Rejalashtirishdagi kichik xato (1/2010)

rejaBajarilgan kichik bir ish bajarilmagan minglab buyuk ishlardan yaxshiroq.

P.  Marshal 

Rejalashtirishdagi kichik bir xato qanday natijalarga olib kelishi mumkin? Bu haqda qiziq bir hikoyani keltiramiz. U shu voqeani boshidan o‘tkazgan, kasalxonada davolanayotgan quruvchi tilidan hikoya qilinadi.

– Men devor quruvchi ustaman. Hozirda kasalxonada yotibman. Bunga quyidagi voqea sabab bo’lgan edi.

 Ko‘p qavatli binolardan birida xizmat qilayotgan edik. Oltinchi qavatdagi ishlarimni tugatdim, biroq u yerda ozgina g‘isht ortib qoldi. Vazni taxminan 250 kg bo‘lgan bu g‘ishtlar pastga tushirilishi kerak edi.

Pastga tushib, bo‘sh zambil topdim. Arqonni zambilga bog‘ladim. Oltinchi qavatga chiqib, arqonni chig‘iriqdan o‘tkazdim va uchini pastga tashlab yubordim. Yana pastga tushdim-da arqonni tortib, zambilni oltinchi qavatga ko‘tardim. Yerga qoziq qoqib, unga arqonning ikkinchi uchini bog‘ladim. Yana oltinchi qavatga ko‘tarilib, g‘ishtlarni zambilga yukladim. Shundan so‘ng pastga tushib, bog‘lagan arqonimni yechgan ham edimki…

Havoda uchib yuribman. Nega uchmay axir! Men taxminan 70 kiloman, g‘ishtning esa bittasi 250 kg. Arqonni qo‘yib yuborishga aqlim yetmabdi. Yo‘lda zambilga urildim. O‘ng qovurg‘alarim shu payt singan bo‘lsa kerak. 

Eng yuqori nuqtaga chiqqanda esa barmoqlarim chig‘iriq va arqon orasida qolib ketdi. Barmoqlarim o‘sha paytda singan. Zambil yerga zarb bilan urilgach, uning ichidagi g‘ishtlar maydalanib, chang bo‘lib havoga ko‘tarildi. Endi zambil yengil, men og‘ir edim. Pastga tezlik bilan sho‘ng‘iy boshladim. Yo’l-yo’lakay yana zambil bilan uchrashdik. O‘ng oyog‘im shu paytda singan bo‘lsa kerak. Yerga tushdim, arqon qo‘limdan chiqib ketdi. Ko‘zimni ochib qarasam, zambil menga tomon juda katta tezlikda kelayotgan edi. Boshim shu paytda yorilgan bo‘lsa kerak.

Ko‘zimni ochib qarasam – kasalxonadaman. Xudodan barcha qullarini bunday ko‘rinmas falokatlardan saqlashini tilab yotibman. 

Ko‘rib turganingizdek, devor ustasi oson qutulibdi. Rejalashtirishdagi bitta xatosi juda katta muammolarga sabab bo‘ldi. 250 kgli g‘ishtni olib tushish uchun bunday sistema kerak emas edi. Usta bu sistemada bir necha marta pastga tushib chiqdi. Har safar birozdan g‘isht olib tushsaydi, u yerdagi hamma g‘ishtlarni tashib qo‘yar edi. Lekin usta xato reja tuzib, bu reja bilan boshini baloga suqdi. Xom rejasini noto‘g‘ri tatbiq qilish natijasida halokatning eshigidan qaytib keldi.

Muvaffaqiyatga erishish uchun eng yaxshi rejalar emas, tatbiq qilinishi mumkin bo‘lgan, foydali rejalar kerak bo‘ladi. Devor ustasi kabi hamma ishni to‘plab, birdan qilish yaramaydi.

Rejalashtirish, aslida, ishni taqsimlab, bajarilishi oson bo’lgan holatga keltirishdir. Aks holda, devor ustasini tez-tez eslab turishingiz kerak bo‘ladi. Agar siz “Bir musibat ming nasihatdan yaxshiroq”–desangiz, yana o‘zingiz bilasiz. 

 

Mahmudjon YUSUPJANOV

0 ta izoh

There are no comments