulay va foydali. Chunki bajarilishi lozim bo’lgan ishlarni siz unutib qo‘yishingiz mumkin, lekin qog‘oz hech qachon unutmaydi. 

Rejaga o’zgartirish kiritish foydalimi?

 Reja tuzib, uni amalga oshirishni boshlagan paytingizda turli oqsoqliklar ko‘zga tashlanishi mumkin. Shunda siz bu oqsoqliklarni bartaraf etadigan o‘zgartirishlar qilishingiz lozim. Ya’ni rejani amaliyotga tatbiq eta oladigan shaklga keltirish uchun ba’zi tuzatishlar kiritilishi juda muhim. Chunki reja qat’iy va o’zgarmas shakl olsagina uni to’lig’icha amalga oshirsa bo’ladi. Maqsadga yaqinlashgan sari dars tayyorlash soatlarini orttirishingiz mumkin. Bundan tashqari, ma’lum davrlar (masalan, ta’tillar) uchun alohida dars rejasi tayyorlash tavsiya qilinadi.

Ham maktabda o‘qiydigan, ham kirish imtihoniga tayyorlanayotgan o‘quvchilarning umumiy dardi shu: “Maktab darslari va oliy o‘quv yurtiga tayyorgarlikni birgalikda olib bora olmayapman”. 

Bu kabi gaplarni deyarli barcha o‘quvchidan eshitish mumkin. Ularning aksariyati imtihonda muvaffaqiyatsizlikka uchrashadi. Maqsadiga erishganlar esa ham maktab darslarini, ham tayyorgarlikni birga olib borganlardir. Siz ham vaqtning qisqaligidan shikoyat qilyapsizmi?

La Bruyer: “Hayotning qisqaligidan shikoyat qilganlar – vaqtlarini noto‘g‘ri taqsimlaganlardir,” – deydi. Bir necha ishni birgalikda olib borish uchun, eng avval, vaqt taqsimotini to‘g‘ri belgilash kerak. 

Ishning boshi – boshlanguncha. Dastlab rejani tatbiq qilish sizda qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy. Ammo vaqt o‘tishi bilan rejali harakat hayotingiz asosiga aylanib qoladi. Rejali hayot kechirmasangiz, na bugun, na kelajakda muvaf-faqiyatlarga erisha olasiz. Chunki hech bir muvaffaqiyat tasodifiy bo‘lmaydi.

Siz behuda tashvish va gumonlardan, ikkilanishlardan tezroq voz kechib, bir daqiqa ertaroq bo‘lsa ham reja tuzishga kirishing. Unutmang, boshlash – ishning yarmini bajarish degani!

 

Mahmudjon YUSUFJANOV

0 ta izoh

There are no comments