IQTISODCHI - MENEJER (2/2010)

0 grafik investiziiMas’uliyatli ishlarda ishlab, strategik yechimlarni, ulkan loyihalarni ishlab chiqarishni xohlaysizmi? Siz o‘zingizning biznes imperiyangizni qurmoqchimisiz? Bunga birinchi qadam iqtisodchi yoki menejer sohasi bo‘yicha talabalikni qo‘lga kiritish hisoblanadi. Hozirgi kun mehnat bozorida iqtisodchi–menejerlarga talab juda katta. Uning asosiy vazifasi tashkilotga foyda keltirishni ta’minlash bo‘ladi. Bu yerda tashkilot deganda kichik firmadan to katta korporatsiyalargacha bo‘lgan tashkilotlar nazarda tutilgan. 

Foyda keltirish uchun u o‘zining ish joyidagi barcha ikir-chikirlarni bilishi, ish samaradorligini oshirishi, zaxiradagi ortib qolgan tovarlar hisobini olib borishi, talab va takliflarni hisoblashi kerak bo‘ladi. 

Iqtisodchi yoki menejer bo‘lish orzusida yurgan abituriyentlar katta hajmdagi axborotni qabul qilish va tekshirishi, yaxshi xotira, yuqori darajali diqqat- e’tibor, chidamlilik, odamlar bilan muloqotga kirisha olishlik va eng muhimi, odamlarni boshqara olish kabi qobiliyatlarga ega bo‘lishi kerak. 

Iqtisodchilardan nafaqat matematik hisob-kitoblarni yaxshi bilish,  balki sotsiologiya, huquq, statistika kabi sohalardan ham xabardor bo‘lishlik talab qilinadi.

Hozirgi kunda barcha soha vakillari kabi iqtisodchilar uchun ham kompyuterda yaxshi ishlay olish talab darajasiga ko‘tarilgan. Chunki bu sohada yangi kompyuter dasturlari ishlab chiqilmoqda. Butun dunyo bu dasturlar yordamida ishini oson va qisqa vaqtda bitirayotgan bo‘lsa-yu, biz kalkulyator va qog‘ozlar ustida ish olib borsak, to‘g‘ri bo‘lmas. Shu sababli talabalik davrida, albatta, shaxsiy kompyuterdan foydalanishni o‘rganib olishingiz foydali bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, bu soha vakillaridan talab qilinadigan narsalar oz emas, chunki ular boshqaruvchi bo‘lishadi va boshqaruvchilar zimmasiga ko‘p narsadan boxabar bo‘lish yuklatiladi.

Iqtisod sohasi bo‘yicha talaba bo‘lish orzusida yurgan ayrim do‘stlarimiz kirish balli pastroq bo‘lgan ixtiyoriy bir oliy o‘quv yurtiga kirib olsam bo‘ldi, deb hisoblaydilar. Aslida, ular qaysi oliy o‘quv yurtidan kim bo‘lib yetishib chiqishlaridan bexabar bo‘lishadi. Xo‘sh, aslida, texnika, kimyo yo‘nalishiga mo‘ljallangan oliy o‘quv yurtlaridagi iqtisodiyot yoki menejment fakultetlari bilan Iqtisodiyot universitetlaridagi iqtisodiyot yo‘nalishi o‘rtasida farq bormi? Nega har bir oliy o‘quv yurtida menejment yoki iqtisodiyot yo‘nalishi mavjud? 

Ekonomisty imagelargeAgar e’tibor bergan bo‘lsangiz, texnika yoki kimyo yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida yo‘nalish nomi yoniga “sohalar bo‘yicha” deb yozib qo‘yilgan bo‘ladi: Menejment (sohalar bo‘yicha). Bu yerdagi “sohalar bo‘yicha” degan yozuv, aynan, o‘sha oliy o’quv yurtida mavjud sohalarning menejeri yoki iqtisodchisini tayyorlab beradi. Deylik, Arxitektura va qurilish institutining menejment fakultetini bitirgan talaba kelajakda, asosan, qurilishdagi ishchilarni boshqaradi. Qurilayotgan binoning hisob-kitobini, iqtisodiy chiqimini hisoblab chiqadi. Ya’ni u faqatgina qurilish sohasining mutaxassisi bo‘lib yetishadi. Bu esa shaxsning o‘z kelajagini aniqroq qurishiga sabab bo‘ladi. Ya’ni ixtiyoriy bir iqtisodchi emas, balki qurilish sohasining iqtisodchisi bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ladi. 

Iqtisodchi-menejerlarga talab ko‘p bo‘lishi va yaxshi maosh to‘lanishiga qaramay, bu soha vakillariga ish beruvchilar, ko‘pincha, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarga ish berishadi. Yuqori darajali mutaxassis bo‘lish va aniq tashxislarni qo‘yish, foydali maslahatlar bera olish uchun esa mutaxassisdan tajriba talab qilinadi. Lekin bu sizni kelajagingiz sari olg‘a qadam tashlashdan to‘sib qo‘ymasligi kerak. Har bir sohada ham rivojlanish asta-sekinlik bilan amalga oshadi. Ya’ni hozirgi juda kuchli mutaxassislar qachon-dir sizga o‘xshagan abituriyent bo‘lishgan. 

Iqtisodchi-menejer bo‘lib yetishish uchun eng mashhur oliy o‘quv yurtlari Toshkent Moliya instituti, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti va  Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hisoblansa-da, iqtisodiyot va menejer fakultetlari, deyarli, barcha oliy o‘quv yurtlarida mavjud. Ularning farqi haqida esa yuqorida to‘xtaldik. Iqtisodchi yoki menejer bo‘lish orzusida yurgan abituriyentlar matematika, chet tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishlari kerak. 

Jamol HO'JAYEV

 

0 ta izoh

There are no comments